Mahalliy

Ishdagi baxtsiz hodisalar sabab yetti oyda 156 kishi vafot etdi

Yetti oy ichida ish joylaridagi baxtsiz hodisalar tufayli 156 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki yetti oyida mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni 529 taga yetdi.

Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hodisalarning 24 tasi guruh bo‘lib ishlovchilar faoliyatida qayd etilgan. 372 ta holat og‘ir oqibatli bo‘lgan, 132 ta baxtsiz hodisa esa o‘lim bilan yakunlangan. Ish joylaridagi baxtsiz hodisalar natijasida jami 580 kishi jabrlangan. Ulardan 156 nafari halok bo‘lgan, 402 kishi og‘ir tan jarohatlari, 22 kishi esa yengil tan jarohatlari olgan.

Eng ko‘p baxtsiz hodisalar sanoat sohasida kuzatilgan – 168 ta. Qurilish sohasida 159 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Sog‘liqni saqlash sohasida 16 ta, ta’lim sohasida 14 ta, davlat boshqaruvida esa 8 ta shunday holat qayd etilgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p baxtsiz hodisalar Toshkent shahrida (95 ta) va Toshkent viloyatida (58 ta) sodir bo‘lgan. Qashqadaryo viloyatida 38 ta, Buxoroda 34 ta, Andijon va Samarqandda esa 33 tadan shunday hodisa qayd etilgan.

Baxtsiz hodisalar natijasida jabrlanganlarga 11 milliard 379 million so‘m miqdorida bir yo‘la beriladigan va oylik zarar pullari undirib berilgan.

Ishdagi baxtsiz hodisa – bu xodim mehnat vazifasini bajarayotganda uning sog‘lig‘iga zarar yetishi bilan bog‘liq hodisadir. Bu faqat korxona hududida sodir bo‘lishi shart emas. Masalan, xizmat safari vaqtida yoki ish beruvchining topshirig‘ini bajarish jarayonida sodir bo‘lgan ayrim jarohatlanishlar ham ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa sifatida tekshirilishi mumkin.

2026-yilning birinchi yarmida ish joylarida baxtsiz hodisalar soni 447 tani tashkil etgan edi. Bir oy ichida bu ko‘rsatkich 82 taga ortgan.