Mahalliy

“Infratuzilma hozircha Toshkentning rivojlanishiga yetib ololmayapti”. Poytaxt hokimi bilan katta intervyu

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Gazeta’ga bergan katta intervyusida Toshkent infratuzilmasi hali ham shaharning tez o‘sishiga yetib ololmayotganini ta’kidladi. U maktab va bog‘chalar qurish, yashil hududlar va transportni rivojlantirish, renovatsiya, shuningdek, hokimlarni saylash haqida ham gapirdi.

So‘nggi yillarda Toshkent bir vaqtning o‘zida aholining tez o‘sishi, qurilish, yo‘llardagi tirbandliklar va ijtimoiy infratuzilmaning yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.

Gazeta Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov bilan rasmiylar poytaxt muammolarini qanday hal qilishi va qaysi masalalarni ustuvor deb bilishi haqida suhbatlashdi.

Suhbatda shuningdek, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifati, yerlarni qaytarish, obodonlashtirish va havo ifloslanishi, renovatsiya, shahar bilan bog‘liq qarorlarda aholining ishtiroki va hokimlarni saylash imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritildi.

— Davlat xodimi, ustiga ustak prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi idorada ishlagan, forma kiygan odam sifatida biz o‘zimizni askardek his qilamiz. Qayerda ishlashimiz bo‘yicha topshiriq tushsa, o‘sha yerga borib mehnat qilamiz. Balki, prokuraturadan O‘zavtosanoat tizimi rahbari sifatida lavozimga tayyorlanishimizga o‘sha payt u yerdagi iqtisodiy holat yoki muhit huquqni muhofaza qiluvchi idoradan kelgan rahbar keraklini taqozo qilgani uchun yuz bergandir.

O‘zavtosanoat'da muhandis bo‘lmasak ham muhandislikni o‘rgandik, umuman bunday yirik kompaniya qanday boshqarilishini o‘rgandik, katta tajribaga ega bo‘ldik. O‘zavtosanoat'ni zarardan foydaga olib chiqdik. MDH mamlakatlari ichida eng ko‘p mashina ishlab chiqaradigan davlatga aylandik.

Ko‘plab sog‘lomlashtirish ishlarini olib borib, eksportni ham geografiya, ham pul jihatdan ko‘paytira oldik. Ya’ni, xo‘jalik munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar yechimini o‘sha yerda o‘rganganman demoqchiman. O‘zavtosanoat'da ham qurilish, obodonlashtirish masalalari mavjud, insonlar va ularning ijtimoiy muammolari bor.

O‘zavtosanoat'da 30 ming ishchi ishlagan bo‘lsa, multiplikativ tarafdan qaraydigan bo‘lsangiz, bir xodimning boshqa sohalarga beradigan ta’siri kamida yetti kishining ta’siri kabi bo‘ladi. Demoqchimanki, biz shu boshqaruvda tajriba orttirdik. Balki shular orqali O‘zavtosanoat qariyb besh mlrd dollarga yaqin aylanmagacha ko‘tarilgandir.

2018-yil yozida lavozimga tayinlanib, 2023-yil martida u yerdan ketgan bo‘lsam, 2022-yil yakuni bilan korxona, adashmasam, besh mlrd dollarga yaqin aylanmani amalga oshirdi. Ko‘p ishlarni qilishga erishdik. Shundan kelib chiqib keyinchalik hurmatli prezidentimiz tomonidan bu safar Toshkent shahar hokimligi bo‘yicha taklif, tavsiya berildi. Toshkent shahar deputatlari tomonidan shu taklif ma’qullanib tasdiqlandi.

Rahbar bo‘lsangiz kadr tanlayotganda avvalambor u yerdagi bugungi kundagi muhit, vaziyat, kelajakdagi va hozirgi muammolardan kelib chiqib, shu muammolar bilan ishlay oladigan odamni tayinlashga harakat qilasiz. Shundan kelib chiqib, hurmatli prezidentimiz tomonidan mening nomzodim ko‘rib chiqilgan deb o‘ylayman. Shu tariqa Toshkent shahar hokimi bo‘lib qolganman.

To‘g‘ri, O‘zavtosanoat boshqa, tijoriy kompaniya. Toshkent shahar hokimligi esa umuman boshqa sohadek ko‘rinadi. Lekin bundoq o‘ylab qarasangiz, hokimiyat ham ijtimoiy muammolari ko‘pligi jihatidan tijoriy kompaniyaga o‘xshab ketadi.

Biz shahardagi har bir soha bo‘yicha boshqaruvni qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsak, budjetga tushum ham shunchalik o‘z o‘rnida bo‘ladi. Yoki boshqa yo‘nalishlar orqali shahar pul topa oladi. U mablag‘larni nima qiladi? Albatta bu resursni shahar o‘z rivojlanishi va muammolarini yechishga yo‘naltira oladi. Bu, albatta, respublika budjetidan ajratiladigan yoki orttirilgan mablag‘larning mahalliy budjetda qoldiriladigan qismidan tashqari.

Men shaharni odam organizmiga o‘xshataman. Bizda yo‘llarimiz yaxshi bo‘lmasa, bu ijtimoiy sohaga, maktab yoki bog‘chalarga baribir ta’sir qiladi. Elektr energiyasi ta’minoti yaxshi bo‘lmasa, u faqat uyda o‘tirganlargamas, aylanib kelib o‘sha yo‘l infrastrukturasiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Oddiy asfalt to‘g‘ri yotqizilishigacha. Ya’ni, zavod to‘xtab qoladi. Aytmoqchi bo‘layotganim, men har bir yo‘nalishni bir butun organizmning qismi deb bilaman.

O‘zavtosanoat'da shu narsani o‘rgangan bo‘lsam, bugun hokim sifatida bu yerda ham shu boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapman. Biz faqat shunaqa qilibgina tejamkorlikni o‘rgana olamiz, daromad haqida, to‘g‘ri investitsiya haqida gapira olamiz. Bugungi kundagi muammolarning tizimli yechimi faqat shunaqa, o‘t o‘chiruvchiga o‘xshamasdan, tizim yaratilsa, hammasi konveyer kabi o‘zi ishlab ketadi.

— Agar men aqlim, sog‘lig‘im, yoki bu lavozimda ishlay olishimga ko‘zim yetmasa, albatta, ishlamayman derdim.

Taklifga yo‘q deb javob bera olarmidingiz deyiladigan bo‘lsa, yo‘q deb ayta olardim, agar shu yerdagi muammolar bilan kurasha olishga aqlim, idrokim, kuchim yetmaganda yo‘q derdim.

— Biz boshqacha qarashimiz kerak, nafaqat aholini soniga, balki bir fuqaro oldin ishlatgan infrastrukturasing ham hajmi, ham komforti, ham quvvati, ham mablag‘i jihatdan qarashimiz kerak bo‘ladi. Deylik, 2010-yildagi fuqaro bilan bugungi kundagi fuqaro davlatdan kutayotgan narsalar va u foydalanayotgan resurslarni solishtirsak, yer bilan osmoncha farq bor.

O‘zavtosanoat'ni men o‘zim uchun ilm o‘chog‘i deb qarayman. Masalan, bugungi kunda aholimizga tegishli mashina soni ortib boryapti. Har bir mashinaning qiymati ham keskin oshib ketdi. Menimcha 50 foizga oshdi. Oldin 100 ming-150 ming mashina sotilgan bo‘lsa, o‘sha mashinaning narxi 10 ming dollar bo‘lgan. Lekin bugungi kunda asosiy hajmni oladigan bo‘lsak odamlar 15 ming dollarlik mashina olgisi kelyapti. Yoki uyida bir nechta televizor bo‘lishini, konditsioner olishni istayapti.

