Ish joyidagi baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan mehnat faoliyatidagi baxtsiz hodisalarni xabar qilish, tekshirish va hisobga olishning yangi tartibi

Ish joyidagi baxtsiz hodisalarni tekshirish tartibi belgilandi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-sentyabrdagi 505-son qarori bilan mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar haqida xabar berish, ularni tekshirish hamda hisobga olish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda ish beruvchi jabrlanuvchiga darhol shifokordan oldingi birinchi yordamni ko‘rsatishi, zarurat tug‘ilganda esa uni tibbiy muassasaga olib borishi lozim.
Shuningdek, ish beruvchi tegishli organ va tashkilotlarni, jabrlanuvchining yaqinlarini xabardor qilishi kerak. Baxtsiz hodisa yuz bergani haqida jabrlanuvchi yoki guvoh zudlik bilan bo‘linma, ya’ni sex rahbariga xabar berishi shart.
Sex rahbari birinchi yordam ko‘rsatadi va jabrlanuvchini tibbiy-sanitariya qismiga yoki boshqa tibbiyot muassasasiga yetkazishni tashkil etadi.
Bundan tashqari, maxsus tekshiruv komissiyasi ish boshlaguniga qadar ish joyidagi vaziyat va jihozlar holati hodisa paytidagi ko‘rinishda saqlab qolinishi shart.
Sex rahbari baxtsiz hodisa haqida ish beruvchiga hamda kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga darhol xabar berishi kerak.
Guruhli baxtsiz hodisalar, ya’ni bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq xodim bilan yuz bergan holatlar maxsus tekshiriladi. Bunda jabrlanganlarning salomatligiga yetkazilgan zarar og‘irligidan qat’i nazar tekshiruv o‘tkaziladi.
Oqibati o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir bo‘lgan baxtsiz hodisalar ham maxsus tekshiruvdan o‘tkaziladi. O‘lim bilan yakunlangan hodisalarga ham shu tartib tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, tabiiy o‘lim, o‘zini o‘zi o‘ldirish, jabrlanuvchining o‘z salomatligiga qasddan shikast yetkazishi, shuningdek, jinoyat sodir etish vaqtida olingan jarohatlar tekshirilmaydi va hisobga olinmaydi.

