Isroil prezidenti yarador falastinlikni oʻldirgan harbiy xizmatchidan sudlanganlikni olib tashladi

Isroil prezidenti yarador falastinlikni oʻldirgan harbiy xizmatchidan sudlanganlikni olib tashladi
Isroil armiyasi 2016-yilda Xevronda yarador falastinlikni otib o‘ldirgan harbiy xizmatchi Elor Azariyaning sudlanganlik maqomini muddatidan oldin olib tashlashga qarshi chiqdi. Shunga qaramay, Isroil prezidenti Isxak Gersog 19-sentyabr kuni harbiydan sudlanganlikni olib tashladi.
Prezident qarori zudlik bilan kuchga kirdi. Aslida sudlanganlik haqidagi yozuv 2032-yilgacha saqlanishi kerak edi. Azariyaning murojaatini Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir, armiyaning Kadrlar boshqarmasi rahbari va harbiy prokuratura qo‘llab-quvvatlamadi.
Harbiy rahbariyat sudlanganlikni muddatidan oldin bekor qilish favqulodda choraga teng ekanini bildirdi. Azariya hukmdan keyingi 10 yil davomida “o‘z qilmishidan pushaymonlik bildirish va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish”dan tiyilgan.
Gersog esa jinoyat sodir etilganidan beri o‘tgan vaqtni, Azariyaning jazoni o‘tab bo‘lgani, oilaviy holatidagi o‘zgarishlarni va ish topishdagi qiyinchiliklarini inobatga olgan. Prezident devoniga ko‘ra, Azariya o‘z murojaatida yuz bergan voqea oqibatlaridan afsusda ekanini aytgan.
Shu bilan birga, prezident uning qarori harbiy sud xulosalarini bekor qilmasligini va ishni qayta ko‘rib chiqish emasligini alohida qayd etgan. Mudofaa vaziri Isroil Kats esa armiya pozitsiyasiga qarshi chiqib, prezidentga Azariyaning iltimosini qondirishni tavsiya qilgan.
Mazkur qarordan keyin Kats davlat “o‘z askarlarini tashlab qo‘ymasligini” aytgan. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham qarorni olqishlab, agar Azariya xohlasa, unga harbiy xizmatga qaytish imkonini berishga chaqirgan.
Azariya “Kfir” brigadasida sanitar bo‘lib xizmat qilgan. 2016-yil 24-mart kuni ikki falastinlik Xevrondagi Isroil harbiysiga pichoq bilan hujum qilgan. Ulardan biri — Abdul Fattoh ash-Sharif og‘ir yaralanib, zararsizlantirilgan. Taxminan 11 daqiqadan so‘ng Azariya yerda harakatsiz yotgan ash-Sharifning boshiga o‘q uzgan. Harbiy sud Azariyaning “falastinlikning egnida portlovchi qurilma bo‘lishi mumkinligidan qo‘rqdim” degan da’vosini rad etib, 2017-yilda uni oʻlimda aybdor deb topgan va 18 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Keyinchalik Bosh shtab boshlig‘i Gadi Ayzenkot jazoni 14 oyga qisqartirgan, aslida Azariya 9 oyni qamoqda o‘tkazgan.
Isroil prezidentining afvi AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati tomonidan Azariyaga nisbatan 2024-yilda joriy etilgan sanksiyalarni, jumladan, u va uning yaqin oila a’zolari uchun AQSHga kirishni taqiqlashni bekor qilmaydi.

