Inson nega o‘ziga zarar yetkazadi? Autoagressiyaning asosiy belgilari va sabablari

**Inson nega o‘ziga zarar yetkazadi? Autoagressiyaning asosiy belgilari va sabablari**
Nima uchun ba'zi odamlar ichki iztiroblarini yashirib, o‘z tanasi yoki ruhiyatidan alam oladi? Autoagressiya nima va yaqinlarimiz yordamga muhtojligini qanday qilib o‘z vaqtida aniqlash mumkin? Tengri Health nashri ushbu mavzuni chuqur o‘rgandi.
**Autoagressiya nima: asosiy belgilar va hayotiy misollar**
Autoagressiya – bu insonning o‘ziga ongli yoki ongsiz ravishda zarar yetkazishi bilan bog‘liq xulq-atvor shakllaridan biridir. Bunda tajovuzkorlik tashqi muhitga yoki boshqa odamlarga emas, balki shaxsning o‘z tanasiga, ruhiyatiga va hissiy olamiga qaratiladi. Garchi u alohida ruhiy kasalliklar sirasiga kiritilmasa ham, mutaxassislarning jiddiy e’tiborini va yordamini talab qiladigan holat hisoblanadi.
Olmaotadagi Ruhiy salomatlik markazi ruhiy kasalliklar shifokori Nuriddin Abdullayev amaliyoti davomida bunday bemorlarni muntazam ravishda uchratishini aytadi. Uning ta’kidlashicha, autoagressiya har doim ham yaqqol ko‘zga tashlanavermaydi. Ammo quyidagi holatlar paydo bo‘lganda hushyor tortish lozim:
* tanada tez-tez paydo bo‘ladigan va kelib chiqishi izohlanmaydigan jarohatlar;
* ob-havoning qandayligidan qat’i nazar, doimo tanani to‘liq yopib turuvchi kiyimlar kiyish;
* har qanday vaziyatda o‘zini ayblashga moyillik;
* tavakkalchilik va xavfli xatti-harakatlarga o‘chlik;
* o‘z sog‘lig‘iga mutlaqo beparvo bo‘lish;
* psixoaktiv moddalarni, masalan, alkogol, narkotik va h.klarni iste’mol qilish;
* muntazam ravishda o‘zining hayotda foydasiz, keraksizligini takrorlash.
“Inson uzoq vaqt davomida o‘zida autoagressiya paydo bo‘layotganini tushunmasligi mumkin va bunday holatlar hayotda juda ko‘p uchraydi. Ko‘plab bemorlar yillar davomida qilmishlari o‘z-o‘zini yo‘q qilishga qaratilganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Ular buni xarakter xususiyati, oddiy odat yoki shunchaki sharoit taqozosi bilan izohlashga harakat qilishadi. Muayyan harakatlar aslida autoagressiya ekanini anglash, ko‘pincha faqat psixoterapevtik suhbatlar yoki chuqur psixiatrik ko‘rikdan so‘ng yuzaga chiqadi”, deydi shifokor.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, jamiyatda ba’zi insonlar autoagressiyani faqatgina o‘z joniga qasd qilish niyati bo‘lmagan holda, qasddan tana a’zolariga jismoniy zarar yetkazish deb o‘ylashadi. Aslida esa bu muammoning shakllaridan biri, xolos.
Shifokorning tushuntirishicha, inson o‘ziga turli usullar orqali ziyon yetkazishi mumkin. Masalan:
* alkogol yoki narkotik moddalarga ruju qo‘yish;
* zarur bo‘lgan paytda shifokor ko‘rigidan bosh tortish;
* o‘zini tinimsiz kamsitish va yerga urish;
* atrofdagilar bilan munosabatlarni ataylab buzish;
* o‘zini ongli yoki ongsiz ravishda xavf-xatarga qo‘yish hamda o‘ziga ziyon keltiradigan boshqa harakatlarni sodir etish.
“Autoagressiya – bu har doim ham o‘z joniga qasd qilishga urinish degani emas. Bunday xulq-atvor egalarining aksariyatida o‘zini o‘ldirish istagi bo‘lmaydi. Suitsid niyati bo‘lmagan autoagressiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – ichki hissiy zo‘riqishni kamaytirish, ruhiy og‘riqni yengillatish yoki o‘z holati ustidan nazorat tuyg‘usini qayta tiklashdan iborat”, deydi shifokor.
Shu bilan birga, ekspert har qanday vaziyatda ham bunday holatga panjara ortidan qarab bo‘lmasligini uqtiradi. Shifokorning aytishicha, autoagressiyaning mavjudligi kelgusida haqiqiy suitsidal harakatlar sodir etilish xavfini keskin oshiradi. Shu bois, unga har doim mutaxassis tomonidan jiddiy qaralishi kerak.
