Isroilda “NAZA” filmi rejissyorlarini fuqarolikdan mahrum etish talab qilindi

Isroilda “NAZA” filmi rejissyorlarini fuqarolikdan mahrum etish talab qilindi
Isroil madaniyat vaziri Miki Zohar Isroil armiyasini tanqid qilgan “NAZA” hujjatli filmi rejissyorlari Reychel Shor va Yuval Abrahamni fuqarolikdan mahrum qilishni talab qildi. Ular Isroil va Buyuk Britaniya fuqarolari hisoblanadi.
“Dunyo bo‘ylab antisemitlarning qarsaklariga erishish uchun o‘z mamlakatiga zarar yetkazishga tayyor bo‘lgan bu rejissyorlarning o‘z-o‘ziga bo‘lgan nafratini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu davlatga nisbatan xiyonatdir”, deb yozdi Zohar 13-sentyabr kuni X platformasida.
U har ikki rejissyorning Isroil fuqaroligini “xiyonat uchun” bekor qilish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rishini aytdi. Dpa agentligining qayd etishicha, Zoharning bu tahdidi amalga oshish-oshmasligi hozircha noma’lum.
Fevral oyida Isroil rasmiylari ilk marta sudlangan ikki jinoyatchini fuqarolikdan mahrum qildi va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. Tegishli qonun terrorchilik hujumlarini sodir etgan va Falastin Milliy ma’muriyatidan moliyaviy yordam olgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri, o‘ta o‘ngchi siyosatchi Itamar Ben-Gvir ham rejissyorlarni keskin tanqid qilib, ularni butun Isroil xalqi uchun uyat deb atadi.
“Ishonchim komilki, sizning do‘stlaringiz — HAMASdagi dushmanlarimiz sizni quchoq ochib kutib oladi!”, deb yozdi u o‘zining X’dagi sahifasida.
12-sentyabr kuni Abraham va Shorning “NAZA” hujjatli filmi 83-Venetsiya xalqaro kinofestivalida hakamlar hay’atining maxsus mukofotini qo‘lga kiritdi. Premyera vaqtida film 25 daqiqa davomida tik turib olqishlandi. Film Yevropa Ittifoqi va AQSHda terrorchi tashkilot deb tan olingan HAMAS harakati tomonidan 2023-yil 7-oktyabrda Isroilga qilingan yirik hujum bilan boshlanadi.
Filmda Isroil harbiylarining urush olib borish usullari tanqid qilinadi. Abraham Isroil razvedkasining 24 nafar ofitseridan intervyu olgan. Ularning ovozlari raqamli ravishda o‘zgartirilgan, yuzlari esa yashirilgan. Ular G‘azo sektorida nishonlar qanday tanlanishi va tinch aholi orasida qancha talafot bo‘lishi maqbul deb hisoblanishi haqida gapirgan.
Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) filmdagi ayblovlarni rad etdi. Armiya filmni shaxsi noma’lum bo‘lgan shaxslarning anonim bayonotlariga asoslangani uchun tanqid qildi.
2023-yil 7-oktyabrda HAMAS harakati Isroilga yirik hujum boshladi. Jangari guruh Isroilga raketa zarbalari berdi, uning hududiga bostirib kirdi va zamonaviy Isroil davlati tarixidagi eng yirik tinch aholi qirg‘inini amalga oshirdi.
Oqibatda taxminan 1200 kishi halok bo‘ldi. Jangarilar, shuningdek, 250 ga yaqin odamni garovga olib, G‘azo sektoriga olib ketdi. Garovga olinganlarning bir qismi keyinchalik almashtirildi yoki ozod qilindi, bir qismi esa halok bo‘ldi.
Bunga javoban Isroil HAMASga qarshi urush e’lon qildi. HAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi quruqlikdagi operatsiya va bombardimonlar davomida 73 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 174 mingdan ortiq kishi yaralangan.

