Isroildagi arab partiyalari: ular kim va nega bunçalik köp ovoz oldi?
Saylov kuni arab şaharlaridagi uzun navbatlardan havotirlangan Isroil boş vaziri buni «favqulodda holat», deb atadi. Endi arab partiyalarining 19 ta örni muxolifat bilan birga Netanyahuni hokimiyatdan ketkazişga yetadi, biroq uning asosiy raqiblari bu ovozlarga qöl çözişga şoşilmayapti.

**Isroildagi arab partiyalari: ular kim va nega buncha ko‘p ovoz oldi?**
27-oktabr kuni Isroildagi parlament saylovlarida mamlakatdagi 7,33 million saylovchidan 5,69 milliondan ortig‘i qatnashdi. Umumiy faollik 77,7 foizni tashkil etdi. Markaziy saylov komissiyasining (MSK) dastlabki rasmiy hisobiga ko‘ra, uchastkalarning 98 foizidagi ovozlar sanalganda ikki arab partiyasi — «Ra’am» va «Qo‘shma ro‘yxat» — birgalikda 783 mingdan ortiq ovoz, ya’ni haqiqiy ovozlarning 15,3 foizini olgan.
Bu 120 o‘rinli parlamentda 19 o‘ringa teng. Isroil davlati tarixida arab partiyalari Knessetda hech qachon buncha ko‘p o‘rin olmagandi.
Natija hali yakuniy emas: asosan harbiylar, diplomatlar, mahbuslar va kasalxonadagi bemorlar bergan «ikki konvertli» ovozlar sanalmoqda. Rasmiy natijalar 4-noyabrgacha e’lon qilinishi kerak.
**Nega bu natija tarixiy hisoblanadi?**
Oldingi rekord 2020-yilda to‘rtta arab partiyasi yagona Qo‘shma ro‘yxat bo‘lib qatnashganda olingan 15 o‘rin edi. Shuningdek, 2020-yilgi rekord saylovda Qo‘shma ro‘yxat 581,5 ming ovoz olgandi. Bu safar ikki ro‘yxat 780 mingdan ortiq ovoz to‘pladi.
Bu, ehtimol, Isroil davlati tashkil topganidan beri arab partiyalari olgan eng katta ovozdir.
Xalqaro nashrlar keltirgan dastlabki baholarga ko‘ra, arab fuqarolarining faolligi qariyb 80 foizga yetdi. Isroil demokratiya instituti (IDI) ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2021-yilda 44,6 foiz, 2022-yilda esa 53,2 foiz bo‘lgan. Bu taxminan yarim asrdagi eng yuqori daraja.
Netanyahu bloki 53, sobiq Bosh shtab boshlig‘i Gadi Ayzenkot boshchiligidagi muxolifat bloki 48 o‘rin olmoqda; hech biri 61 o‘rinlik ko‘pchilikka ega emas.
Bu esa qog‘ozda arab partiyalarini hukumat taqdirini hal qiluvchi kuchga aylantiradi.
Shu bois arab partiyalarining natijasi saylovning eng katta kutilmagan voqeasi, deb atalmokda.
**Isroildagi arab ozchiligi: ular kimlar?**
Arab partiyalarining kuchini tushunish uchun avval ular tayanadigan jamiyatning o‘ziga nazar tashlash kerak.