Aytmoqchi bo‘lganim, bugungi kunda infratuzilma quvvati, albatta, rivojlanishni tezligiga teng emas. Masalan, bugun-erta eshitasizlar: ikkita katta podstansiyani ishga tushiramiz. Yoki 2023-yildan beri hisoblasak 1500 megavattdan ortiq quvvat ishga tushirildi. Bu yana ko‘payib boradi. Oldin bitta podstansiya besh yilda bir marta qurilgan. Ya’ni, aholi o‘sib boravergan, lekin infratuzilma sekinroq o‘ssa ham yetarli bo‘lgan.

Biz bugungi kunda aholi soni bilan birga uning to‘lov qobiliyatini ham inobatga olib infratuzilma quvvatini hisoblayapmiz. Bu nima degani? Har yili kamida 200 megavatt energiya quvvatini yaratib borishimiz kerak. 200 megavatt degani, bu kamida ikkita yangi podstansiya degani.

Yo‘l infratuzilmasiga kelsak, bugun Toshkent shahrida nafaqat Toshkent shahar aholisining mashinalari, tashqaridan kirib kelayotgan mashinalar soni ham keskin o‘sib boryapti. 2023-yil poytaxtga bir kunda 250 minggacha mashina kirgan bo‘lsa, hozir 500 minggacha kiryapti. Bu nima degani? Bu, albatta, rivojlanish borligidan dalolat.

Eski texnologiyalar bilan bizning yo‘llarimiz o‘zi 450−500 ming quvvatga ega edi. Hozir yangi texnologiyalarni joriy qilyapmiz, shu yo‘l bilan ham quvvatni oshiryapmiz. Kompleks ish qilyapmiz. Lekin, menimcha, baribir yo‘l infratuzilmasini uzaytirishimiz, ko‘paytirishimiz kerak, har qanday yechimlar ustida ishlashimiz kerak.

— Biz bu muammoning aniq yechimini ishlab chiqqanmiz. Respublika budjetidan imkoniyatdan kelib chiqib har bir viloyatda nechtadandir maktab, bog‘cha qurilishi uchun qanchadir pul ajratiladi. Toshkent shahri uchun ham.

Biz hokimlarimiz bilan bu manbadan tashqari ham reja ishlab chiqqanmiz. Bugungi kunda ikki plyus koeffitsiyentida ishlayotgan maktablarimiz atrofida yoki hududida joy bo‘lsa, bir koeffitsiyent, 1,2 koeffitsiyentga tushiradigan maktab qurish loyihalarini ishlab chiqdik.

Siz 75 ta maktab deyapsiz, bu 500, 600 yoki 1 000 o‘rinlik maktab bo‘lishi mumkin. Lekin biz ishlab chiqqan loyiha narx jihatidan, sifat jihatdan ham ancha samarali. Bugun har bir tumanni o‘z biznes rejasi, mablag‘i bor. Oldin Toshkent shahar budjetiga yig‘ilgan pul muayyan qaysidir tumanga qaysidir loyihani amalga oshirish uchun berilib yuborilardi.

Hozir unday boshqaruvdan kechganmiz. Bugungi kunda qaysi tuman qancha pul topsa, o‘sha mablag‘ o‘sha tumanga sarflanadi. Bektemir topdimi, Bektemirga, Shayxontohur topdimi, Shayxontohurga ketadi. Ya’ni, hokimlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi. Men shahar hokimi sifatida u mablag‘i menda qolsin yoki bu tumanga beray deb umuman aralashmayman. Mablag‘ umumiy qozonga tushadi, ular esa buni ko‘rib turadi. Keyin men yo‘l quraman, men bog‘cha quraman deb, loyihasini tayyorlaydi.

Bu yerda farq nimada? Oldin har chorakda mahalliy budjetda orttirilgan mablag‘ qancha bo‘lsa, shuni sarflardi. Hozir aksincha, tuman hisobidan topilgan mablag‘ning hammasi o‘sha tumanga ketadi. Va u mablag‘ topganimni sarflayman qabilida emas, reja asosida ishlatiladi. Tumanlar men shuncha quvvatli to‘rtta maktab, to‘rtta bog‘cha qurishim kerak deydi.

Biz bu ishni boshlashdan oldin har bitta tuman uchun bittadan tanlab oldik. Xudo xohlasa, keyingi yil ikkitadan bo‘ladi. Bu degani, biz hozir 75 ta maktab kerak deyayotgan bo‘lishimiz mumkin, lekin uning quvvati 75 mingga bormaydi. Lekin 50 ta maktab qurib ham 75 minglik quvvat yaratishimiz mumkin. Bizda hozir aniq loyiha, uning joyi, texnik-iqtisodiy asosi (TIA) bor. 15 500 bolaga mo‘ljallangan maktab loyihasi tayyor turibdi, puli ham shundoq turibdi. Hozir har bir tumanning o‘z puli bor. Shuningdek, 6 ming o‘ringa ega bo‘lgan 13 ta bog‘cha bo‘yicha ham loyihalar mavjud.

— Loyihasi, joyi, hamma narsa aniq. Hozir bu bo‘yicha tender hujjatlarini tayyorlayapmiz, bunday ishlarni qilishda bosib o‘tish lozim bo‘lgan jarayonlar bor. Chunki budjet mablag‘lari ishlatilishi uchun muayyan jarayonlardan o‘tishi kerak, hujjatlar rasmiylashtirilishi lozim. Hozir shu hujjatlarni rasmiylashtirish jarayoni ketmoqda. Tumanlarga chiqqanimizda maktab va bog‘chalar loyihalarini ko‘rsatyapmiz. Xudo xohlasa, men maktab, bog‘chalarni qurishda muammo ko‘rmayapman.

Biz autsors asosida taklif beryapmiz, ya’ni bu maktablarning xo‘jalik muammolarini, remontini ham, boshqasini ham xuddi boshqaruv servis kompaniyasiga o‘xshab xizmatini ko‘rsatishini ham autsors kompaniya o‘zi qilsin.

Keyingisi, ta’lim sifatli bo‘lishiga ta’sir qiladigan eng katta narsa — bolalarimizni to‘g‘ri ovqatlantirishimiz. Bu yo‘nalishda ham biz autsors variantini taklif qilyapmiz.

Moskvada bu bo‘yicha juda zo‘r tajriba mavjud. Ovqatlari haqiqatan sifatli, zo‘r. Shu tizimni albatta joriy qilishimiz kerak. Bu sizga, men buni ham hammasini autsorsga berishimiz kerak. Shuningdek, Estoniya va Finlyandiya mutaxassislarini chaqirib, shu qurgan 12 ta maktabning ta’lim bo‘yicha boshqaruvini xorijiy mutaxassislarga bermoqchi edik. Bu nima degani? 2030, 2035, 2040-yilda bizga qanday mutaxassis kerak? Farzandlarimizni shunday mutaxassis darajasiga yetkazish uchun bugun maktablarda qanday ta’lim berishimiz kerak?

Biz shu nuqtai nazardan yondashayapmiz. Estoniyani nega taklif qildingiz desangiz, bu mamlakat xalq ta’limini baholovchi PISA ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallaydi

. Ularda ham vaqtida sovet ittifoqi tizimidagi ta’lim tizimi bo‘lgan. Yalpi ichki mahsuloti ham o‘ta yuqori emas. Lekin ta’limi o‘ta sifatli.

Demoqchimanki, maosh nuqtai nazaridan, o‘zgartirish nuqtai nazaridan bugun O‘zbekiston bemalol buni moliyalashtira oladi, shu ta’lim tizimini joriy qila oladi. Chunki ta’lim tizimlarimiz o‘xshash. Oyligini ham bera olamiz. Shu nuqtai nazardan biz shu taklifni beryapmiz.

— Niyatim hamma maktabimizni, davlat maktablarini shunaqa qilish. Bizdagi davlat maktablari xususiy eng zo‘r maktab bilan bahslasha olish kerak. Bo‘lmasam, bizda o‘sha maktabni bitirgandan keyin ishsiz bo‘lib qolgan bolaga davlat ko‘proq pul to‘laydi. Biz baribir ularga pul ishlatamiz. Menimcha, ta’limga e’tibor berib, mablag‘ni bu yoqqa ishlatsak, ancha arzonga tushadi.

