Ispaniyada uy-joy islohoti muvaffaqiyatsizlikka uchragach, parlament tarqatib yuborildi
Soʻnggi kunlarda butun mamlakat boʻylab yuqori ijara narxlariga qarshi namoyishlar boʻlib oʻtayotgandi. Barchasi Madridda 87 yoshli ayolni uydan chiqarib yuborishga urinishdan keyin boshlangan.

Ispaniyada uy-joy islohoti muvaffaqiyatsiz tugagach, parlament tarqatib yuborildi
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches parlamentni tarqatib yuborib, navbatdan tashqari saylovlar oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Oʻtgan hafta uning hukumati uy-joy inqiroziga qarshi choralar yuzasidan ovoz berishda magʻlubiyatga uchragan edi. Soʻnggi bir hafta ichida aynan shu inqiroz mamlakat siyosiy hayotining bosh mavzusiga aylandi.
Oʻng qanot partiyalar hukumatning qimmat uy-joylarga qarshi choralarini toʻsib qoʻydi.
Parlamentda 2-oktabr kuni boʻlib oʻtgan ovoz berishda hukumatning ijarachilarni himoya qilishga qaratilgan ikkita favqulodda dekreti ko‘rib chiqildi. Unda 2030-yilgacha koʻchirishlarga moratoriy joriy etish, shuningdek, uy-joylarni qisqa muddatli ijaraga berish hamda xonalarni alohida ijaraga berishga cheklovlar kiritish taklif qilingan edi. Konservativ Xalq partiyasi, ultraoʻng Vox va katalonlarning Junts partiyasi bunga qarshi chiqdi. Xalq partiyasi oʻz pozitsiyasini izohlab, uy-joy bilan taʼminlash muammosini cheklovlar orqali emas, balki yangi qurilishlar hisobiga hal qilish kerakligini taʼkidladi.
Parlamentdagi ovoz berish mamlakat boʻylab 87 yoshli Marikarmen Abaskalni himoya qilish uchun oʻtkazilgan namoyishlardan soʻng boʻlib oʻtdi.
Bu ayol oʻz kvartirasini qariyb 70 yil avval ijaraga olgan edi. 2018-yilda uning kvartirasi joylashgan koʻchmas mulkni Urbagestión nomli investitsiya kompaniyasi sotib oldi va ijara narxini bir necha baravarga oshirdi. Bu summa ijarachining pensiyasidan ham yuqori edi, shunga qaramay u eski narxda — 500 yevro toʻlashda davom etdi. Kompaniya uni uch marta kvartiradan chiqarishga urindi, biroq sud bu qarorni toʻxtatdi. Toʻrtinchi urinishda esa ayol zambilga solingan holda uydan kuch bilan olib chiqildi va shundan keyin u shifoxonaga tushdi. Keksa ayolning kvartirasidan majburan chiqarib yuborilayotgani aks etgan kadrlar jamoatchilikda katta rezonans uygʻotdi. Madridda boshlangan namoyishlardan keyin unga shu kvartirada yashashda davom etishga ruxsat berildi.
Biroq vaziyat shu bilan tinchimadi: yuqori ijara narxlariga qarshi aksiyalar boshqa shaharlarga ham yoyilib, soʻnggi paytlardagi eng yirik norozilik namoyishlariga aylandi.
3-oktabr kuni 50 ga yaqin shaharda namoyishlar boʻlib oʻtdi va tashkilotchilarga koʻra, ularda qariyb 500 ming kishi qatnashdi. Faqat Madridning oʻzida 70 ming kishi ko‘chalarga chiqdi.

