Islom Maxachevning keyingi raqibi kim bo‘lishi mumkin? Murabbiyi javob berdi

Islom Maxachevning navbatdagi raqibi kim bo‘lishi mumkinligi haqida uning murabbiyi Xavyer Mendes o‘z fikrlarini bildirdi. UFC’ning yarim o‘rta vazn toifasi chempioni Maxachevning keyingi jangi uchun eng real nomzod braziliyalik Karlos Prates ekanligini ta’kidladi. Bu haqda murabbiy Submission Radio YouTube kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Menimcha, Islomning keyingi raqibi braziliyalik Karlos Prates bo‘ladi. Chunki Shavkat Rahmonov hali jarohatidan to‘liq tuzalmagan. Shu sababli, Maykl Morales yoki Karlos Prates kabi nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. UFC’dagi hozirgi vaziyat va so‘nggi muhokamalarni hisobga olsak, ular Prates variantini tanlashadi, deb o‘ylayman. Lekin yopiq eshiklar ortida nimalar bo‘layotganini hech qachon aniq bilib bo‘lmaydi”, – dedi amerikalik mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, Islom Maxachev 16-avgust kuni AQSHning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tgan UFC 330 turnirining asosiy jangida Yan Machado Garrinini hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lub etib, yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini muvaffaqiyatli himoya qilgan edi. Ushbu g‘alaba bilan dog‘istonlik sportchi UFC tarixida ketma-ket 17 ta g‘alaba qozongan birinchi jangchiga aylandi.
Jangdan so‘nggi matbuot anjumanida Maxachev yil oxiriga qadar yana bir jang o‘tkazish istagini bildirgan edi.

