“Inter” “Barselona”ning 100 mln yevrolik taklifini rad etdi — Marca

"Inter" "Barselona"ning 100 million yevrolik taklifini rad etdi — Marca
Milanning "Inter" futbol klubi o‘zining hujumchisi Lautaro Martinesni hatto 100 million yevro evaziga ham sotishni istamayapti. Marca nashrining xabar berishicha, milanliklar bu borada "Barselona" bilan muzokaralar olib borishga qiziqish bildirmayapti.
Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklar argentinalik hujumchini "Atletiko" a’zosi Xulian Alvaresga muqobil variant sifatida ko‘rib chiqmoqda. Biroq, hozircha klublar transfer masalasida o‘zaro muloqotga kirishmagan. Ispan nashrining yozishicha, Italiya klubi Lautaro bo‘yicha olingan har qanday taklifga rad javobini beradi.
Ma’lumot uchun, Martinesning amaldagi shartnomasi 2029-yilning iyunigacha mo‘ljallangan. O‘tgan yilning may oyida futbolchining o‘zi jamoasini o‘zgartirish niyati yo‘qligini bildirgan bo‘lsa, "Inter" prezidenti Juzeppe Marotta "Barselona" bilan bo‘layotgan har qanday aloqalarni qat’iyan rad etgan edi. Ammo ba’zi nashrlar tarqatgan xabarga ko‘ra, "neradzurrilar" argentinalik yulduzi uchun taxminan 120 million yevro taklif qilingan taqdirdagina, uni qo‘yib yuborish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Martines 2018-yildan buyon "Inter" sharafini himoya qilib kelmoqda. U 2025/26-yilgi mavsumda klub miqyosida jami 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Shuningdek, hujumchi Argentina terma jamoasi safida JCH-2022 g‘olibi va JCH-2026 musobaqasining kumush medali sohibiga aylangan. U so‘nggi mundialda 7 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 3 ta gol va bitta assist yozdirib qo‘ygan.

