Isyonkorning oʻlimi. Bundan uch yil avval Yevgeniy Prigojin halok boʻlgandi
2023-yil 23-avgust kuni Putinning Valdaydagi qarorgohidan 50 km uzoqlikda xususiy samolyot qulaydi. Bortdagi oʻn kishining hammasi oʻladi. Halok boʻlganlar orasida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin ham bor edi. Bu halokatdan ikki oy avval sodir boʻlgan boshqa bir shov-shuvli voqeaning mantiqiy yakuni edi.

Isyonchi rahbari Yevgeniy Prigojinning fojiali yakuni: Uch yil avvalgi voqealar
Uch yil muqaddam, Yevgeniy Prigojin hayotdan koʻz yumgan edi. Urush davrida "Putinning oshpazi" nomi bilan tanilgan Prigojin Rossiyada eng mashhur shaxsga aylandi. Uning urush tarafdorlari orasidagi shuhrati har qanday harbiy qoʻmondon, hatto Prezident Putinning ham havasini keltirishi mumkin edi. Axir, Prigojin oʻzining xususiy armiyasi bilan butun bir shaharni egallab olganida, uni koʻchalarda olqishlar bilan kutib olishgan edi. "Vagner" asoschisi bemalol Gerasimov va Shoygu urushni boshqargan shtabga bostirib kirib, generallarga buyruq bergan va bularning barchasini videoga olib namoyish etgan edi.
"Adolat marshi" deb nomlangan bu yurish "Vagner" jangchilari Moskvaga yaqinlashganda toʻxtatildi. Aleksandr Lukashenko vositachiligidagi muzokaralar natijasida Prigojin oʻz armiyasini Belarusga olib chiqishga rozi boʻldi. Ammo, oxir-oqibat, Putinga qarshi koʻtarilgan isyon Prigojin uchun ayanchli yakun topdi va urush davridagi Rossiyaning eng mashhur insoni sirli tarzda gʻoyib boʻldi.
**Halokat tafsilotlari**
2023-yil 23-avgustga oʻtar kechasi, Embraer Legacy 600 xususiy samolyoti Tver viloyati Bologov tumani Kujenkino qishlogʻi yaqinida qulab tushdi. Bortdagi oʻn kishining barchasi halok boʻldi. Halok boʻlganlar orasida "Vagner" asoschisi Yevgeniy Prigojin, harbiy nomi "Vagner" boʻlgan qoʻmondon Dmitriy Utkin (guruh nomi uning chaqiruv nomidan olingan), Prigojinning yordamchisi Valeriy Chkalov, guruhga aloqador Sergey Propustin, Yevgeniy Makaryan, Aleksandr Totmin, Nikolay Matuseyev va uch nafar ekipaj aʼzosi bor edi.
Halokat sodir boʻlganidan soʻng, samolyotda Prigojin boʻlganmi-yoʻqmi degan savol kun tartibiga chiqdi. Rosaviatsiya tadbirkorning samolyotda boʻlganini tasdiqladi. Turli manbalar Prigojin avval ham shu samolyotdan foydalanib kelganini yozib chiqdi. Samolyot Moskvadan Sankt-Peterburgga uchayotgan edi.
**Putinning munosabati**
Prigojinning samolyoti halokatga uchraganidan biroz oʻtib, Putin Kursk jangining 80 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiriga tashrif buyurdi. Marosim jonli efirda uzatildi va Putin Rossiya qahramoni unvonini olgan harbiylarni mukofotladi.
Putin Prigojinning oʻlimi haqida ilk marta halokatdan bir oy oʻtib, Kremllda "DXR" rahbari Denis Pushilin bilan uchrashuv chogʻida gapirdi. U qurbonlar orasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida "ulkan hissa qoʻshgan" xususiy harbiy kompaniya xodimlari ham boʻlganini eʼtirof etib, Prigojin "kerakli natijaga erishadigan, murakkab taqdirli inson boʻlganini" aytdi.
"Prigojinni 90-yillardan beri bilaman. U murakkab taqdirli inson edi, hayotda jiddiy xatolari ham boʻldi. Kerakli natijalarga ham erishdi, umumiy ish uchun ham. U isteʼdodli inson va tadbirkor edi", degandi Putin.