**Autoagressiya sabablari: nega inson o‘ziga zarar yetkaza boshlaydi?**
Autoagressiya kamdan-kam hollarda to‘satdan yoki o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Ko‘p vaziyatlarda uning ildizlari surunkali stress, ruhiy travmalar, depressiya va uzoq vaqt davom etgan hissiy nosog‘lomlik muhitiga borib taqaladi.
“Inson o‘z his-tuyg‘ularini boshqarish ko‘nikmalariga yetarlicha ega bo‘lmaganida, o‘ziga zarar yetkazish ichki kechinmalar bilan kurashishning patologik usuliga aylanib qoladi. Ko‘plab bemorlar uchun autoagressiya – kuchli emotsiyalarni yengishning o‘ziga xos mexanizmidir”, deydi doktor Nuriddin.
Chunki jismoniy og‘riq paytida organizm hissiy zo‘riqishni vaqtincha bo‘lsa-da pasaytiradigan maxsus moddalarni ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, insonning diqqat-e’tibori ruhiy holatdan tana og‘rig‘iga ko‘chadi.
“Shu sababli ham bemor qisqa muddatli yengillikni his qilishi mumkin, biroq azob-uqubatning asl sababi baribir hech qayerga yo‘qolmaydi”, deya ogohlantiradi psixiatr.
Ushbu muammo atrofidagi yana bir keng tarqalgan afsonalardan biri – go‘yoki inson o‘ziga faqat atrofdagilarning e’tiborini tortish uchun zarar yetkazadi degan yanglish ishonchdir.
“Aslida esa autoagressiv xulq-atvor ko‘proq chuqur psixologik nosog‘lomlikdan hamda stressga qarshi kurashishning samarasiz usuli tanlanganidan dalolat beradi”, deydi shifokor.
**Autoagressiyadan aziyat chekuvchilar ko‘pincha nimadan shikoyat qiladi?**
Shifokor autoagressiya tashxisi qo‘yilgan odamlar tez-tez tasvirlaydigan asosiy his-tuyg‘ularni sanab o‘tdi:
* ichki bo‘shliq hissi;
* kuchli xavotir va hadik;
* doimiy aybdorlik tuyg‘usi;
* tinimsiz hissiy zo‘riqish;
* yolg‘izlik hissi;
* uyquning buzilishi;
* hayotga bo‘lgan qiziqishning butkul yo‘qolishi;
* chorasizlik va uyat tuyg‘usi;
* o‘ziga qaratilgan kuchli g‘azab va nafrat hissi.
“Ba’zida insonga o‘z kechinmalarini so‘z bilan ifodalab berish ham qiyinlik qiladi, u shunchaki ichki zo‘riqishning haddan tashqari yuqori darajasini his etadi, xolos. Men amaliyotimda ko‘pincha quyidagiga o‘xshash gaplarni eshitaman: ‘Men o‘lishni xohlamayman. Shunchaki ichimdagi bu og‘riq to‘xtashini istayman’”, deydi mutaxassis.
Bunga qo‘shimcha ravishda doktor Nuriddin Abdullayev o‘z tajribasidan tipik bir bemor hayotini misol qilib keltirdi.
Bir yosh qiz bir necha marta o‘ziga jismoniy shikast yetkazgan. Ota-onasi qizlari shu yo‘l bilan hammaga o‘zini ko‘rsatmoqchi va e’tibortortishni xohlayapti, deb o‘ylashgan.
“Biroq bemor qiz bilan yaqindan suhbatlashganimizda ma’lum bo‘ldiki, u bir necha yil davomida surunkali xavotir va yolg‘izlik ichida yashagan, o‘zini oilasiga ortiqcha yuk deb hisoblagan, ichki kechinmalari haqida hech kimga aytmagan. O‘zini jarohatlash esa unga faqatgina qisqa muddatli taskin bergan, shundan so‘ng aybdorlik tuyg‘usi yanada kuchayib boravergan”, deya eslaydi shifokor.
Tizimli davolash muolajalari va psixoterapiya boshlangach, qiz his-tuyg‘ularni jarohatlarsiz, sog‘lom usullar bilan yengishni asta-sekin o‘rgandi.
Shifokor Abdullayevning aytishicha, bir necha oydan so‘ng undagi o‘ziga zarar yetkazish epizodlari butunlay to‘xtagan. Bir yildan keyin esa u o‘qishiga qaytib, kelajak rejalari ustida ishlay boshlagan hamda uzoq vaqt ichida ilk bor hayotga bo‘lgan qiziqishi qaytganini bildirgan.
