Dunyo

Isroilning Livanga hujumlari oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida 18 yoshli qiz ham bor

Isroilning Livanga uyushtirgan hujumlari oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, ular orasida 18 yoshli qiz ham bor

Isroil qurolli kuchlarining Livanning janubi va sharqiga bergan zarbalari natijasida 4 kishi hayotdan ko‘z yumdi, yana 32 kishi jarohat oldi. Halok bo‘lganlar orasida 18 yoshli qiz ham bor. Isroil armiyasi bu zarbalar “Hizbulloh”ga javob chorasi bo‘lganini bildirdi.

Isroil Mudofaa vazirligi ham hujumlar nishonida tashkilotga aloqador “terrorchilar va infratuzilma”, jumladan qurol-yarog‘ omborlari bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Isroil rasmiylariga ko‘ra, ikki kun avval “Hizbulloh” mamlakat qo‘shinlari joylashgan hududga dron uchirgan, biroq hech kim jarohatlanmagan.

Zarbalar Isroil armiyasi Livan janubidagi Ali al-Tahir strategik tepaligi ustidan operativ nazorat o‘rnatilganini e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay amalga oshirildi. Isroilliklar bu hududda “Hizbulloh” jangchilariga tegishli tunnellar tarmog‘i topilib, zararsizlantirilganini ma’lum qilgan. Livan tomoni esa Isroilning tepalik ustidan nazorat o‘rnatgani haqidagi xabarlarni rasman tasdiqlamadi.

Voqea joyidan xabar berilishicha, Isroil zarbalarida halok bo‘lgan 18 yoshli qiz Maryam Salameh edi. Marhumaning qarindoshi Ali Sulaymon jurnalistga bergan intervyusida oila Isroil bombardimonlari sabab olti oy davomida ko‘chib yurganini, biroq Isroil zarba berishidan bir kun oldin o‘z uylariga qaytganini aytdi.

“Bu yerda qanday nishon bor edi? Bu yerda hammasi tinch aholi edi”, degan u.

Sulaymonning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Maryamga maktabni a’lo baholar bilan tugatgani uchun faxriy yorliq berilgan edi. Ammo bugun uning oilasida yana bir hujjat bor — o‘limni tasdiqlovchi guvohnoma.

“Hizbulloh” Isroil bergan zarbalarni qoraladi. Bu tashkilotning Isroil Ali al-Tahir tepaligini egallagani haqidagi xabarlardan keyingi ilk rasmiy munosabatidir. Biroq bayonotda ushbu tepalik tilga olinmagan.

Zarbalar Isroil tomoni besh nafar livanlik mahbusni ozod qilganidan ko‘p o‘tmay yuz berdi. Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ulardan to‘rt nafarining Livanga qaytarilishiga yordam berdi. Yana bir kishi esa bundan bir kun avval ozod qilingan edi.

“Hizbulloh” mahbuslarning ozod etilishini muhim deb atadi. Biroq bu holat Isroilning “tajovuz va ishg‘ol siyosatini” davom ettirishiga ko‘z yumish uchun bahona bo‘la olmasligini ta’kidladi. Tashkilot, shuningdek, Livan hukumatining Isroil bilan olib borayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarini ham tanqid qildi.

Livan va Isroil o‘rtasidagi vaziyat mart oyidan beri keskinligicha qolmoqda. O‘shanda “Hizbulloh” AQSH va Isroilga qarshi urishayotgan Eronni qo‘llab-quvvatlash uchun Isroilga hujum qilgan edi. Isroil bunga havo hujumlari va quruqlik bosqini bilan javob qaytargan. Livan tomonining ma’lumotiga ko‘ra, mart oyidan beri Isroil hujumlari oqibatida 4 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.