Iqlim markazi direktori Oʻzbekistondagi chang muammosini tushuntirib berdi

Iqlim markazi direktori Oʻzbekistondagi chang sabablari haqida gapirib berdi
Oʻzbekiston Gobi va Sahroi Kabir choʻllari oraligʻidagi «buyuk choʻl yoʻli»ning oʻrtasida joylashgan. Shu sababli bu yerda chang muammosi tabiiy ravishda juda tez-tez yuzaga keladi.
Bu haqda Iqlim oʻzgarishi boʻyicha milliy markaz direktori Farrux Sattarov matbuot anjumanida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, chang shuningdek Xitoy, Qozogʻiston va Afgʻonistondan ham kirib keladi. Bundan tashqari, respublika dengizdan olisda joylashgan boʻlib, bu ham changlik darajasiga sezilarli darajada taʼsir qiladi.
«Dunyoda qoʻshnilari ham dengizga chiqish imkoniga ega boʻlmagan bor-yoʻgʻi ikkita davlat bor. <...> Va bizda suv masalasi kun tartibidagi eng oʻtkir muammolardan biridir», — dedi ekspert.
Matbuot anjumanida shaharsozlikni rejalashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar Toshkentda puxta oʻylanmagan qurilishlar sababli shamollar rozasi buzilgan boʻlishi mumkinmi, deb soʻrashdi. Sattarov mamlakatda ekologik ekspertiza markazi faoliyat yuritayotganini taʼkidladi. Biroq uning talablari har doim ham bajarilavermaydi.
«Afsuski, ushbu ekologik ekspertizada koʻrsatilgan talablarni bajarish bilan bogʻliq muammolar mavjud. <...> Masalan, qurilish ekspertizasidan toʻrt qavat uchun hujjat olishadi, lekin undan balandroq qurishadi <...>. Va bu muammo bizda bor. Buni inkor etish, aytib oʻtilganidek, notoʻgʻri boʻladi» — dedi Sattarov.
Markaz direktorining soʻzlariga koʻra, bu sohada qonunchilik kuchaytirilmoqda. Oʻtgan yili ekologik ekspertiza toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinib, unga strategik ekspertiza qoʻshildi. Joriy yildan boshlab qonunosti hujjatlari qabul qilindi hamda katta hududlarni qamrab oluvchi shahar va sanoat zonalarini qurishda obʼyektlarni ekspertizadan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Shuningdek, harorat inversiyasi paytida, agar inversiya qatlami balandligi taxminan 200 metrni tashkil etsa, Toshkent havosida bir tonnaga yaqin mayda dispersli PM2.5 zarrachalari boʻlishi mumkinligi taʼkidlandi. Shamol kuchsiz boʻlganda, bunday zarrachalar yomon tarqaladi va yer yuzasi yaqinida toʻplanib, ifloslantiruvchi moddalar kontsentratsiyasini oshirishi mumkin.