Bu men o‘ylab topgan narsa emas. Bu mutaxassislarning ilg‘or ilmiy ishlar asosidagi fikri. 18 yoshgacha davlat o‘zining har bir farzandiga tikkan 1 dollarini, agar u 18 yoshgacha ilmli va sog‘lom bo‘lib yetishsa, 18 dollar qilib qaytarib oladi deyishadi. Yoki o‘sha pulni ishlatmasa, 18 yoshgacha fuqaro kasal, ishsiz yo ilmsiz, hayotda o‘z o‘rnini topmagan bo‘lsa, har bir tikmagan 1 dollar uchun davlat ertaga 18 dollar ishlatadi deyishadi.

Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, dastlab o‘n ikkita maktabda shuni joriy qilmoqchimiz. Albatta, bu bir-ikki yilda o‘zining yaxshi natijasini beradi. Tajriba sifatida qilsak, shuni keyinchalik qadamma-qadam boshqa qurgan maktablarimizda ham joriy qilish mumkin. Bu tizim ishlab ketgandan keyin har yili qurilayotgan maktablar bilan birga unga mavjud eski maktablarimizni ham rekonstruksiya, remont qilib yoki qo‘shimcha jihozlab o‘tkazish mumkin.

— U taklifda yerto‘la emas, yarim yerto‘la (sokolnыy etaj, bir qismi yer ostida, bir qismi yer ustida joylashgan qavat) deylik. U yorga quyosh tushadi. Biz bu maktab loyihasini ishlab chiqqanda barcha SES va shaharsozlik normalarini, bugungi kundagi talablarni inobatga olganmiz.

Siz bitta narsani tushunishingiz kerak, bizda bugungi kunda maktablarda qo‘shimcha bino qurilsa, qo‘shimcha bo‘lgani uchun u yerga oshxona yoki sport maydonchasi qurilmaydi. Aksincha boridan ko‘proq foydalanadi.

Bu loyihani amalga oshirishda shunday g‘oya ham mavjud-ki, qo‘shimcha bino qurildimi, uning o‘zida infratuzilmasi ham mavjud bo‘lsin.

Siz aytayotgan o‘sha yarim yerto‘ladagi sport maydonchalari ko‘p sport turlariga moslashtirilgan bo‘lib, juda zamonaviy qilib loyihalashtirilgan. Bunday joyda SES normalari bo‘yicha bola bir soatdan ortiq vaqtini o‘tkazishi mumkin. Ya’ni, gap bu qavatga bolalarni olib tushib o‘qitish orqali maktab samaradorligini oshirish haqida ketmayapti.

U yerda ko‘p konstruksiyaviy o‘zgarishlarni qilganmiz. U yerda ilm olish masalasiga shu darajagacha e’tibor berganmizki, devorlar qanday rangda bo‘lishi kerak, parta qanday bo‘lishi kerak, xona yorug‘ligi qanday bo‘lishi kerak, dars o‘tayotganda yoki tanaffus vaqtida qanday joyda vaqt o‘tkazish qiziqroqligigacha o‘ylaganmiz.

Kutubxonalarni burchak xonadan o‘rtadagi ochiq xududda kovorking zonalariga o‘xshab loyihalashtirganmiz. Sababi, bolalarimizga u maktabda nafaqat darslarda, koridorlarda ham ilm olib yurish imkoniyati yaratilishi kerak. Loyiha shunaqa bo‘lganki, u yerda ham ta’lim seleksiyasi bo‘ladi, ham sport seleksiyasi. U yerda, adashmasam, 15 turdagi sport turlari bilan shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.

Bizda sport maktabi loyihasi ham bor. Olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi bilan kelishuvlarimiz bor.

— Biz hozir shunaqa reja qilganmiz-ki, bitta hududda maktab qursak o‘sha yerda besh yil muammo bo‘lmaydi. Hozir o‘n ikkita tumanning o‘n ikki nuqtasida qurilsa yetarli, koeffitsiyentni ushlab berib turadi. Biz koeffitsiyenti yuqori bo‘lgan joylar bo‘yicha prognoz qilganmiz, ya’ni aholisi soni, har yili birinchi sinfga chiqadigan bolalardan tortib maktab bitiruvchilari proporsiyasigacha olib, o‘shanga qarab ortig‘i bilan quvvat yaratganmiz.

Hokim sifatida o‘zimni hisob-kitobim bo‘yicha, aholimiz sonidan kelib chiqib, Toshkent shahrida bugungi kunda yo‘l infratuzilmasiga 300 million dollar sarflashimiz kerak deyman. Infratuzilmaning ko‘p qismi eskirgani sababli bu o‘sha quvvat va rivojlanish tempiga yetib olish kerak bo‘ladi.

Kommunal infratuzilmaga esa 400 mln dollar sarflashimiz kerak. Ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun esa 300 million dollar kerak. Maktab, bog‘cha, sog‘liqni saqlash yo‘nalishiga. Buni ichiga yangi quvvatlarni yaratish bilan birga, u yerdagi mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, ularning oyligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar ham kiradi.

Investitsion muhitni saqlab turishimiz uchun esa 1 milliard dollar sarflashimiz kerak. Bu 1−2 milliard dollarni shaharga ishlatadigan bo‘lsak, u kamida 3 milliard dollar bo‘lib qaytadi kamida. Bu aniq. Mana, masalan, renovatsiya loyihalarini amalga oshirish shu yo‘nalishning bir qismi. Turizm ko‘chalarini ko‘paytirish, turli festivallar o‘tkazish kabilar ham bor.

Bularning hammasi investitsion loyihalar, hammasi shaharning qiymatini oshiradi. O‘zingiz eshitgandirsiz, BCG kompaniyasi reytingi bo‘yicha Toshkent shahri 2025-yil dunyoda shiddat bilan rivojlanayotgan shaharlar ichida uchinchi o‘rinni egallagan

.

Shenjen birinchi o‘rin bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda Doxa, uchinchi o‘rinda esa biz. U yerda ko‘rsatkichlar pul nuqtai nazaridan emas, shaharning rivojlanish tezligi nuqtai nazaridan olingan.

Tezlik haqida bitta raqam aytaman. 2022-yil Toshkent shahri Yalpi hududiy mahsuloti (YAHM) 149 trillion bo‘lgan. 2025-yil yakuni bilan bu raqam 370 trillionga yaqinlashgan.

Demoqchi bo‘lganim, uch yilning ichida ikki yarim baravar o‘sish bor. Vaholanki, bugun hurmatli prezidentimiz yaratgan sharoitlar, imkoniyatlar hali to‘liq tizimli ishga tushirib yuborilgani ham yo‘q, biz 20, uzog‘i 30 foiz resursimizni ishlatyapmiz. Toshkent shahri o‘zi 2 mlrd dollar pul topib, 1 milliard dollarni yuqorida ta’kidlaganimizdek infratuzilmaga, shahar muammolariga bemalol sarflay oladigan darajaga yetishi kerak.

Albatta, bu raqamlar balki juda katta ko‘rinar, lekin shartli Seul yoki Koreyaning uch million aholiga ega biror shahrini olib qarasak, ularda bu narsalarga 2 milliard tikilmaydi, 20 mlrd pul tikiladi.

Aytmoqchimanki, biz bu ikki milliardni ham topa olamiz. Eng asosiysi bu ikki milliardni topish mexanizmi, imkoniyat borligini bilamiz. Biz hokimlar, umuman barcha mutasaddilar ikki milliard dollar nima uchun topishimiz kerakligini va uni nima uchun sarflashimiz kerakligini bilamiz, bu eng asosiy narsa.

