Isroil Suriyani yana o‘qqa tutdi, Damashq hujumni qoraladi

Isroil 22-avgust kuni Suriyaning janubiy hududlariga zarba berdi va bu harakatni "terrorchi"ni yo‘q qilish operatsiyasi deb atadi. Damashq esa ushbu hujumni qoralab, havo hududining ochiqdan-ochiq buzilganini ta’kidladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Suriya Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, dron Beyt Jinn qishlog‘i yaqinidagi yo‘lda harakatlanayotgan tinch aholi avtomobiliga o‘t ochgan. Natijada fuqarolar jarohatlangan, davlat televideniyesi esa kamida bir kishi jarohat olganini xabar qilgan.
Isroil o‘z hujumini askarlariga bevosita tahdid solayotgan shaxsga qarshi qaratilganini da’vo qildi, biroq qanday qurol va vositalardan foydalanilganiga aniqlik kiritmadi.
Ikki davlat o‘rtasidagi vaziyat 18-avgust kuni Isroilning Abu ad-Duxur aviabazasiga bergan zarbalaridan so‘ng yanada keskinlashdi. Binyamin Netanyaxu idorasi ushbu operatsiya Turkiya harbiylarining bazaga joylashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilganini bildirdi.
Rasmiy Anqara esa o‘z qo‘shinlarini ushbu obyektga yuborish rejalashtirilmaganini ta’kidladi. AQSH prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak aviabazaga hujumni "keraksiz eskalatsiya" deb atadi. Isroilning sobiq mudofaa vaziri Moshe Ya’alon esa hujum sababli Binyamin Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatishga chaqirgan.

