“Islom Karimov bu juda katta xato bo‘lganini tan olgan” — Askar Akayev Asakadagi avtomobil zavodining ochilishi haqida

“Islom Karimov bu juda katta xato bo‘lganini tan olgan” — Askar Akayev Asakadagi avtomobil zavodining ochilishi haqida
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Askar Akayev O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Andijonda avtomobil ishlab chiqarish zavodini ochish katta xato bo‘lganini tan olgani haqida so‘zlab berdi. Bu haqda u YouTube’dagi ExclusiveKG kanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Suhbatda Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi avval zavodini Qirg‘izistonda ochmoqchi bo‘lgani, biroq mahalliy amaldorlar pora talab qilgani sabab ular O‘zbekistonga o‘tib ketgani haqida gap boradi. Askar Akayev bu gaplarda haqiqat borligini, ammo ayrim joylari yolg‘on ekanini bildirdi.
“Mening o‘zim yaxshilab o‘rgandim. Menimcha, bunday ishlab chiqarishning Qirg‘izistonga ham O‘zbekistonga ham keragi yo‘q. Misol uchun, o‘sha [zavod — tahr.] ish boshlaganidan keyin Islom aka bilan shuni muhokama qilganman. ‘Shundan foyda topdingizmi?’ deganimda, Islom aka ‘Bu juda katta xato bo‘ldi’ , dedi. Sababi qirg‘iz, qozoq, o‘zbeklar bu kabi korxonalarga moslashmagan. U yerda kam oylikka terga botgunga qadar ishlash kerak…”, deya eslaydi Qirg‘iziston sobiq prezidenti.
Shu bilan birga, Akayev qirg‘iz xalqi bunday ishlab chiqarish korxonalarida ishlay olmasligini ham ta’kidladi.
Biz qirg‘izlar ulug‘ elmiz, “Manas”ni yaratgan elmiz, albatta, Chingiz Aytmatovni yaratgan elmiz. Men ham qirg‘izman, shunga qaramay haqiqatni aytadigan bo‘lsam — yalqov elmiz. Holdan toyguncha ishlashni yomon ko‘ramiz. Bundan uyalmaslik kerak — bu ko‘chmanchi xalqlarning o‘ziga xosligi. Siz bunday ishlab chiqarishlarda kuniga robotdek 10 soat ishlay olasizmi?! Shuni xohlarmidingiz? Men prezident sifatida qirg‘izlarim u yerda o‘n soatlab qanday ishlaydi, deb o‘yladim. Keyin “yo‘q” degan qarorga keldim. Nafaqat amaldorlar, balki shaxsan mening o‘zim ham qarshi bo‘lganman”, deydi Akayev.
Daewoo haqida
Daewoo Corporation — Janubiy Koreyaning yirik sanoat kompaniyalari guruhi bo‘lib, dunyodagi eng yirik korporatsiyalardan biri edi. 1992-yilda O‘zbekiston hukumati va Daewoo o‘rtasida “O‘zDEUavto” qo‘shma korxonasini tuzish bo‘yicha bitim imzolanadi va 1996-yil martiga kelib zavod ishga tushiriladi. O‘sha yildan Asakadagi zavodda Damas, Tico va Nexia ishlab chiqarila boshlanadi.
2000-yillar boshidagi inqirozdan so‘ng Daewoo Motor’ning asosiy aktivlarini General Motors sotib oladi. O‘zbekistondagi korxonada esa 2005-yilda “O‘zavtosanoat” Daewoo’ning ulushini sotib olib, korxona ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng O‘zbekiston hukumati va GM Daewoo Auto & Technology strategik hamkorlik bitimini tuzadi. 2008-yilda korxona qayta tashkil etilib GM Uzbekistan nomini oladi va Chevrolet modellari ishlab chiqarilishi kengaytiriladi.
2017-yilda “O‘zavtosanoat” General Motors’ga tegishli 49 foizlik ulushni sotib oladi. Shu bilan ishlab chiqaruvchi korxona yana to‘liq O‘zbekiston tomoni nazoratiga o‘tadi. Biroq GM bilan texnologiya va Chevrolet brendi bo‘yicha alyans saqlanib qoladi. 2019-yil 1-iyuldan beri GM Uzbekistan UzAutoMotors nomi ostida Chevrolet modellarini ishlab chiqarib kelmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda Asakadagi General Motors avtomobil zavodi faoliyati haqida gapirgan edi. O‘shanda davlat rahbari avtomobil zavodi avval 35 foiz zarar bilan ishlaganini, xarajatlarning 35-40 foizi davlat hisobidan qoplanganini ta’kidlagan.
“Biror marta mahsulotini foyda bilan ishlab chiqarmagan. Agar hozirgidek raqobat bo‘lib, zavodni keng okeanga qo‘yib yuborganimizda mashina soni ko‘payar, ham arzon, ham raqobatbardosh bo‘lardi”, degandi prezident.
Shavkat Mirziyoyev bu zavod uchun barcha imkoniyatlar, jumladan, soliq imtiyozlari yaratilganiga qaramay, u hech qachon O‘zbekiston xalqiga foyda keltirmaganini afsus bilan aytgan.
“Eksportga yuborgan mashinamizni ichki bozorga nisbatan 30-40 foiz arzonroq qilib sotar edik. Chegaradan o‘tkazib qo‘yar edik-da, eksport qilyapmiz deb, g‘o‘ddayar edik. U eksport emas, balo edi”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning aytishicha, endi raqobat muhiti shakllangani sabab zavod o‘z faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi. “Andijon mashina zavodi 3-4 yildan keyin bizga kerak ham emas. Nimaga desangiz, mana Toshkent viloyatida, Namanganda ochilyapti, Jizzaxda hech kim tasavvur qilmagan 2-3 ta zavod ochyapmiz. Shuning uchun biz Andijon zavodini ko‘rsatganimizda ham faqat rasmini ko‘rsatar edik, binosi chiroyli edi. Ichi (ishlab chiqarishi nazarda tutilmoqda — tahr.), iqtisodiyoti ma’qul emas edi”, — degan edi davlat rahbari.
Hozirda UzAutoMotors AJni sotishga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot kotibi Elmira Bekmurodova “Daryo”ga ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, bu avval tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayonga xalqaro konsultantlar jalb qilingan. Ayni paytda Due Diligence kompaniyasi konsultantlari zarur hujjatlar va materiallarni yig‘ish hamda tayyorlash ishlarini davom ettirmoqda.
Konsultantlar tomonidan tegishli xulosa va takliflar taqdim etilgach, sotuv jarayonini boshlash to‘g‘risidagi ma’lumot rasmiy ravishda e’lon qilinadi. Aktivni sotish jarayoni xalqaro savdolar o‘tkazish orqali, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Prezidentning o‘tgan yilgi qaroriga ko‘ra, hukumat UzAutoMotors (99,7 foiz) va UzAutoMotors Powertrain (100 foiz) kompaniyalarini 2025-yil oxiri va 2026-yil boshida xususiylashtirishni rejalashtirgan edi.

