Mahalliy

Interpol saytida qidiruvga berilgan Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov haqidagi xabarnoma yo‘qoldi

Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkiloti (Interpol) saytida Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimovga nisbatan chiqarilgan xalqaro qidiruv xabarnomasi endi ko‘rinmayapti. Buning sabablari hozircha noma’lum. Avvalroq Olimov bank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish bo‘yicha ariza bergandi.

Interpol saytida qidiruvga qo‘yilgan Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov haqidagi xabarnoma yo‘qolib qoldi

Xalqaro jinoyat politsiyasi tashkiloti (Interpol) saytida o‘zbekistonlik tadbirkor va Anorbank aksiyadori Qahramonjon Olimov nomiga chiqarilgan “qizil bildirishnoma” (Red Notice) endi ko‘rinmayapti.

Kartochkada Olimov 1977-yil 7-mayda Andijon viloyatida tug‘ilgani, O‘zbekiston fuqarosi ekani hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarini bilishi qayd etilgan edi.

Shu bilan birga, kartochkada tadbirkorni xalqaro qidiruvga berish bo‘yicha so‘rovni qaysi davlat yuborgani ko‘rsatilmagan edi.

Dastlab ommaviy xabarnomada ayblovga doir ma’lumotlar yo‘q edi. Keyinroq unda jinoyat kategoriyasi sifatida: “Odam o‘g‘rilash, tuhmat qilish, noqonuniy ushlab turish yoki hibsga olish” paydo bo‘ldi.

Xabarnomaning Interpol saytida yo‘qolib qolish sabablari noma’lum.

Shu sababli, kartochkaning saytdan olib tashlangani bilangina tadbirkorga nisbatan xalqaro qidiruv to‘xtatilganmi yoki yo‘qmi, aniqlab bo‘lmaydi.

“Interpolning qizil bildirishnomasi” (Red Notice) — bu shaxsni qidirish va ushlab turish bo‘yicha xalqaro so‘rov. Mamlakat boshqa davlatlardan shaxsni keyinchalik ekstraditsiya qilish masalasini hal etish uchun uni topish va vaqtincha ushlab turishni so‘raydi.

9-oktabr kuni Anorbank Qahramonjon Olimov 2-oktabrda bank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish bo‘yicha ariza berganini ma’lum qildi.

Bu masalani 28-oktabr kuni o‘tkaziladigan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 5-oktabrdagi yig‘ilishda aksiyadorlar investitsiyalarni jalb qilish, kapitalni mustahkamlash va ilgari bankning kredit reytingiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni bartaraf etish uchun 100 milliard so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarishni ma’qulladi.

“Kapitalizatsiya rejasining bajarilishi endi alohida aksiyador bilan bog‘liq holatlarga qaram bo‘lib qolmasligi kerak”, — deyiladi Anorbank xabarida.

8-oktabr kuni Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Qahramonjon Olimov bilan bog‘liq vaziyat fonida kapitalni to‘ldirish atrofidagi noaniqliklar sababli Anorbank’ning uzoq muddatli reytingini CCC+ darajasidan CCC ga tushirdi. Reyting, shuningdek, keyinchalik yana tushirilishi mumkin bo‘lgan salbiy qayta ko‘rib chiqish ro‘yxatiga (Rating Watch Negative) joylashtirildi.

Bank odatdagi rejimda ishlashda, mijozlar oldidagi majburiyatlarni bajarishda va asosiy xizmatlarning uzluksiz ishlashini ta’minlashda davom etayotganini bildirdi.

2026-yilning to‘qqiz oyi uchun Anorbank moliyaviy hisobotiga ko‘ra, bank deyarli 105 mlrd so‘m sof foyda oldi. Sentabr yakunlariga ko‘ra, uning aktivlari uchinchi chorak boshidagi 18,74 trln so‘mga nisbatan 20,32 trln so‘mni tashkil etdi. Bankning kredit portfeli 13,08 trln so‘mga, xususiy kapitali 1,51 trln so‘mga, mijozlar depozitlari hajmi esa 15,23 trln so‘mga yetdi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestrining avval e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, Anorbank aksiyalarining 49,4 foizi Olimovga, 50 foizi Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga, 0,6 foizi esa Kapital Sug’urta sug‘urta kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.

18-sentabr kuni The Insider nashri Qahramonjon Olimovga yaqin manbasiga tayanib, tadbirkor O‘zbekistonda sirtdan qamoqqa olingani va odam o‘g‘rilash bo‘yicha jinoyat ishi doirasida xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar berdi.

Nashr manbasining talqiniga ko‘ra, bu ish Olimovning sobiq ish beruvchisi — ilgari tadbirkor boshqaruv raisi bo‘lib ishlagan va 36% dan ortiq ulushga egalik qilgan “Kapitalbank” asoschisi Botir Rahimov bilan bo‘lgan eski moliyaviy nizosi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

The Insider Olimov Rahimovni moliyaviy e’tirozlardan voz kechishga majbur qilish maqsadida uning o‘g‘rilanishini tashkillashtirishda gumonlanayotganini ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ushbu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan va taxmin qilinayotgan jinoyat ishi tafsilotlarini ochiqlamagan.

Xalqaro qidiruv haqidagi xabarlardan so‘ng Anorbank tarqatilayotgan ma’lumotlar aksiyadorlardan birining shaxsiy ishlariga taalluqli ekanini hamda bankning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyati bilan bog‘liq emasligini bildirdi.

Markaziy bank ham Anorbank odatdagi rejimda ishlashda va mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarishda davom etayotganini ma’lum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.