Bu haqda Stiv Jobs ham aytgan. Muayyan maqsadga erishmoqchi bo‘lsang, birinchi bo‘lib atrofingdagi jamoangni shunga ishontira olishing kerak. Bizda bugun nafaqat Toshkent shahar hokimligi, barcha shahar mutasaddilari biz ikki milliard dollar topishimiz shartligini biladi.

Har xil baho bo‘lishi mumkin, 2 milliardmi? Maktab, bog‘cha, sport maktabi uchun yil boshida 100 million dollar olib qo‘yganmiz. U mablag‘ bor. Biz yuqorida aytganimdek, hali barcha imkoniyatlarimizni ishga tushirmadik, renovatsiya loyihalarini ham hali endigina boshlayapmiz.

Xudo xohlasa, keyingi yil rejalarimiz o‘ylaganimizdek amalga oshsa, keyingi yil Toshkent shahri 1 milliard dollar topa oladi. Shu o‘rinda maktab muammolarini deganda masalaga kengroq qarashimiz ham kerak. Bolalarimiz ko‘chada qolib ketayotgani yo‘q, baribir o‘qishyapti. Sharoitni yaxshilash haqida gapiradigan bo‘lsak, uch yilda ancha yaxshilaymiz.

Chunki biz bu yil o‘zimizga 15 ming o‘rinli maktabni reja qilib, pulini ajratib qo‘ygan bo‘lsak, keyingi yil 15 ming bilan qoldirmaymiz. Keyingi yillar uchun yana 15 ming, 20 ming qilib reja qilingan. Biz bu pul bilan narigisining pulini aralashtirmaymiz. Bu yil mana bu qurilishni boshlab oldik, keyingi yildagi bilan qo‘shsa, bu raqam 15 mingdan kam bo‘lmaydi, 20 ming yo 25 ming bo‘lishi mumkin.

— Juda zo‘r savol berdingiz. Menga shahar hokimi sifatida orzuing nima deb savol bersangiz, men bog‘cha, maktab, ta’limni yaxshilash deyman. Va shu maktabni bitirguncha bolalarimiz sog‘lom, jismonan baquvvat bo‘lishi kerak deyman. Mening orzuim shu.

Shunga pul tikishimiz kerak deyman, shunga biz e’tibor berishimiz kerak. Mana shu narsani qilsak, qolgan hammasi o‘zi-o‘zidan joy-joyiga tushib ketadi deb o‘ylayman. Bu shaxsiy fikrim.

— 90 foizdan kam bo‘lmasligi kerak. Hozir biz 100 foiz qilishimiz kerak o‘zi. Eng idealda 100 foiz. Hurmatli prezidentimiz ham qamrovni 100 foiz qilish topshirig‘ini berganlar. Lekin bugun Toshkent shahri infratuzilmasi shaharning shiddat bilan rivojlanishiga ulguryaptimi deyilsa, men yo‘q, hali ulgurmayapti deb javob beraman. Qoloqlik bor. Biz hozir nafaqat bu qoloqlikni to‘xtatishimiz kerak, balki o‘sish tempiga yetib olishimiz ham kerak. Buning uchun barcha imkoniyatlar bor.

Eng asosiysi bugun bu muammo bilan shug‘ullanishimiz kerakligini bilamiz. Bunga qayerdan pul olishimiz kerakligini ham bilamiz, manbasi aniq va uni topyapmiz. Qanaqa maktab, bog‘cha qurishimiz va qayerda qilishimiz kerakligini ham bilamiz.

Tuman hokimlaridan ham maktab, bog‘cha qurish niyating bormi deb o‘zingiz so‘rab ko‘ring. Barcha tuman hokimlari g‘ayrat bilan turibdi. Hozir hokimlarimiz mana bu joyda dom quray, yo boshqa qilay emas, infratuzilma yaratay deydi. Hokimlar orasida maktab, bog‘cha ochish bilan deb faxrlanish boshlandi, bu yaxshi tendensiya boshlandi degani. Xudo xohlasa, hamma g‘oyalarimiz ishga tushib ketsa, uch yil ichida taqchillikni yopib olamiz, maktabda ham, bog‘chada ham.

— Savolingizni boshqacharoq shakllantirsak ham bo‘ladi. O‘zingiz yuqorida yaxshi misol keltirdingiz. Bizda bugungi kunda ko‘p xususiy bog‘chalar bor, ular taqchillikning qanchadir qismini qoplaydi, ham biznes, xususiy sektor rivojlanyapti. Maktabda ham xuddi shunaqa, xususiy maktablarning soni ortib boryapti. Klinikalar ham ham hozir xuddi shunaqa. Juda ko‘p xususiy sektorda klinikalari paydo bo‘lyapti. Bu ham raqobatning bir belgisi.

Lekin quvvat emas, bugungi kunda mavjud bo‘lgan shifoxonalarimizda sharoit qanday, ularning infratuzilmasi qanday deydigan bo‘lsangiz va ularning menejmenti qanday desangiz, bu masalada savollar ko‘p. Bugungi kunda hurmatli prezidentimizning qilgan islohotlari tufayli har bir poliklinika, shifoxonaga davlat tomonidan juda ham zo‘r, ilg‘or tibbiyot uskunalari o‘rnatilgan. O‘rnatilib ham borilmoqda. Lekin ulardan qay darajada foydalanishyapti?

Masalan, xususiy klinikaga borsangiz navbat uzun, odamlar pul to‘lab, kechgacha kutyapti, ular uch smenagacha ishlayapti. Qiladigan ishlarimiz ko‘p. Mana bu joyda buni qilishimiz kerak, mana bu joyda buni qilishimiz kerak, deb ayta olmayman.

— To‘g‘risi aytaman, men Toshkent shahar hokimi bo‘lib kelganimda, bitta adolatsizlikni ko‘rganman. Lekin kimnidir ayblamoqchi emasman. Balki bu tabiiy ravishda shunday shakllanib qolgandir, shunday deb qabul qilaylik. Kimnidir ayblamoqchi yoki bu kimnidir xatosi demoqchi emasman. Har bir rivojlanayotgan davlat bu bosqichdan o‘tadi, deylik. Qasddan qilingan xatolik demaylik.

Qanday nohaqlik yoki adolatsizlik ko‘rganman? Toshkent shahar hokimligi Toshkent shahridagi infratuzilma boshqaruvchisi. Egasi kim desangiz, maktab deymizmi, bog‘cha deymizmi yoki boshqa infratuzilma bo‘ladimi, ularning egasi undan bugun foydalanayotgan odamlar.

U joyga yangi kimdir kelib bino qurdimi, uning bu infratuzilmaga egalik huquqi yo‘q. U yangi yaratishi kerak. Mana shu joyda tabiiy ravishda adolatsizlik paydo bo‘lib qolgan deb o‘ylayman.

Infratuzilma o‘ntalik trubaga moslangan quvvatga ega bo‘lsa, yana xuddi shu o‘ntalik trubada suv ketadigan quvvatga ega zavod deymizmi, uy-joy deymizmi, mavjud infratuzilmaga pul to‘lamasdan ulanyapti. Yangi qo‘shilayotgan obyekt mavjud quvvat yetgan taqdirda ham nega infratuzilma uchun to‘lov to‘lamayotganini men tushunmaganman.

Umuman Toshkent shahar boshqaruvida biznes reja yo‘qligiga hayron bo‘lganman. Chunki biznes reja nimani o‘rgatadi? Bu qancha pul ishlatishing kerak degan narsani o‘rgatadi. Qancha ishlatish kerakligini bilsangiz, keyin shuncha pul topishim kerak deb harakat qilasiz-da.

Bu yerda ham xuddi shunaqa, 2022-yil adashmasam 15 ming xonadon qurilgan. O‘sha 15 ming uy-joy qurilgan bo‘lsa, unga mos darajada infratuzilma shu quruvchilar tomonidan yaratilmagan, deb bilaman. Maktab, bog‘chalar, podstansiyalar, kanalizatsiya. Ular qurmagan-ku, davlatning mavjud quvvatiga ulanib kelgan. Shu yerda men adolatsizlik ko‘rganman.

