Instagram o‘n yil ichida ilk bor matnli logotipini yangiladi
Instagram qariyb o‘n yil deganda ilk bor yangilangan matnli logotipini taqdim etdi. O‘zgarishlar servis nomining firma yozuviga ta’sir qildi.

Instagram o'zining matnli logotipini o'n yillik tanaffusdan so'ng birinchi marta yangiladi.
Yangi talqinda dizaynerlar tanish qo'lyozma uslubini saqlab qolish bilan birga, harflarning ayrim qismlarini yanada geometrik va zamonaviy ko'rinishga keltirdi. Kompaniya shu orqali yangi logotipning Instagram'ning avvalgi korporativ uslubi bilan vizual bog'liqligini saqlashga harakat qilgan.
Ushbu yangilanish faqat "Instagram" matnli yozuviga, ya'ni wordmark'ga tegishli. Ilovaning kamera tasviri tushirilgan mashhur gradiyent belgisi esa kompaniyaning firma uslubining ajralmas qismi bo'lib qolaveradi.
Yangi dizayn ijtimoiy tarmoqlarda allaqachon qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi. Foydalanuvchilarning bir qismi o'zgarishlarni ijobiy baholagan bo'lsa, boshqalar yangi yozuvni unchalik tanish emas deb hisobladi va hatto ba'zi harflarni boshqa belgilar bilan taqqosladi.
Instagram o'zining avvalgi matnli logotipidan qariyb o'n yil davomida foydalanib kelgan edi.

