Dunyo

Islandiyani AQSH bayrogʻi ostida ko‘rsatgan Tramp xaritasi sabab Amerika elchisi TIVga chaqirtirildi

Islandiyani AQSH bayrog‘i ostida aks ettirgan Tramp xaritasi ortidan Amerika elchisi TIVga chaqirtirildi

Islandiya 8-sentyabr kuni AQSH elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi. Bunga Amerika prezidenti Donald Trampning ijtimoiy tarmoqda joylashtirgan surati sabab bo‘ldi. Unda Islandiya va boshqa davlatlar AQSH bayrog‘i ranglarida tasvirlangan edi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Tramp e’lon qilgan xaritada AQSH, Kanada, Grenlandiya, Islandiya, Meksika, Markaziy Amerika va Karib dengizi havzasi Amerika bayrog‘i ostida ko‘rsatilgan. Butun quruqlik “Amerika Qo‘shma Shtatlari” deb nomlangan. AQSH prezidenti suratni Truth Social’dagi sahifasiga hech qanday izohsiz joylashtirgan.

RUV nashriga ko‘ra, Islandiya tashqi ishlar vaziri Torgerdur Gunnarsdottir AQSHning ushbu mamlakatdagi elchisi Billi Longni chaqirtirgan. U o‘z lavozimiga avgust oyida rasman kirishgan edi.

“Bu post mutlaqo nomaqbul ekani haqidagi pozitsiya aniq yetkazildi”, deya xabar bergan Islandiya Tashqi ishlar vazirligi teleradiokompaniyaga.

AQSH Davlat departamenti, Vashingtonning Kopengagen va Reykyavikdagi elchixonalari hamda Nuukdagi konsulligi izoh so‘rovlariga javob bermadi. Islandiya Tashqi ishlar vazirligi ham qo‘shimcha izoh bildirmadi.

Tramp so‘nggi paytlarda Daniyaning muxtor hududi bo‘lgan Grenlandiyani AQSH egallashi kerakligini bir necha bor aytib kelmoqda. Bu Vashington va Kopengagen o‘rtasida hamda butun Yevropa bo‘ylab keskinlikni kuchaytirdi. Ikkala davlat ham NATO asoschilaridan hisoblanadi.

Avgust oyida Islandiyada Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlash masalasida referendum o‘tkazildi. Unda aholi muzokaralarga qarshi ovoz berdi. Bu jarayonda Trampning Grenlandiya haqidagi rejalari ham muhokama qilingan edi.

Muzokaralar tarafdorlarining ayrimlari AQSHga ishonmagani sababli Yevropa Ittifoqi bilan yaqinroq munosabatlarni taklif qilgan. Biroq tahlilchilarga ko‘ra, ovoz berish natijasiga asosan ichki iqtisodiy xavotirlar ta’sir ko‘rsatgan.

Tramp yuqoridagi postni Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning Grenlandiyaga tashrifidan bir necha soat o‘tib e’lon qildi. Tashrif chog‘ida Yevropa Komissiyasi Grenlandiyaga 200 million yevro (232,5 million dollar) investitsiya kiritishini bildirgan edi.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Nuuk shahrida Ritzau axborot agentligiga bergan intervyusida Grenlandiya xalqi va hukumatining pozitsiyasi o‘zgarmasligini aytdi.

“Grenlandiya hukumati va xalqi amerikalik bo‘lishni xohlamasligini qayta-qayta ta’kidlagan. Umid qilamanki, bu borada AQSHda ham, dunyoning boshqa joylarida ham hech kimda shubha qolmagan”, dedi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.