Ish joyida tazyiq bo‘yicha murojaatlar elektron portal orqali ko‘rib chiqiladi
2027-yildan davlat organlarida tazyiq va zo‘ravonlik bo‘yicha murojaatlar maxsus portal orqali qabul qilinadi. Shuningdek, avtomatik

Ish joyidagi tazyiq haqidagi murojaatlar elektron portal orqali ko‘rib chiqiladi
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-sentyabrdagi 518-son qarori bilan davlat organlari va tashkilotlarida mehnat sohasida xavfsiz hamda hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash tartibi belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2027-yil 1-yanvarga qadar «Xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhiti» axborot portali ishga tushiriladi. U mehnat sohasidagi tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilishning asosiy kanali bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlarida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari xavfini davriy baholash hamda tashkiliy muhitni tahlil qilish yiliga kamida bir marta amalga oshiriladi.
Portaldagi murojaat avtomatik tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va unga takrorlanmaydigan raqam beriladi. Murojaatni ochiq, maxfiy yoki anonim shaklda yuborish mumkin.
Portal orqali yuborilmagan murojaat mas’ul xodim tomonidan bir ish kuni ichida tizimga kiritilishi lozim. Murojaat bo‘yicha tekshiruv 15 kun ichida yakunlanadi.
Zarurat tug‘ilganda tekshiruv muddati bir marta 30 kungacha uzaytirilishi mumkin. Murojaatchi, jabrlangan shaxs yoki ustidan murojaat berilgan shaxs huquqiy ta’sir chorasi haqida xabar olgan kundan boshlab 30 ish kuni ichida portal orqali shikoyat berishi mumkin.
Ustidan murojaat berilgan shaxsga murojaat ko‘rib chiqilayotgan davrda vaqtincha cheklov choralari qo‘llanishi mumkin. Ular muloqotni, jumladan, mehnat munosabatlarini cheklash, boshqaruv vakolatlarini vaqtincha to‘xtatish yoki lavozim majburiyatlarini qisman yoki to‘liq bajarishdan chetlashtirishni o‘z ichiga oladi.
Bevosita tahdid mavjud bo‘lsa, vaqtincha himoya choralari bir ish kuni ichida, boshqa hollarda esa xavf aniqlangan kundan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay qo‘llanadi.

