Layfstayl

Inyarritu, Tom Kruz va Bred Pittning iti: oktabrda kinoteatrlarda nimalar namoyish etilmoqda?

Oktabr oyida kinoteatrlarda Tom Kruz ishtirokidagi 'Digger' filmi namoyish etila boshlandi. Kartina tanqidchilarga yoqmagan bo‘lsa-da, rejissyor Sarvar Karimov uni ko‘rishga arziydi deb hisoblamoqda. 'Kinotavsiya'ning yangi sonida shu boshqa premeralar haqida hikoya qilinadi.

Inyarritu, Tom Kruz va Bred Pittning iti: oktabrda kinoteatrlarda nimalar namoyish etilmoqda?

Oktabr oyida kinoteatrlarda har bir tomoshabin o‘ziga mos va qiziqarli film topishi mumkin. Dasturda Gollivudning yirik yulduzlari qatnashgan kartinalar ham, o‘yin va komikslar asosidagi blokbasterlar ham, tarixiy epopeya, oilaviy multfilmlar, inson va it munosabatiga bag‘ishlangan hikoyalar ham bor. Xorror muxlislari ham bu oy zerikmaydi: ularni zaharli o‘rgimchaklar va Indoneziyaning la’natlangan ko‘prigi kutmoqda.

Uch nafar o‘z ishining ustasi, chinakam metr ijodkorlar bir joyga jamlansa nima yuz beradi?

“Digger” filmi dunyoga keladi. Kartinaning rejissyori — Alexandro Gonsales Inyarritu, operatori — Emmanuel Lyubetski, bosh rolni esa Tom Kruz ijro etgan. Film 1-oktabrdan O‘zbekiston kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.

Bu filmning syujeti sir saqlangan. Treylerlari ham juda noodatiy va qiziqarli chiqqan. Ma’lum bo‘lgan yagona narsa shuki, Tom Kruz dunyoning eng qudratli odamlaridan birining obrazini yaratadi va o‘zi sababchi bo‘lgan, sayyorani yo‘q qilib yuborishga qodir tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga urinadi.

“Ha, kinotanqidchilar filmni yomon kutib olishdi, ko‘p tanqidlar yog‘ildi. Men filmni kecha ko‘rdim va u menga yoqdi. Rejissyor bu filmda „mizanabim“ usulidan foydalangan. Ya’ni, asarning ichida yana bitta asarni ishlatgan. Kinoda bu qanday ishlaydi? Syujet ichida yana bitta syujet bo‘ladi. Spoyler qilmayman, o‘zingiz ko‘ring, chunki bu treylerlarda yo‘q edi. O‘zim ham avvaliga tushunmadim va biroz dovdirab qoldim”, — deydi Sarvar Karimov.

Film siyosiy satira bo‘lib, Stenli Kubrikning “Doktor Strendjlav” kartinasini eslatadi. Unda bir qancha Gollivud yulduzlari qatnashgan. Masalan, Jon Gudman AQSh prezidenti rolini o‘ynagan. Bundan tashqari, Jessi Plemons, Riz Axmed, Sandra Xyuller, Emma D’Arsi va yana ko‘plab aktyor-aktrisalar filmda ishlagan.

Hozir 65 yoshda bo‘lgan Tom Kruz 65 yoshli Digger personajini yaratish uchun soatlab grim qilingan. U mushugidan boshqa birorta tirik jonzotni yaxshi ko‘rmaydigan, pulga o‘ch, o‘zidan boshqa hech kimni eshitmaydigan milliarder Digger Rokuell obrazini gavdalantirgan.

“Ko‘pchilik Tom Kruz mazkur roli uchun „Oskar“ olishi mumkinligi haqida gapiryapti. Bo‘lishi mumkin, chunki Kruz juda yaxshi aktyor, faoliyati davomida 4 marotaba bu mukofotga nomzodi qo‘yilgan, lekin afsuski yutmagan. Ha, uning bitta Oskari bor, ammo bu kinodagi umumiy faoliyati uchun berilgan faxriy Oskar. Chunki Tom Kruz nafaqat aktyor, balki prodyuser ham”, — deydi Sarvar Karimov.

Film rejissyori Alexandro Gonsales Inyarrituda 5 ta “Oskar”, operator Emmanuel Lyubetskida esa 3 ta “Oskar” bor. Eng qizig‘i, ularni ketma-ket qo‘lga kiritgan: 2014, 2015 va 2016-yillarda, “Gravitatsiya”, “Byordmen” va “Omon qolgan” filmlari uchun.