Ya’ni, men buni uyingizda jo‘mragingizdan suv oqib turgan bo‘lsa, qo‘shningiz hovlingizga kirib ulab olgani bilan teng deb bilaman-da. Shundan kelib chiqib turib xorijiy tajribani o‘rgandim. Rossiya tajribasi, Yevropa tajribasi, hammasi har qanaqa nomlanadi. Biz buni infratuzilma to‘lovi deb, loyiha ishlab chiqdik. Shundan keyin odamlar, quruvchilar o‘n marta o‘ylaydigan bo‘ldi. Chunki o‘lchovni kubaturaga bog‘laganmiz. Qancha baland bo‘lsa, qancha katta bo‘lsa, shunga yarasha pul to‘lashi kerak. Oldin hech narsaga pul to‘lamagan va ulay olgan, shuning uchun shuncha ko‘p qurgisi kelardi.

Siz hozir kommunal infratuzilma haqida gap aytyapsiz. Lekin ular ijtimoiy infratuzilmagacha, maktab, bog‘chagacha qurmagan. Buning uchun qancha mablag‘ talab etiladi? Mening hisob-kitobimga ko‘ra, bitta bolaga 18 yoshigacha davlat har xil infratuzilmani yaratish nuqtai nazaridan o‘rtacha 10 ming dollar sarflashi kerak.

Lekin qaysi hisobdan? Tijoriy loyiha qilgandan keyin tijoriy loyiha to‘lab qo‘yishi kerak-da. U to‘layotgan soliq bilan infratuzilmaga berayotgan yuklamasini qoplay bo‘lmaydi. Bu pul juda kam, yetmaydi. Men soliq to‘layapman-ku, o‘sha puldan maktab, bog‘chani qursin, infratuzilma qilsin, deyish mutlaqo noto‘g‘ri.

Har bir kompaniyada ishlab chiqarish xarajatlari bor: amortizatsion, moliyaviy xarajatlar bor, hammasining balansini olib yurg‘izish kerak. Shunda to‘g‘ri bo‘ladi.

Shundan kelib chiqib turib, mana shu yengillikni qildik. Hozir har bitta quruvchi infrastruktura to‘lovini to‘laydi, biz shunga yarasha quvvatini ko‘tarib beramiz. Endi ijtimoiy infratuzilmaga keladigan bo‘lsak, bu yerda bizning hozir qilayotgan loyihalarimizda infratuzilmani biznes qurib beradi, lekin biz yerini tekinga beramiz. Uni sotib olmaydi. Keyin davlatga topshiradi.

Oldin bunday qilish imkoniyati bo‘lmagan. Chunki nuqtali qurilishlar bo‘lgan. Oldin bir gektarni olganda binoni qurib qo‘ygan, bir gektarga bog‘cha qurishni foydasi ko‘tarmaydi, buni ham biz tushunamiz. Shuning uchun biz hozir qilayotgan loyihalarimizda hududni kompleks rivojlantirish deymiz. Loyihani amalga oshirishda butun infratuzilmani hisob-kitobga qilib, qurilish ruxsatnomasi bilan savdoga qo‘yish mexanizmini yo‘lga qo‘yyapmiz.

Hozir biznes vakili sotib olib, u joyda ertasidan ishni boshlaydi. Juda ertasidan deyish noto‘g‘ridir balki, to‘lovini qiladi, keyin biz joylarni belgilaymiz, u yerni qabul qilib oladi, qabul qilgandan keyin ishni boshlab keta oladi. Shunaqa tizim yaratildi.

Bu ham hurmatli prezidentimiz tomonidan joriy qilingan bir yengillik. Renovatsiya qonuni chiqarildi, qabul qilindi, endi kuchga kiradi. Bu siz aytayotgan muammolarning tizimli yechimi degani. Hozir bizda g‘oya shunaqa-ki, shaharning budjetiga qayerdan pul kelsa, o‘sha yerga sarflanadigan tizim qilganmiz, deyarli.

Ya’ni, yo‘ldan topilgan pul yo‘lga sarflanadi. Mana Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM)ni yaratdik. Bugungi kunda Toshkent shahar hokimligi yo‘l infratuzilmasidan pul topishni boshladi. Oldin faqat xarajat qilardi.

— Nafaqat pullik parkovka, masalan, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalardan ajratmalar budjetga tushadi, parkovkadan tushadi, vending apparatlari qo‘yyapmiz, bekatlar qilyapmiz, undan qanchadir pul tushadi. Biznes shunaqa narsaki, unda tiyinlab yig‘ish kerak. Men doim hokimlarga ham, jamoaga ham pul topayotganda tiyin-tiyinlab yig‘ish kerak deyman.

Tizim bo‘lib, shaffoflik bo‘lgandan keyin loyihaning vaqti qisqaradi, pul aylanadi, pul muzlashi to‘xtaydi. Ishlab chiqarish vaqti qisqargani hisobiga unga sarflayotgan pul kamayadi.

— Boya aytganimdek, muayyan rivojlanish jarayonida, o‘sha vaqt uchun to‘g‘ri qarorlar deb bo‘lgandir balki. Bugun men zo‘r, to‘g‘ri deb qabul qilgan qarorim balki besh yildan keyin aktualligini yo‘qotib, noto‘g‘ri bo‘lib tuyular. Men bunaqa holatda hech kimni ayblashni xohlamayman, bundan yiroqman. Lekin bitta tushunmaydigan holatim, bir narsani qilaman deb yerni olib, boshqa narsa qilsa, u noto‘g‘ri deyman.

Endi siz aytayotgan holatga keladigan bo‘lsak, hujjatsiz berib yuborilgan yerlar yoki o‘sha berilgan yerlardan investitsion majburiyatdan tashqariga chiqib ketib foydalanilgan holatlarni noqonuniy deymiz. Hozir 8800 ta shunday holat aniqlangan, reviziya davom etmoqda.

Hozirgacha biz jamoa bilan birga 800 gektar yerni davlat ixtiyoriga qaytardik. Bu faqat maktab emas, umumiy noqonuniy yoki majburiyatini bajarmagan qurilishlar. Hokimlikka kelganimda zudlik bilan hurmatli prezidentimizga Toshkent Invest kompaniyasini tashkil qilish taklifini berganman. Chunki bu biz zamonaviy menejmentni joriy qilishimiz uchun kerak edi. Yerlarni qaytarish esa 2024-yildan boshlangan. Bular har xil toifadagi yerlar, siz aytganingizdek maktab hududida turli DXSH loyiha qilib yoki umuman, maktab hududini qisqartirib, hokimiyat berib yuborganlari bor. Tushunyapsizmi?

— Park hududlari ham bor, to‘g‘ri aytyapsiz. Mana avtoturargoh deb olib turib, boshqa turli qurilish loyihalarini amalga oshirib yuborganlar bor. Bozor hududlarida bunaqa holatlar bor. Masalan, Chorsu bozorining qancha noqonuniy yoki turli boshqacha hujjatlar bilan egallab olingan yer maydonlarini bozorga bo‘shatib, qaytardik. Lekin o‘sha yerda savdo qilayotgan odamlarga joy ham qilib berdik. Davlatga, budjetga pul tushyapti. Bu ish bizda tizimli yo‘lga qo‘yilgan va buni davom ettirib ketamiz.

Toshkent shahrida maktab, bog‘cha hududini DXSH loyihalariga berishga esa men mutlaqo qarshi siyosat yurgizyapman.

Maktab, bog‘cha hududida faqat davlat maktab, bog‘chalari qurilishi tarafdoriman.

