Istanbul aeroportida hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
Turkiyaga ishlashga borib, sog‘lig‘i yomonlashgach, ortga qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik 19 yoshli yigit Istanbul aeroportida hushini yo‘qotdi. Vatandoshlar ko‘magida shifoxona xarajatlari to‘lanib, tibbiy yordam ko‘rsatilgach, u o‘zbekistonlik diplomatlar yordamida yurtga qaytarildi.

Istanbul aeroportida hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
Turkiyada salomatligi keskin yomonlashgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi A.S. mamlakatga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, 19 yoshli yigit Turkiyaga mehnat qilish maqsadida borgan. Biroq sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab ishini davom ettira olmagan va O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. Shu maqsadda aviachipta xarid qilib, Istanbul aeroportiga borgan fuqaroning ahvoli to‘satdan og‘irlashib, u yerda hushidan ketgan.
Shundan so‘ng u zudlik bilan shaharning Bashakshehir tumanida joylashgan “Cham va Sakura” shifoxonasiga olib borilgan va shifokorlar nazoratida tibbiy muolajalar olgan. Yigitni davolash jarayonida yuzaga kelgan tibbiy xarajatlarning bir qismi Turkiyada yashovchi va faoliyat yuritayotgan vatandoshlar ko‘magida qoplangan.
Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi xodimlari fuqaroning holatini nazoratga olib, uning O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etgan. Ko‘rilgan choralar natijasida A.S. yurtga jo‘natildi.
Diplomatik vakolatxona, o‘z navbatida, ushbu vaziyatda yordam ko‘rsatgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

