«Ish yakunga qarab bormoqda». Putin Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni tiklashga tayyor
Ammo Kremldagilar Yevropa Ittifoqi va Ukrainaning yangi taklifida «foydali narsalar unchalik koʻp emas» deb hisoblamoqda.

«Ish yakunga qarab bormoqda». Putin Ukraina bilan uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga tayyor
Kreml noyabr oyida Rossiya – AQSH – Ukraina formatidagi uch tomonlama muzokaralarni yana yoʻlga qoʻyishga tayyor. Bu haqda RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putin va Stiv Uitkoff oʻrtasida 21-oktabr kuni Peterburgda boʻlib oʻtgan uchrashuvdan keyin maʼlum qildi.
«Prezident Stiv Uitkoffga yuqorida tilga olingan uch tomonlama muzokaralarni noyabr oyining oʻninchi kunlarida, asosiy mavzu boʻyicha qaytadan boshlashga tayyor ekanimizni maʼlum qildi. Bu mavzu mojaro tugaganidan keyin Rossiya va Ukraina uchun xavfsizlik tizimini yaratish bilan bogʻliq», – dedi Ushakov jurnalistlarga.
Uning aytishicha, Uitkoff uchrashuvda bu taklifni qoʻllab-quvvatlagan va «bunday qaror prezident Tramp tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshilanishiga shubha yoʻqligi»ni bildirgan. AQSH prezidenti elchisining oʻzi esa hozircha Peterburgdagi uchrashuv yakunlari haqida izoh bermadi.
Shu bilan birga, Ushakovning soʻzlariga koʻra, Uitkoff Putin bilan uchrashuvda Yevropa Ittifoqi va Kiyevning «yangi yondashuvlari» haqida gapirgan, biroq «ularda Ukraina inqirozini hal qilish nuqtayi nazaridan foydali narsalar unchalik koʻp boʻlmagani»ni qoʻshimcha qilgan.
«Bilmadim, biz qanchalik yaqinmiz, ammo ish shunga qarab bormoqda», – dedi Rossiya prezidenti yordamchisi «Vesti» muxbirining mojaroni yakunlash istiqbollari haqidagi savoliga javoban.
U, shuningdek, Rossiya, AQSH va Ukraina vakillarining navbatdagi uch tomonlama uchrashuvi Abu-Dabida oʻtishi mumkinligini aytdi.
«Biz Abu-Dabini moʻljallayapmiz. Noyabrning oʻrtalarida, noyabrning oʻninchi kunlariga kelishilgan», – dedi u.
Bundan tashqari, Ushakov Vladimir Putin, Donald Tramp va Si Jinping oʻrtasida APEC sammiti doirasida uch tomonlama uchrashuv boʻlishi mumkinligi haqidagi savolga munosabat bildirib, buni tarixiy voqea deb atadi.
Ushakovning aytishicha, Moskva sentabr oyida, Davlat dumasiga saylovlardan soʻng darhol uch tomonlama muzokaralarni qayta tiklashni rejalashtirgandi, biroq Kiyevning aybi bilan bu amalga oshmagan — «ovoz berish kunlarida Moskva va boshqa shaharlar, jumladan, saylov uchastkalariga juda katta zarbalar» berilgani sababli.
Kiyev hozircha Kremlning taklifiga munosabat bildirmadi.
Putin va Uitkoffning uchrashuvi Strelna posyolkasidagi Konstantin saroyida, yopiq eshiklar ortida boʻlib oʻtdi. Unda Rossiya prezidentining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiyaviy-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham qatnashdi. U chorshanba kuni ertalab Uitkoffni Pulkovo aeroportida kutib oldi va uchrashuvdan soʻng uni kuzatib qoʻydi.

