IT Park Uzbekistan Avstriyadagi forumda IT-sohasining eksport salohiyatini taqdim etdi
IT Park Uzbekistan «Oʻzbekiston — Avstriya» biznes-forumida raqamli xizmatlar eksporti imkoniyatlari, soliq imtiyozlari va xorijiy IT-kompaniyalar uchun yaratilgan sharoitlarni taqdim etdi.

IT Park Uzbekistan Avstriyadagi forumda IT-sohasining eksport salohiyatini taqdim etdi
IT Park Uzbekistan «Uzbekiston — Avstriya» biznes-forumida milliy IT-industriyaning eksport imkoniyatlarini namoyish etdi, unda davlat tuzilmalari, investitsiya tashkilotlari va xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri ikki mamlakat oʻrtasidagi texnologik hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan xorijiy IT-kompaniyalarni jalb qilish, raqamli xizmatlar eksportini oshirish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish boʻldi.
Forumda Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Global Neighbours xalqaro tashkiloti, shuningdek, BrainsToVentures, ecotel communication, Tele Columbus va GOODRAM / Wilk Elektronik kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar. Tadbir doirasida sohaviy taqdimotlar hamda B2B va G2B formatlarida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.
IT Park Uzbekistan eksportini rivojlantirish boʻyicha direktori Jahongir Kagirov IT-sohasini rivojlantirishning eksportga yoʻnaltirilgan modelini taqdim etdi va Oʻzbekistonning texnologik va biznes-xizmatlar xalqaro bozoriga integratsiyalashuvi imkoniyatlari haqida soʻzlab berdi.
Taqdimot davomida mamlakatning kadrlar va infratuzilma imkoniyatlari, shuningdek, eksport loyihalari va xorijiy kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlariga toʻxtalib oʻtildi. Forum ishtirokchilariga IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini olish shartlari, rezidentlar uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va Oʻzbekistonda IT-faoliyatini olib borish imkoniyatlari taqdim etildi.
Alohida eʼtibor ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratildi: Avstriya kompaniyalarini Oʻzbekistondagi loyihalarga jalb qilish va mahalliy raqamli yechimlar yetkazib beruvchilarining Yevropa buyurtmachilari bilan hamkorligini kengaytirish.
Forumda ishtirok etishdan maqsad Oʻzbekiston IT-industriyasini Yevropa bozorida ilgari surish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, xalqaro shartnomaviy hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy texnologik sheriklarni jalb qilishdan iborat.