— Xususiy ham bo‘lishi kerak emas. Chunki bugun davlat o‘zi qurib ola oladi, men hokimlarimiz qurib ola oladi deb aniq ayta olmayman. Ularning puli bo‘lmaganda balki DXSH loyiha qilish zo‘r, to‘g‘ri yechim bo‘lardi. DXSH loyihalarini men boshqa narsalarga beraman. Mana bekatlarni biznes uchun auksionga chiqaryapmiz.

Biznes menga pul to‘lab, u joyni supurib, tozalab, qarab tura oladigan bo‘lsa va u mulk baribir oxir-oqibat davlatniki bo‘lib qoladigan bo‘lsa, nega men undan foydalanishim kerak emas? Tushunyapsizmi, do‘kon qurib qo‘ymasa, xalal bermasa, infratuzilma yaratsa. Lekin ta’lim boshqa narsa. Shuning uchun bugun sog‘liqni saqlash obyektlarini, ta’lim, maktab, bog‘cha, institutlar ichidagi hududda DXSH loyihalariga ruxsat beriladimi desangiz, men yo‘q deyman.

Oliy ta’limda bitta DXSH loyihasi yaxshi yurdi: yotoqxonalarni qurish, u boshqa narsa. DXSH loyihasi doirasidagi agar OTMning o‘z yotoqxonasi yotmayotgan bo‘lsa, hudud berib yuborilyapti, unda xususiy sektor o‘sha OTM bilan kelishib, yotoqxona quryapti. Lekin u yoqqa borib turib, kimdir xususiy universitet quraman desa, men qarshi chiqaman.

— Men lekin oliy ta’lim muassasasi o‘zining yotoqxonasini auksionga qo‘yib sotgan holatni eshitmaganman.

— Ular samarasiz yoki noratsional ishlatayotgan binolar bo‘lishi mumkin.

— Hozir sizga aytganim o‘sha 800 gektar, 8800 dan ortiq holat bor, yana qo‘shilib boryapti. Chunki biz mahallalar ichiga endi to‘liq kirib boryapmiz, bunday holatlar yana chiqib kelaveradi. Endi qarang, bitta holat bor. Biz odamlarning norozilik kayfiyatini ham oshirib yubormaylik deymiz.

Qurilgan obyektlarni fiksatsiya qilyapmiz, lekin hozircha borib buzib tashlamayapmiz. Bu yil, Xudo xohlasa, yil oxirigacha Obod mahalla dasturi doirasida og‘ir yoki qizil toifadagi 125 ta mahalla remont qilinib, topshiriladi. Mustaqillik bayramiga 79 ta mahallani topshiramiz. Qanchadirini topshirib ham bo‘ldik. Yil oxirigacha buni 125 taga yetkazmoqchimiz.

Ularda ta’mirlash ishlari ketyapti. Shu doirada ijtimoiy norozilik kayfiyati kuchayib ketmasin deb shunday qilamiz. Mana kuni kecha ommaviy axborot vositalarida Chorsu bozorining oldidagi mahalla ichida bir ayol savdo do‘konini qurib, noqonuniy, hech qanaqa hujjatsiz savdo xizmatlari ko‘rsatayotgani chiqdi. U ham noqonuniy. Buzsangiz, ommaviy axborot vositalarida chiqib, noroziligini bildiradi. Men oilamni boqyapman, soliq to‘layapman deydi. O‘sha yerda yashovchi aholi ham chiqyapti, biz bu yerdan narsa sotib olardik, shunga tegmanglar deydigan holat bo‘ladi.

Obod mahalla dasturi doirasida biz o‘n besh daqiqada ko‘p masalasini yecha oladigan imkoniyat yaratib ketyapmiz. Bu loyihaning ichida kichkina bozorchaga o‘xshagan hudud ham qoldirib ketyapmiz. U davlatniki bo‘ladi. O‘sha yerda biznes vakillari ijarada o‘tirib, savdosini amalga oshiraveradi.

Ya’ni, hujjatlashtirib, rasmiylashtirib beryapmiz. Lekin mahallani ichidan, bollar maydonchasi yoki umumiy foydalanish uchun infratuzilma yaratiladigan hududdan olib chiqyapmiz. Lekin shu mahallaning atrofidan hujjatli joy qilib ham berib ketyapmiz. Biz insonning ishchi o‘rnini ham saqlab qolishga maksimal harakat qilyapmiz. Shu bilan birga o‘sha yerdagi aholi ham shu yerdan bemalol bozor qilishi uchun imkoniyat ham berib ketyapmiz.

Faqat bitta emas, turli xizmat ko‘rsatish nuqtalarini ochish kerak. Kimdir telefon tuzatadi, kimdir oyoq kiyim tuzatadi. Ularga ham agar infratuzilma SES va boshqa talablarga javob bersa, ko‘p qavatli uylarimiz tagidagi yer to‘lalarda sharoit qilib berib ketyapmiz. Buzib, olib tashlab, lekin mana bu yerda ishlagin deyapmiz. Yoki o‘sha xizmat ko‘rsatish joyini hujjatlashtirib, umumiy foydalanuv qismidan olib chiqib ketyapmiz.

Shuning uchun noqonuniy qurilmalarni buzayotganda mahalla ichiga kirib keskin buzib tashlamaymiz. Chunki uning o‘rniga qandaydir taklif berishimiz kerak. Buzib ketganimizdan keyin chiqindisini olib chiqib ketarmiz, lekin ertaga u joyga infratuzilma, bolalar maydonchasi qurilmasa, mantiq yo‘q-da.

Bizlardagi mana bu 8800 ta aniqlangan qurilishlar birinchi, ikkinchi liniyalar, yo‘l bo‘yiga tushgan. Ularning ham ko‘pini bartaraf qilyapmiz. U yerga ham infratuzilma, qayerdadir yashil hudud qilib ketyapmiz, qayerdadir piyodalar yo‘lakchasi qilib ketyapmiz.

— Bugungi kunda Toshkent shahri hududni kompleks rivojlantirish loyihasi doirasida ishlashni boshladi. Qurilish normalariga ko‘ra, umumiy hududning 30 foizida qurilish qilish mumkin. Qolgan qismida infratuzilma va yashillik bo‘lishi kerak. Endi bugun Toshkent shahar aholisi sonidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, shartli Olmaota darajasiga yetishimiz uchun kamida 1000 gektar bog‘ qilishimiz kerak.

Rejamiz bo‘yicha 2035−2040-yilga borib Toshkent shahar hududida 3000 gektar yashil hudud bo‘lishi lozim. Hozir sizda yerni qayerdan olasan degan tabiiy savol tug‘iladi. Bizdagi 60−70 foiz hudud bir qavatli yoki renovatsiyaga tushgan hududlar, deylik. Davlat rivojlangani sari baribir infratuzilma o‘zgarishi kerak, shahar tepaga o‘sishi kerak.

Endi shuni renovatsiya qilsak, 30 foizi hududida qurilish qilishimiz mumkin. 8−9 ming gektar haqida gap ketyapti. Ya’ni, bizda bu yoqda yana 15 ming gektarimiz bor. Shundan 10 ming gektari baribir yashillik hududi, bog‘ kabi narsalar bo‘ladi. Qolgani infratuzilma bo‘ladi.

Hozir ming gektarga hududimiz bor, reja qilib qo‘ygan aniq joylarimiz bor. Unda infratuzilma qilishni boshlaymiz. Bu ham katta mablag‘ talab etadi. Shuning uchun hisob-kitoblarni, hammasini qanday amalga oshirish rejasini aniq qilib olganmiz. Ya’ni, hozir Toshkent shahar hokimliklarining o‘zining 120 million tupdan iborat buta pitomnigi barpo etilyapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz biz guldan keskin chekinyapmiz. Fontandan yoki yashil o‘tlardan keskin chekinyapmiz, maksimal buta ekib, tomchilab sug‘orishga o‘tyapmiz.

