Mahalliy

“Ishni pul bilan ham hal qila olmayapmiz”. Toshkentda YPXdan qochgan raqamsiz Malibu-2 haydovchisi ushlandi

"Pul bilan ham ishni hal qila olmayapmiz". Toshkentda YPXdan qochgan raqamsiz Malibu-2 haydovchisi qo'lga olindi.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent halqa avtomobil yo‘lida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan qoidabuzar haydovchining avtomashinasi jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab Uchqahramon hududidan Hasanboy hududi tomon harakatlanayotgan davlat raqam belgisisiz Malibu-2 avtomashinasi diqqatni tortgan. Uning old yon oynalari noqonuniy qoraytirilgani va orqa qismiga qo‘shimcha antenna o‘rnatilgani aniqlangan. Xodimlar to‘xtash ishorasini berganida, haydovchi qonuniy talabga bo‘ysunmasdan, avtomobilni keskin ortga burib, qochishda davom etgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida transport vositasi ushlangan. Holat yuzasidan avtomashina haydovchisiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomobil vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

E’tiborli jihati, mazkur holat videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, o‘zini qoidabuzar haydovchining otasi deb tanishtirgan shaxs videoni o‘z sahifasiga joylashtirgan foydalanuvchilardan biriga aloqaga chiqib, uni o‘chirib tashlashni talab qilgan. Tarmoqlarda e’lon qilingan audioyozuvda erkak "ishni pul bilan ham hal qila olmayotganini", o‘g‘lini haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishmoqchiligini aytib, videoni o‘chirishni so‘ragan. Rad javobini olgach esa tarmoq foydalanuvchisini turli so‘zlar bilan qarg‘ab, uning manziliga borish bilan tahdid qilgan va bosim o‘tkazgan.

Avvalroq Toshkentda ijaraga mashina olib, xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli yigit ushlangan edi. Boshqa bir vaziyatda esa Samarqandda qishloq ichida soatiga 130 km tezlikda harakatlangan Cobalt haydovchisi jazolangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.