“Umuman olganda men Alexandro Gonsales Inyarrituni juda yaxshi ko‘raman. Institut paytidayoq uning „O‘lim trilogiyasi“ ni katta qiziqish bilan ko‘rganmiz. Hattoki „Sehrli qalpoqcha“ ning birinchi qismida Hoshimjon mehmonxonada televizor ko‘rib o‘tiradigan sahnada uning „Amores perros“ filmidan bitta kadr ishlatganman. Ko‘pchilik Inyarrituni „Byordmen“ va „Omon qolgan“ filmidan keyin tanigan bo‘lsa, biz haqiqiy fanatlari 20 yildan beri uning ijodiga muxlislik qilib kelamiz”.

Jeyms Gann DC olamini kengaytirmoqda. “Yashil fonar”lar serialini ko‘rdingizmi?

“Bu gal to‘liq metrajli film suratga olindi va unda yangi qahramon — Kleyfeys paydo bo‘ldi. O‘zi Jeyms Ganda shunaqa esdan chiqib ketgan qahramonlarni topib, mashhur qiladigan odati bor. Masalan, “Galaktika qo‘riqchilari”ni ham filmdan oldin hech kim tanimas edi. Ko‘ramiz, bu gal o‘xsharmikan”, — deydi Sarvar Karimov.

Bodi horror elementlariga ega bo‘lgan ushbu film rejissyori — Djeyms Uotkins.

“Men uning debyut filmi — “Jannat ko‘li”ni ko‘rganman. Yaxshi film edi, eski va qadrdon britan slesheri. Umid qilamiz, Kleyfeys DC ni inqirozdan olib chiqish rejasidagi omadli qadamlardan biriga aylanadi. Ehtimol, Jeyms Ganning miyasida DC va umuman superqahramonlarni qayta isloh qiladigan biror reja bordir, balki biz hali tushunmayotgandirmiz uni. Ko‘ramiz!”, — deydi Sarvar Karimov.

Bred Pitt o‘ynagan tankistlar haqidagi “G‘azab” filmini ko‘rganmisiz? Shu filmni Devid Eyr ismli rejissyor suratga olgan. U bu safar Bred Pitt bilan yana hamkorlik qilib “Yirtqich yurak” degan film ishlagan. Butun film Bred Pitt va itdan iborat.

“To‘g‘risini aytsam bu kartina menga o‘zimizning eski qadrdon 90-yillar filmlarini eslatdi. U rostdan tog‘-u toshlarga borib suratga olingan, yashil xonada emas. Oddiy, lekin yaxshi film chiqqan. Ko‘ring, oxirida bir yig‘lab berishingiz ham mumkin. Bari-bir Bred Pitt — bu Bred Pitt”, — deydi Sarvar Karimov.

Bir vaqtlar Jan-Klod Van Dam o‘ynagan “Ko‘cha jangchisi” degan film suratga olingan. Bu kartina “Mortal Kombat” kabi o‘yin asosida ishlangan. Yaqinda “Mortal Kombat” remeyk qilingani kabi, endi bu oy “Ko‘cha jangchisi”ning ham yangisi chiqyapti.

“Manimcha bu kinoni darrov ko‘rish kerak. Hech bo‘lmasa, 50 Cent hurmati. O‘yindagi qora tanli, Balrog ismli bokschi personajni aynan u o‘ynagan”, — deydi Sarvar Karimov.

Fransiya-Belgiya va AQSh hamkorligida mashhur fransuz arbobi — general Sharl De Goll hayoti haqida hikoya qiluvchi ikki qismli tarixiy film suratga olindi. Hozir shu epopeyaning birinchi qismi kinoteatrlarimizda namoyish etilmoqda.

“Mabodo ikkinchi jahon urushi haqidagi filmlarni yoqtirsangiz yoki umuman tarixga qiziqsangiz, bu kartinani o‘tkazib yubormang. Eslatib o‘tamiz, ikkinchi jahon urushida Fransiya natsist Germaniyasi tomonidan qisqa muddatda bosib olingan. Sharl de Goll esa bundan norozi bo‘lib, „Ozod Fransiya“ vatanparvarlik harakatiga asos solgan va keyinchalik fashistlardan yurtini ozod qilib, bir oz muddat o‘tgach mamlakat prezidentiga ham aylangan. Juda ham ajoyib shaxs, bu insonning hayoti film bo‘lishga loyiq edi va mana endi kinoteatrga borib uni ko‘rsak bo‘ladi”, — deydi Sarvar Karimov.

