Iroqda bir necha yil ushlab turilgan avstraliyalik uyiga qaytmoqda
Injener Robert Peter BMT uning hibsga olinishini noqonuniy deb aytganiga qaramay, 2021 yilda firibgarlik ayblovlari bilan qamalgan edi.

Avstraliyalik muhandis Robert Peter hibsga olinganidan va BMT tomonidan oʻzboshimchalik bilan hibsda ushlab turish deb taʼriflangan holatdan besh yil oʻtib Iroqni tark etdi.
51 yoshli erkak 2021 yilda oʻzi ishlagan konsalting kompaniyasi va Iroq Markaziy banki oʻrtasidagi shartnomaviy nizodan soʻng hamkasbi bilan birga firibgarlik ayblovi boʻyicha aybdor deb topilgan edi.
BMT Peterning hibsga olinishi noqonuniy boʻlganini bildirdi, xalqaro sud esa tijorat nizosida uning ish beruvchisi aybdor emasligini aniqladi.
Doʻshanba kuni Avstraliya hukumati Peter oilasi uning qamoqxonada vafot etishidan xavotirda boʻlganidan soʻng, Irlandiyadagi uyida yaqinlari bilan koʻrishish uchun yoʻlga chiqqanini maʼlum qildi.
Tashqi ishlar vaziri Penni Vong bu natija Avstraliya va Irlandiya rasmiylarining "koʻp yillik qatʼiy himoya harakatlari"dan soʻng yuz berganini aytdi.
"Men janob Peter bilan Bagʻdoddan joʻnab ketishidan sal oldin gaplashdim va u endi oʻz hayotini davom ettirish uchun ozod boʻlganidan xursandman", dedi u.
Peter oʻtgan yili Iroq qamoqxonasidan shartli ravishda ozod qilingan edi, ammo mamlakatni tark etishiga ruxsat berilmagan, Kanberra oʻsha paytda u hali ham keyingi huquqiy choralarga duch kelishi mumkinligini aytgan edi.
U 2015 yilda Iroq Markaziy bankining Bagʻdoddagi bosh qarorgohini yirik qayta qurish loyihasini oʻz zimmasiga olishdan oldin Yaqin Sharqda deyarli oʻn yil davomida ishlagan.
Bank ularni loyihadan pul oʻgʻirlaganlikda ayblaganidan soʻng, u CME Consulting boʻyicha hamkasbi, misrlik Xalid Radvan bilan birga hibsga olingan.
Deyarli olta oy davomida hech qanday ayblovsiz hibsda ushlab turilganidan va tezkor sud jarayonidan soʻng, ikkala erkak ham besh yillik qamoq jazosiga hukm qilindi va ularga umumiy hisobda 12 million dollar (18,4 million avstraliya dollari, 8,8 million funt sterling) jarima toʻlash yuklatildi.
Biroq BMTning 2022 yilgi hisobotida ushbu ish xalqaro huquqni buzgani va Peter hamda Xalid "shafqatsiz va majburiy" soʻroqlarga solingani taʼkidlangan.
Iroq hukumati ilgari shafqatsiz muomala haqidagi daʼvolarni rad etgan.
2023 yilda Xalqaro savdo palatasining (ICC) Arbitraj sudi Iroq markaziy bankni CME bilan nizoda aybdor deb topdi va kompaniyaga 13 million dollar toʻlash haqida qaror chiqardi.

