Internetda so‘nggi 90 yil ichidagi eng buyuk 10 ta psixologik triller nomi e’lon qilindi

Internetda so‘nggi 90 yil davomida yaratilgan eng buyuk 10 ta psixologik triller nomi e’lon qilindi
Collider so‘nggi 90 yil ichida suratga olingan eng buyuk psixologik trillerlar reytingini tuzdi. Tanlovga Alfred Hichkokning e’tirof etilgan klassik asarlari bilan birga Devid Fincher, Kristofer Nolan va Jordan Pilning nisbatan yangi filmlari ham kiritildi.
Reyting mualliflari Jonatan Demmening “Qo‘zichoqlar sukunati” filmini eng yaxshi psixologik triller deb topishdi. Asarda boshqa jinoyatchini qo‘lga olish uchun qamoqdagi seriyali qotil Gannibal Lekterdan yordam so‘ragan FQB xodimi Klarissa Starling haqida so‘z boradi. Nashr qahramonlar o‘rtasidagi tarang psixologik o‘yinlar, Jodi Foster va Entoni Xopkinsning aktyorlik mahorati, shuningdek, klaustrofobiya hissini kuchaytiradigan yirik plandagi operatorlik usullarini alohida qayd etdi.
Ikkinchi pog‘onani Kristofer Nolanning “Muqaddima” filmi egalladi. Leonardo Di Kaprio gavdalantirgan bosh qahramon Dom Kobb boshqalarning tushiga kiradi va ma’lum bir pallada biznesmen ongiga g‘oya singdirish vazifasini oladi. Collider nashri murakkab konsepsiyaning amaliy effektlar, Hans Zimmer musiqasi hamda reallik va illyuziyani bir-biriga qorishirib yuboradigan ko‘p qatlamli syujet bilan uyg‘unligini yuqori baholadi.
Kuchli uchlikni Jordan Pilning “Daf bo‘l” horrori yakunladi. Syujetga ko‘ra, yosh fotograf Kris sevgilisining oilasi bilan tanishish uchun keladi va asta-sekin uning qarindoshlarining samimiyligi ortida dahshatli maqsad yashiringanini anglab yetadi. Jurnalistlar film psixologik taranglikni ijtimoiy satira bilan uyg‘unlashtirganini, undagi xavotir esa mayda detallar va tobora kuchayib borayotgan xavf hissi sabab yanada ortishini ta’kidlashdi.
Ro‘yxatdan Pon Jun-xoning “Parazitlar” va Devid Fincherning “Yetti” kartinalari ham o‘rin oldi. Birinchi film aldov yo‘li bilan boylar xonadoniga ishga kirgan oila haqidagi hikoya sifatida boshlanib, keyin sinfiy tengsizlik haqidagi mudhish trillerga aylanadi. “Yetti” esa yetti halokatli gunohga ko‘ra qurbonlarini tanlaydigan qotilni izlayotgan ikki izquvar haqida hikoya qiladi. Collider nashrida filmning og‘ir muhiti va uning yakuni alohida ta’kidlangan.