Bugungi kunda Toshkent shahar hokimliklari o‘sishi bizga moslashgan daraxtlar turini ajratib olgan va u necha yosh bo‘lishi kerakligini ham aniqlashtirgan. Pitomnikni yaratishda sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan daraxtlarni reja qilganmiz. Hozir konveyer tizimiga tushish uchun birinchi uch yillikda o‘zimizga pitomnik qilmoqchimiz. Ya’ni muayyan miqdorda yetti, olti, besh yoshli ko‘chatlarni pitomnikda yetishtiramiz.

Yiliga bitta tumanda katta-kichikligiga qarab o‘rtacha 10 mingta shunday ko‘chat ekish kerak degan rejani qilganmiz. Ya’ni bu shaharda har yili 120 mingta ko‘chat ekilishi kerak degani. Bular qanday qilib o‘zini oqlaydi deyishingiz mumkin. Bugun loyihamizda 120 mln tup buta yetishtirsak, nima uchun biz uning 40 millionini yoki teng yarmini sotmasligimiz kerak? 60 million, 50 million tup buta ekish Toshkent shahrida hammayoqni yam-yashil qilib yuboradi. Hozir massiv ravishda buta ekyapmiz, lekin ularning miqdori juda oz.

Hozirgi hisob-kitoblar 100 gektarga 120 mln buta joylashtira olishimizni ko‘rsatmoqda. Biz butalarni nafaqat ekmoqchimiz, balki sotmoqchimiz ham. Bu ham xuddi biznesdek ishlaydi va yashillikni oshirishda budjetga yuklamani shunday qilib qisqartiramiz. Nima uchun shu paytgacha hokimiyat buni qilmagan yoki qila olmagan?

Birinchidan, yeri bo‘lmagan. Hurmatli prezidentimiz tomonlaridan 100 gektardan ortiq hudud o‘rmon xo‘jaligi barpo etish uchun bizga ajratib berildi. Biz hozir 300 gektar hududni o‘rmon xo‘jaligiga biriktirib, Bektemir, Yangihayot hududida o‘rmon barpo etyapmiz. Uning hududida yuqorida aytganimdek 100 gektarga butalar ekamiz.

Qizig‘i shundaki, hozir shu o‘rmon xo‘jaligi boshqaruvi uchun biznes kabi TIA qilingan. Bugungi kunda obodonlashtirish xodimlari oyligini tumandan oladi, lekin o‘zining ko‘chatini u yerdagi mutaxassislarning professional o‘qitishi orqali, ularning nazoratida butalarni yetishtiradi.

Endi hokimiyat bilan o‘rmon xo‘jaligini o‘rtasida tijoriy munosabat paydo bo‘lyapti. Ertaga hokim undan mening ko‘chatim qani deb so‘raydi. Men xodimimni berdim-ku.

Bizda sug‘orish tizimi yo‘q bo‘lgan joyda ekib ketilgan ko‘chatlar qurigani yoki noto‘g‘ri ekib ketilganligi bilan bog‘liq muammolar bor. G‘oya shundaki, shu yetishtirganlarning o‘zi ertaga hududida shularni eksin deyapmiz. Nimaga? Chunki, o‘zi yetishtirsa bolasiga qaragandak qarab, ekadi.

— Albatta bor. Bugungi kunda obodonlashtirish xodimi yaxshi ishlayaptimi, yomon ishlayaptimi? Mana aytyapsiz, o‘sha joy qarovsiz qolib ketgan, demak yaxshi yoki yomon ishlayapti degan masala bor. Bugungi kunda yildan-yilga har bir yo‘nalishga yangi-yangi talablar kelib chiqyapti. Mana hozir biz YHTEM va obodonlashtirish bilan birgalikda zamonaviy texnikalarni xarid qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqyapmiz.

Bugun qo‘l mehnatidan maksimal ketishimiz kerak. Shuning hisobiga samarali boshqaruvni joriy qilishimiz kerak. Ya’ni, biz siz aytayotgan o‘sha parklarni toza saqlashni hokim yo kimdir xohlamayapti emas, ulgurmayapti deb qarashimiz kerak. Rostdan ulgurmaydi.

Shu nuqtai nazardan obodonlashtirish tizimini to‘liq transformatsiya qilish rejamiz bor. Hozir buning ustida ishlayapmiz, ozgina vaqt kerak. Muayyan hududlarni muayyan odam yoki brigadalarga biriktirib, o‘sha hududni toza, sifatli saqlashi uchun brigadasidagi odam soni va texnikasi yetarlimi, yo‘qmi degan nuqtai nazardan loyiha tayyorlayapmiz. Shundan keyin siz aytayotgan natijaga erishamiz.

— To‘ppa-to‘g‘ri aytyapsiz. Mana administratsiya rahbari topshiriqlariga ko‘ra, Toshkent shahrida 800 gektar hududda yashil hududlarni bir-biri bilan bog‘layapmiz

.

Buning uchun eng ilg‘or loyihaviy institutlarni taklif qilganmiz. Gap nafaqat ularni o‘zaro bog‘lash balki infratuzilmani aholi uchun qiziqarli va qulay yaratish haqida ketmoqda. Bizda bu bo‘yicha tajriba yo‘q. Bizda o‘rindiq qo‘yish kerak, lekin uni ham o‘z o‘rniga to‘g‘ri qo‘yaylik degan g‘oya bor.

Loyihani amalga oshirish uchun Yevropaning ilg‘or loyihaviy institutlarini jalb qilganmiz. Muzokaralar olib bordik. Taklifimiz juda ham qiziqarli bo‘ldi. Bu loyihani yaqin oylarda poytaxt aholisiga taqdim etamiz. U yerda 3−4 ta institut bor. Masalan, Buro Happold va mahalliy SAD arxitektura studiyasi (avvalroq Gazeta mazkur studiya arxitektorlari bilan intervyuni e’lon qilgandi

) va boshqa xorijiy institutlar. Konsorsium qilganmiz. Yo‘l infratuzilmasini yaratish uchun mikromobillik bo‘yicha o‘z mutaxassisi bor. Piyodalar yo‘lagi bo‘yicha alohida, svetofor bo‘yicha alohida.

Jalb qilgan kompaniyalarimizdan konsorsium qilganimizning asosiy sababi, qaysi biridir riteyl, boshqasi iventlar bilan, yana biri yo‘l infratuzilmasi bilan, qaysidiri yashillashtirish bilan, boshqasi sug‘orish tizimi qanday bo‘lishi bilan shug‘ullanadi va hokazo. Shunaqa konsorsium qilyapmiz-ki, ertaga mukammal loyiha bo‘lishi kerak, chunki bu kelajakda hammaga maqtanadigan hudud hisoblanadi. Xorijdan kelganlarga ham, hamma uchun namunaviy hudud bo‘ladi.

— Xabaringiz bor, oldin bizning issiqlik stansiyalarimizda mazut ishlatilgan. Hozir esa mazut ishlatish butunlay to‘xtatilgan, ishlata olmaymiz ham. Ekologiya qo‘mitasi qattiq nazorat qilib turibdi. Shuningdek, shahar havosini ko‘proq issiqxonalardan kelayotgan tutunlar hisobiga yomonlashgan. Endi esa hurmatli prezidentimiz tomonidan sharoitlar yaratib berilyapti.

Kim imkoniyati bo‘lsa, istagiga qarab Surxondaryoga chiqib ketishi mumkin. Bu yerda qolaman desa filtr o‘rnatishi va yoqish mumkin bo‘lgan narsalarni ishlatishi lozim. Buning uchun har qanday moliyaviy vositalar ham qilib berilgan. Yoki issiqxonani ko‘p isitish shart bo‘lmagan turdagi ekinlar yetishtirishga moslashtirish ishlari olib boryapti.

Bizda o‘tgan yili ob-havomizni asosiy ifloslantirganlar issiqxonalar bo‘ldi. Toshkent shahrining o‘zidagina juda ko‘pi bilan gaplashildi, ular yo toifasini o‘zgartirdi, yoki boshqa biznes bilan shug‘ullanish taklifini qabul qilib, yopildi.

