Iqtisodiyot

Inqiroz va inflyatsiyaga qarshi kurash: Nobel mukofoti ikki iqtisodchiga berildi

2026-yilda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotiga amerikalik olimlar Robert Holl va Maykl Vudford «makroiqtisodiy barqarorlashtirishning mikroiqtisodiy asoslarini ishlab chiqqani» uchun loyiq koʻrildi, deb xabar berdi Nobel qoʻmitasi.

Inqiroz va inflyatsiyaga qarshi kurash: Nobel mukofoti ikki iqtisodchiga topshirildi

Stenford universiteti vakili Robert Holl va Kolumbiya universiteti vakili Maykl Vudford iqtisodiy siyosatni yanada samarali yuritishga xizmat qiladigan makroiqtisodiy modellarni ishlab chiqdi.

Ularning tadqiqotlari alohida uy xoʻjaliklari va kompaniyalar qabul qiladigan qarorlarning butun iqtisodiyotga qanday taʼsir qilishini izohlaydi. Aholi hamda biznesning kelajakni qanday baholashi ham muhim: masalan, ular hukumat va Markaziy bankning kutilayotgan qarorlaridan kelib chiqib oʻz rejalarini oʻzgartiradimi yoki yoʻqmi.

Mazkur modellar hukumatga iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun eng maqbul choralarni tanlashda yordam beradi. Inqiroz va pasayish davrida foiz stavkalarini tushirish hamda byudjet xarajatlarini oshirish ishbilarmonlik faolligini qoʻllab-quvvatlashi mumkin. Iqtisodiyot haddan tashqari «qizib ketgan» paytda esa choralar ortiqcha talab va inflyatsiyani jilovlashga qaratiladi.

1970-yillarda anʼanaviy iqtisodiy modellar jiddiy sinovlarga duch keldi: mamlakatlar past iqtisodiy oʻsish, yuqori ishsizlik va yuqori inflyatsiya davrini boshdan kechirdi. Iqtisodiy barqarorlashtirishga oid avvalgi yondashuvlar har doim ham kutilgan natijani bermasligi maʼlum boʻldi.

Holl va Vudford modellarni mikroiqtisodiy asosda — alohida shaxslar va kompaniyalar isteʼmol, jamgʻarish hamda narx belgilash borasida qanday qaror qabul qilishini inobatga olgan holda qurishni taklif qildi.

Bunday yondashuv iqtisodiy siyosatning nazariy bazasini takomillashtirishga yoʻl ochdi. Olimlarning ilmiy ishlanmalari hukumatlar va markaziy banklarga iqtisodiy larzalar, jumladan, energetika inqirozlari hamda isteʼmol talabining keskin oʻzgarishlariga munosib javob qaytarishda yordam beradigan modellarni yaratishda keng qoʻllanilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.