**Samolyot urib tushirilganmi?**
Prigojin oʻlimidan soʻng, u ketayotgan samolyot qanday halokatga uchragani asosiy muhokama mavzusiga aylandi. Guvohlar samolyot havoda portlaganini koʻrgan. "Vagner"ga yaqin boʻlgan Grey Zone Telegram-kanali Prigojinning samolyoti havo hujumidan mudofaa tizimi orqali urib tushirilgan deb yozdi.
Mash Telegram-kanali manbasi esa samolyot qulashidan oldin guvohlar ikki marta kuchli shovqin eshitganini aytdi. Bu samolyotga tashqaridan zarba berilganiga ishora edi. Odatda nishonni urib tushirish uchun unga qarshi ikkita raketa uchiriladi. Halokat joyidan olingan videolarda samolyot qulayotganida bir qanoti yoʻqligini koʻrish mumkin, shuningdek, uning stabilizatori ham ajralib ketgan. Boshqa bir versiyaga koʻra, bortdagi terakt samolyot halokatiga sabab boʻlgan.
Tergovchilar uchuvchining xatosi, texnik nosozlik va tashqi taʼsir kabi barcha ehtimoliy versiyalarni koʻrib chiqayotgani haqida aytadi. FlightRadar maʼlumotiga koʻra, samolyot koʻtarilish vaqtida radarlardan gʻoyib boʻlgan. Pilotlar esa dispetcherlarga noodatiy holat haqida xabar bermagan.
Harbiy ekspert Yuriy Fyodorov samolyotning qulash trayektoriyasi (bu lahzalar guvohlar tomonidan olingan videolarda aks etgan) bortda portlash boʻlganiga mos kelishini aytadi. U samolyotga zenit raketasi bilan zarba berilgani haqidagi versiyaga shubha bildirgan va roliklarda raketa izlari yoʻqligiga eʼtibor qaratgan.
AQSH razvedkasi sunʼiy yoʻldoshlari samolyot qulagan hududga yaqin joyda raketa uchirilganini qayd etmagan. Shuningdek, ular Prigojin oʻtirgan samolyot yer-havo tipidagi raketa bilan urib tushirilgani haqida ham dalillarga ega boʻlmagan. Shundan kelib chiqib, amerikaliklar Prigojin samolyotiga bomba oʻrnatilgan degan xulosaga kelgan.
Amerikalik va yevropalik rasmiy shaxslar The New York Times nashriga anonimlik sharti bilan, ichida Prigojin boʻlgan samolyotni yoʻq qilishga Vladimir Putin buyruq bergani haqidagi fikrini aytgan.
Shuningdek, Prigojinni oʻldirish tashabbusi Sergey Shoygu va Valeriy Gerasimovdan chiqqani haqida ham taxminlar bor. Chunki Prigojin Shoygu va Gerasimovni koʻp marta ommaviy haqoratlab chiqqandi.
WSJ oʻz manbasiga asoslanib, Prigojin Xavfsizlik kengashining oʻsha vaqtdagi bosh kotibi Nikolay Patrushevning shaxsan topshirigʻi boʻyicha oʻldirilganini yozgandi. Gazetaning qayd etishicha, Putin bunga eʼtiroz bildirmagan. Kremldagilar esa bu maqolani "sariq nashr gʻiybati" deb ataydi.
**Bir necha marta "oʻlgan" Prigojin**
Prigojin avval ham ikki marta "halok boʻlgandi". Jumladan, 2019-yil uning Kongoda oʻlgani haqida xabar tarqaladi. Oʻshanda Prigojin oʻtirgan An-27 harbiy yuk samolyoti qulab tushib, tadbirkor halok boʻlgani haqida yozishgandi. Biroq bu xabar oʻz tasdigʻini topmaydi.
Prigojinning oʻlimi haqidagi yana bir xabar 2022-yilda chiqadi. Oʻsha yili avgustda Ukraina qurolli kuchlari "Vagner"ning Luhanskdagi shtabiga raketa zarbasi bergan, juda koʻp guruh jangchilari halok boʻlgandi. Raketa zarbasi berilgan paytda shtabda Prigojin ham boʻlgani, oqibatda u ham vafot etgani aytilgan xabarlar tarqaladi. Biroq koʻp oʻtmay Prigojinning oʻzi bu xabarni rad etib chiqadi. Bu ikki "oʻlim xabari" Prigojinning qiyofadoshlari boʻlgani haqida mish-mishlarni yana koʻpaytirgandi.