Bu oy oilaviy tomosha uchun gollandiyalik ijodkorlardan “Qishloqdagi bobomnikiga. Supermissiya” nomli filmni tavsiya qilish mumkin. Shuningdek, Fransiya va Belgiya qo‘shma mahsuloti — “Mo‘jizaviy qalam” ham tomoshabinlarga taqdim etilmoqda. Unda kichik qizaloq qo‘liga sehrli qalam tushib qoladi va u bilan nima yozilsa, amalga oshadi.

Shuningdek, sovet multfilmining zamonaviy 3D talqini — “Mamontchaning sarguzashtlari. Onani qidirib” animatsion filmi ham kinoteatrlarimizda namoyish etilmoqda. 6–7 yoshdagi bolalar bilan Germaniya va Chexiya mahsuloti bo‘lgan yana bir animatsion film — “Suv osti birodarlari. Rif soqchilari”ni tomosha qilish mumkin.

“Xatiko” muxlisimisiz? Unda tailandlik kinoijodkorlardan “Goxan laqabli it” filmi siz uchun. Kartinada Goxan laqabli oppoq itning sarguzashtlari haqida hikoya qilinadi, “Xatiko”dan farqli o‘laroq Goxanning naqd uch egasi bo‘ladi.

“Tailandliklar mana shunday odamning qalbini larzaga soladigan, yig‘latadigan roliklarni juda yaxshi ishlashadi, kinoni ham shunday mahorat bilan tasvirga olishgan degan umiddamiz”, — deydi Sarvar Karimov.

A24 studiyasi taqdim etayotgan “Hujum” filmi syujeti juda oddiy. Ona va uning qizi yovuz robotlarga qarshi kurashadi. Xullas, kimdir qochadi, kimdir quvlaydi. Agar horror, fantastika, boyevik va triller janrdagi attraksion filmlarni yoqtirsangiz — o‘tkazib yubormang.

“Gollivud osmonida yangi yulduz porlamoqda va uning ismi — Ostin Abrams. Eslab qolinglar, o‘rtoqlar. Men bu yosh aktyorni ilk marta „Yolg‘i bo‘rilar“ filmida ko‘rgan edim. O‘shanda u ikki gigant — Jorj Kluni va Bred Pitt oldida yo‘q bo‘lib qolmagani meni qoyil qoldirgan edi. Bu aktyorda haqiqatan ham iste’dod bor ekan, keyinchalik u ishtirokida qator filmlar suratga olindi”, — deydi Sarvar Karimov.

“Rostlik yoxud Veritining mahfiy kundaligi” — Enn Xeteueyning bu yilgi beshinchi premerasi. Triller janridagi ushbu filmda Dakota Jonson hamda milleniallarga tanish Josh Xartnett asosiy rollarni ijro etishgan. Bu oy, shuningdek, ayollar auditoriyasiga mo‘ljallangan “Spa Weekend” komediyasi ham katta ekranlarga chiqdi.

“Oskar” sohibasi Jessika Chesteyn bosh rolni ijro etgan “O‘gay ona” filmi shu oy namoyish etiladi. Xorror ishqibozlari uchun yana bir film — “Araxnid” ham katta ekranlarga chiqadi.

“O‘rgimchaklardan qo‘rqasizmi? Ko‘pqavatli uyda yashovchi qo‘shnilar karantinga yopilib, minglab zaharli o‘rgimchaklar bilan yakkama-yakka qolishgan majbur bo‘ladi. Bunga bir odam chet el safaridan qaytib, sumkasida o‘zi bilmagan holda zaharli o‘rgimchak olib kelgani sabab bo‘ladi. O‘rgimchaklar ko‘payib, majmuani egallay boshlaydi. Hukumat esa o‘rgimchaklar butun mamlakat bo‘ylab tarqalishini oldini olish maqsadida binoni karantinga tiqib qo‘yadi. Hech nimani eslatmayaptimi?”, — deydi Sarvar Karimov.

Indoneziya horrori muxlislari uchun bu oy “Tumbal Proyek” (o‘zbekchada “Loyiha qurboni”, ruschada “Punkt naznacheniya: Most №13”) nomli film namoyish etilmoqda. Tabiiyki, bu filmning “Yakuniy manzil” — “Punkt naznacheniya” franshizasiga hech qanday aloqasi yo‘q.

“Shunchaki ko‘proq odam kinoteatrga kelsin, deb kartina nomi shunday tarjima qilingan. Syujetga ko‘ra, ulkan ko‘prik qurilishi jarayonida juda ko‘pchilik baxtsiz tasodif tufayli halok bo‘ladi. Lekin bu chindan ham baxtsiz tasodifmi yoki yozuv insu-jinslarning nayrangimi?”, — deydi Sarvar Karimov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.