“Integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslik kerak”. JB vakili Ayhan Kose — O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi haqida
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jahon iqtisodiyotiga chuqurroq integratsiyani, bu esa 'global talab, xomashyo narxlari, ta’minot zanjirlari va moliyaviy sharoitlarning iqtisodiyotga ta’siri kuchayishini' anglatadi. Shunga qaramay, JB vakili Ayhan Kosening fikricha, integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslik kerak.

“Integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslik kerak”. JB vakili Ayhan Kose — O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi haqida
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning global shoklarga nisbatan ta’sirchanligini oshiradi, biroq mamlakat bunga javoban integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmasligi kerak, deya tavsiya berdi.
Loyihaning ilk sonida MB mutaxassislari Behruz Ahmedov va Nurbek Omonov loyiha mehmoni Ayhan Kose bilan birga Milliy iqtisodiy tadqiqotlar byurosi e’lon qilgan hamda Kristin Forbes, Jongrim Ha va Ayhan Kose hammuallifligida tayyorlangan “Heaven or Earth: The Evolving Role of Global Shocks for Domestic Monetary Policy” (“Osmon yoki Yer: Global shoklarning ichki pul-kredit siyosatidagi o‘zgarib borayotgan roli”) nomli maqolani muhokama qildi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish arafasida turgani eslatilib, bu mamlakatning jahon iqtisodiyotiga yanada chuqurroq integratsiyalashuvi bilan birga, uning global shoklarga ta’sirchanligini ham oshirishi ta’kidlandi. Shu bois JB mutaxassisidan O‘zbekiston iqtisodiyoti ehtimoliy xatarlarni qanday yumshatishi mumkinligi so‘raldi.
Savolga javob berarkan, Ayhan Kose integratsiyalashuvning afzalliklarini sanab o‘tdi va eng muhimi integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslik kerakligini qayd etdi.
“Shubhasiz, [JSTga] a’zo bo‘lish savdoni kengaytirish, raqobatni kuchaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va, albatta, unumdorlikni oshirish orqali katta foyda keltirishi mumkin. Chuqurroq integratsiya global talab, xomashyo narxlari, ta’minot zanjirlari va moliyaviy sharoitlarning ichki iqtisodiyotga ta’siri kuchayishini ham anglatadi. Shuning uchun bu masalalarni hisobga olishingiz kerak. Ayni paytda javob, qanday bo‘lishidan qat’i nazar, integratsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslik bo‘lishi lozim”, — dedi u.
Kosening aytishicha, integratsiya uzoq muddatda rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotlari uchun katta foyda berishi isbotlangan. Uning ta’kidlashicha, eng muhimi integratsiya kuchaygani sari barqarorlikni ham mustahkamlab borish zarur, chunki iqtisodiyot avvalgidan ko‘ra ko‘proq zarbalarni qabul qila boshlaydi.
O‘zbekiston uchun chuqur integratsiyalashuv sharoitida ehtimoliy risklarni yumshatish yo‘llari sifatida Ayhan Kose quyidagilarni sanab o‘tdi:
Aslida, mutaxassisning ta’kidlashicha, bu faqat O‘zbekistonga xos kuzatuv emas, balki integratsiya jarayoniga kirayotgan har qanday mamlakatga siyosat borasida beriladigan tavsiyadir.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun arizani 1994-yilda topshirgan. A’zolik shartlari bo‘yicha faol muzokaralar 2020-yilda qayta boshlangan.
JSTga a’zo bo‘lish jarayonini 2026-yil mart oyida tashkilotning 14-Vazirlar konferensiyasigacha yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq bu amalga oshmadi. Azizbek Urunov ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rib chiqishni paysalga solayotganini bildirgandi.
O‘tgan yil oxirida u jarayonning “kutilmagan sekinlashuvi” xavfi borligini qayd etgan edi.
May oyida prezident huzuridagi yig‘ilishda O‘zbekiston hanuz 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lish niyatida ekani aytib o‘tildi.
Yil boshiga ko‘ra, O‘zbekiston tashkilotning 34 a’zosidan 33 tasi bilan muzokaralarni yakunlagan.
JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhning 27−28-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan 13-yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, bosh muzokarachi, O‘zbekiston prezidentining JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston 2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash niyatida ekanini ma’lum qildi.

