Isteʼfodagi generallar amerikalik harbiyning qatli translyatsiyasini bekor qilishni soʻradi
Isteʼfodagi 72 nafar amerikalik general, admiral va boshqa yuqori martabali harbiylardan iborat guruh AQSH hukumatiga yoʻllangan ochiq xatni eʼlon qilib, unda 2009-yilda Fort-Xud harbiy bazasida 13 nafar safdoshini oʻldirgan harbiy xizmatchi Nidal Hasanning qatl etilishini translyatsiya qilishdan voz kechishga chaqirdi.

Isteʼfodagi generallar amerikalik harbiyning qatlini jonli efirda koʻrsatishni bekor qilishga chaqirdi
2009-yil noyabrida Nidal Hasan Fort-Xud bazasida xizmatdoshlariga qarata oʻt ochgan edi — bu voqea harbiylar koʻrikni kutib turgan tibbiyot markazida yuz bergan. Natijada 13 kishi halok boʻlgan, 30 dan ortiq odam yaralangan. 2013-yilda harbiy tribunal uni oʻlim jazosiga hukm qilgan. Sud jarayoni davomida u advokatlardan voz kechib, oʻz xatti-harakatlarini shu yoʻl bilan Afgʻonistondagi musulmonlar va toliblarni himoya qilishga uringani bilan izohlagan.
Pentagondagilarning bildirishicha, qatl 2026-yil 3-dekabrda amalga oshiriladi va jonli efirda namoyish etiladi. AQSH hududidagi soʻnggi ommaviy qatl 1936-yilda Kentukki shtatida bajarilgan.
Qatl translyatsiyasiga Donald Tramp ruxsat bergan. AQSH prezidenti, shuningdek, qatl usuli sifatida otib oʻldirishni qoʻllab-quvvatlagan — bu Mudofaa vazirligi rahbari Pit Hegset tomonidan taklif qilingan edi. Shu bilan birga, CBS News manbalariga koʻra, endi Tramp maʼmuriyatining ayrim vakillari qatlni translyatsiya qilishdan voz kechishga moyil boʻlib bormoqda. Telekanal maʼlumotiga koʻra, Tramp qatl translyatsiyasini ochiq qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, hali yakuniy qarorga kelmagan.