**Autoagressiya va bolalikdagi kechinmalar: tadqiqotlar nima deydi?**
2019-yilda nufuzli The Lancet Psychiatry jurnalida yirik tizimli maqola e’lon qilindi. Unda olimlar bolalikda boshdan kechirilgan shafqatsiz muomala kelajakda autoagressiya rivojlanishiga bevosita sabab bo‘ladimi-yo‘qmi, degan savolga javob izlashdi.
Mualliflar jami 71 ta ilmiy tadqiqot ishlarining ma’lumotlarini atroflicha tahlil qilib chiqishdi. Ushbu ilmiy ishlarda mutaxassislar suitsid niyati bo‘lmagan autoagressiya hamda bolalikdagi shafqatsiz muomalaning turli ko‘rinishlari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishgan edi:
* jinsiy zo‘ravonlik;
* jismoniy zo‘ravonlik;
* emotsional zo‘ravonlik;
* jismoniy e’tiborsizlik;
* hissiy jihatdan tashlab qo‘yilish.
Tadqiqotchilar yakunda shunday xulosaga kelishdi: bolalik yillarida shafqatsiz muomala va tazyiqlarga duchor bo‘lgan insonlar, bunday og‘ir o‘tmishni ko‘rmaganlarga qaraganda, autoagressiyaga ancha ko‘p to‘qnash kelishadi. Ushbu bog‘liqlik deyarli barcha turdagi oilaviy nosog‘lom muhit shakllarida yaqqol tasdiqlangan.
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflari bir jihatni alohida ta’kidlashmoqda: bu o‘tmishdagi zo‘ravonlik muqarrar ravishda autoagressiyaga olib keladi degani emas. Gap faqatgina shunday og‘ir tajribaning inson kelajagida o‘ziga zarar yetkazish ehtimolini keskin oshirib yuborishi haqida bormoqda.
Aynan shu sababli shifokorlar autoagressiyasi bor bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazayotganda, ularning bolaligida qanday muhitda o‘sgani va ularga qanday muomala qilinganini surishtirishni tavsiya qilishadi. Bu xavf guruhidagi insonlarni erta bosqichda aniqlash va davolashni o‘z vaqtida boshlash imkonini beradi.
Doktor Nuriddin Abdullayevning qayd etishicha, ayrim insonlar o‘z holatlarini mustaqil boshqara olmayotganliklarini anglab, shifokorlarga o‘zlari murojaat qilishadi. Biroq ko‘pincha birinchi bo‘lib qarindoshlar yoki do‘stlar xavotirlana boshlaydi. Ayniqsa, yaqinining xulq-atvoridagi keskin o‘zgarishlarni, odamovi bo‘lib qolganini, tanasidagi shubhali jarohat izlarini yoki hayotning ma’nosizligi haqidagi gaplarini payqashganda ularning xavotiri oshadi.
Bunda davolanish jarayoni qancha davom etishini oldindan aytish qiyin.
“Shaxsiy tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsak, eng uzoq kuzatuv va davolash davri taxminan ikki yilni tashkil etgan. Ammo bu yerda bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak: biz shunchaki autoagressiyaning o‘zini emas, balki insonni ushbu holatga yetaklab kelgan asosiy ruhiy kasallik yoki nosog‘lom holatni davolaymiz”, deydi psixiatr.
**Vaziyatni yanada yomonlashtiradigan so‘zlar: yaqinlar uchun muhim maslahatlar**
Doktor Abdullayev yaqin insonlar tomonidan ko‘rsatiladigan eng noto‘g‘ri va zararli reaksiya – bu muammoni inkor etish, kamsitish va bemorni ayblash ekanligini ta’kidlaydi.
“O‘zingni shunchaki yaxshi ko‘rmaysan”, “Bularning hammasi bekorchi gap”, “Hammaning e’tiborini tortishni istaysan”, “O‘zingni qo‘lga ol” yoki “Boshqalarga bundan ham qiyin, chida” kabi iboralar bemor qalbidagi aybdorlik, uyat va yolg‘izlik hissini yanada chuqurlashtiradi va uni jamiyatdan uzib qo‘yadi.
Buning o‘rniga shifokor yaqin kishini yoki do‘stni hech qanday hissiyotlarsiz, xotirjam tinglashni, uni aslo tanqid qilmaslikni hamda u yolg‘iz emasligini, hayotda suyansa bo‘ladigan insonlari borligini amalda ko‘rsatishni maslahat beradi. Faqat shundagina bemorda qo‘rqmasdan professional psixologik yordamga murojaat qilish istagi va imkoniyati paydo bo‘ladi.

