Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan ajratish rejalashtirilmoqda
Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi. Shu haqdagi prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan berish rejalashtirilmoqda
Loyihaga koʻra, 2026/2027-yilgi isitish mavsumida, jumladan, joriy yilning noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln soʻmdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Ushbu mablagʻ 2026-yil 30-noyabrga qadar fuqarolarning ijtimoiy karta yoki bank kartasiga oʻtkaziladi.
Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga beriladi. Shuningdek, reyestrga kirmagan, biroq «mahalla yettiligi» xulosasi va idoralar axborot tizimlaridagi maʼlumotlar asosida mezonga mos keladigan, oiladagi jon boshiga daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining (MIX) 2 baravaridan oshmaydigan oilalar ham qamrab olinadi. Yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar reyestridagi fuqarolar hamda yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yashayotgan oilalar ham yordam oladi.
Gazlashmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin hududlarda isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy meyori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatgacha oshiriladi.
Markazlashgan isitish tizimiga ulangan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun daromad mezoni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda MIX 2 baravari, Toshkent shahrida esa 3 baravari etib belgilanmoqda.
Qoʻshimcha roʻyxatni shakllantirishda birinchi navbatda boquvchisini yoʻqotgan oilalar, I yoki II guruh nogironligi boʻlgan aʼzolari bor oilalar, nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishga muhtoj shaxslar yashovchi oilalar inobatga olinadi. Bunday roʻyxatdagi oilalar soni tegishli tuman (shahar) boʻyicha Reyestrdagi oilalar sonining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz boʻyicha kompensatsiya, koʻmir uchun yordam hamda «Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasi orqali beriladigan yordam olish uchun daromad mezonini MIX 2 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda. Elektr va tabiiy gaz boʻyicha kompensatsiya muddati 2028-yil 1-aprelgacha, koʻmir uchun yordam muddati esa 2029-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasiga koʻra, 2026-yil 1-noyabrdan aholiga koʻrsatiladigan markazlashgan isitish va issiq suv xizmatlari uchun yangi tariflar joriy etilishi kutilmoqda. Issiqlik taʼminoti xizmatlari tariflarini 2030-yilga qadar bosqichma-bosqich tannarx darajasiga yetkazish koʻzda tutilgan.
Tariflarni oʻzgartirish bilan birga, sohada xarajatlarni qisqartirish va xizmat sifatini oshirishga qaratilgan choralar ham belgilanmoqda. Jumladan, bir oy muddatda issiqlik energiyasi tannarxini 15 foizgacha kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi, korxonalar 2026-yil yakuniga qadar «Billing» dasturi bilan qamrab olinadi.