— Unday emas, bu yerda kompleks yondashuv bor. Jamoat transportida yoki piyoda yurishga qulaylik yaratilsa, odamlar o‘zi mashinadan asta-sekin piyoda yurishga yoki jamoat transportiga o‘tib ketadi.

Pulli yo‘l deganda shaharga kirmaslik haqida gap ketyapti. Bu tashqi halqa yo‘li. Mana, Yaponiyada bo‘lgansiz, Xitoyda bo‘lgansiz, Koreyada bo‘lgansiz. Ular shahar atrofida pulli ikkinchi qavat yo‘lini qilgan, bu shahar ichidan o‘tib narigi hududga boraman deganlar ichkaridan yurib o‘tirmasligi uchun qilinadi. Bu g‘oya muayyan nuqtaga tezda yetib olish uchun. Bu aksincha, Toshkent shahri ichiga mashina kirmasligiga, shahar ichida mashinadan foydalanmaslikka sharoit yaratish.

Yo‘l o‘tkazgich haqida ham gapirdingiz. U nima uchun kerak? U mashinalar uchun emas. Yo‘l o‘tkazgich qilishimizdan asosiy g‘oya, aksincha, to‘siqsiz muhit tashkil etish, ya’ni o‘sha yo‘l o‘tkazgichlar orqali piyodalarimiz yo‘llardan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishi.

— Bizda yo‘l o‘tkazgich yo‘l ustidan o‘tadigan loyihalarimiz ko‘p bo‘lmaydi. Aksincha, ko‘proq yo‘lning tagidan o‘tib ketadigan loyihalarni reja qilganmiz. Masalan, halqa yo‘li haqida gaplashsak. Halqa yo‘lining g‘oyasi o‘zi unda mashinalar to‘xtovsiz harakatlanishida. Mana, bizda kichik va katta halqa yo‘limiz bor.

U yerda qancha svetoforlar o‘rnatilgan. Bu shaharning ichida yursang ham, u yerdan yursang ham sharoit bir xil degani-da. Biz odamlarga shahar ichidan mashinada yurma deyishimiz kerak. Shaharning narigi burchagiga yetmoqchi bo‘lsang, qisqa yo‘ldan yurgandan ko‘ra halqa yo‘lga chiqib aylanib borsang tezroq yetib olasan, deyishimiz lozim.

Bunga nimaning hisobiga erishiladi? Halqa yo‘lidagi to‘xtalishlarni qisqartirish hisobiga uning jozibadorligi oshadi. Undagi svetoforlarni qayerdadir to‘g‘irlab, qaysidir mostlarni, yo‘l o‘tkazgichlarni qurishdan voz kechishimiz ham mumkin. Lekin qayerda ko‘prik qurilsa, bu yoki halqa yo‘li bo‘ladi, yoki piyodalarga to‘siqsiz sharoit yaratish uchun qilinadi.

— Shahar ichida ko‘p qilmaymiz, chorrahalarda to‘siqsiz muhit yaratish uchun mashina to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tib ketishi bilan birga, odamlarga muayyan joylarda ustunlik beramiz.

— Yo‘q, Buyuk ipak yo‘li metro bekati oldidagi loyiha ham ko‘p muhokamaga sabab bo‘ldi

. Biz u loyihani qilmoqchimiz. Lekin unga start berishdan oldin OAV vakillarini va o‘sha hudud aholisini chaqirib, men emas, mutaxassislar tushuntirib beradi. Gap faqat most haqida ketmayapti. Hozir biz kompleks qarashimiz kerak deyapmiz.

Bu jamoat transporti sonini ko‘paytirish, bu mikromobillikni yaxshilash, hududni kompleks rivojlantirish konsepsiyasiga o‘tish, 15 minutlik masofada infratuzilma yetarli bo‘lishi uchun maktab, bog‘chalar sonini oshirishni nazarda tutadi. Uyimiz yonidagi maktab yaxshi bo‘lmasa, nima qilamiz? Yaxshi maktab qidirib xususiy yoki boshqa sifatliroq davlat maktabiga mashinada bolamizni olib ketamiz.

Masalan, Sergelidagi 300-sonli maktabda 7 ming nafar o‘quvchisi bor, adashmasam. Odamlar ta’lim sifati yaxshi deb farzandlarini Olmazor tumanidan ham olib borishadi. Men bu mening aybim deb o‘ylayman, davlatning muammosi. Nima uchun Olmazorda biz shu sifat darajasida maktab yaratib qo‘ymadik? Bu ham tirbandlikning oldini olish choralaridan biri.

O‘sha yerda sifatli maktab bo‘lganda, odamlar bolalarini piyoda olib chiqardi. Hozir uzoqda bo‘lgani uchun mashinada olib boryapti. Toshkent shahrida most qurish bu mashinaga ustuvorlik berish emas. Aksincha, bu Toshkentni piyodalar shahri qilish nuqtai nazaridan qilinadi.

— Albatta, hokimlik. Buni biz himoya qilishimiz kerak. Lekin himoya qilish uchun biz qonunchiligimizni to‘g‘rilashimiz kerak. Nima deb o‘ylaysiz, bugun piyodalar yo‘lakchasiga mashina qo‘yib qo‘yilsa, ichki ishlar xodimi uni evakuatsiya qilish huquqiga egami yoki yo‘qmi? Ega emas.

— Biz qonunchilik bo‘yicha taklif kiritdik. Umuman, gapirilsa, chuqur muammolar juda ko‘p. Bu oddiy jarima maydonchalaridan boshlanadi, biz Ichki ishlar vazirligi bilan jarima maydonchasi qanday tushuncha ekanini qayta ko‘rib chiqdik. Evakuatsiya qiladigan ichki ishlar xodimining vakolati-yu, u olayotgan oylik, buni davlatga budjetiga yuklamasdan munitsipal ichki ishlar xodimini joriy qilish elementlarini ishlab chiqdik.

Dastlabki hisob-kitob shuni ko‘rsatdiki, biz kuniga kamida 900 ta mashinani Toshkent shahridan yig‘ishtirib olib chiqishni boshlasak, kamida uch oy, uzog‘i olti oyda odamlar u yo‘lakchalarga mashina qo‘yishdan voz kechishni boshlaydi.

Hozir buni ham davlat amalga oshirishi kerak demayman, davlat bunga sharoit, ekotizim qilib, muammosini yechishi kerak. Shuning uchun biz jarima maydonchalarini yaratish bo‘yicha taklif kiritganmiz. Hozir u ko‘rib chiqish jarayonida. Xudo xohlasa, shu yil yengilliklar bo‘lib qoladi degan umiddaman.

Bu yerda jarimalar masalasi ham turibdi. Odamlarda haqli e’tiroz paydo bo‘ladi. Xo‘p, men mashinamni piyodalar yo‘lagidan olib qo‘yaman, lekin qayerga qo‘yay, sharoit yaratib ber deydi. Bu yerda avtomatik avtomobillar to‘xtash joyi segmentlari bor. Bugun biz avtomobil to‘xtash joyida to‘xtab, pul to‘lamay ketib qolsa, jarima qilaylik degan taklifni berdik.

Qonunga bunday o‘zgartirish kiritish masalasi hozir ko‘rib chiqilyapti. Bu yerda ham ijtimoiy norozilik ham bor. Kimdadir davlatning yeri mening yerim, tekinga foydalanishim mumkin degan tushuncha bor. Men, masalan, bu fikrga mutlaqo qarshiman.

Toshkent shahriga bugun ikki yuz ming boshqariladigan pullik avtomobil to‘xtash joylari kerak. U yerda investitsiya jalb qilish nuqtai nazaridan ham qonunchilikda bo‘shliq bor. Investorlar bu joyga agar haydovchi pulli to‘xtash joyidan pul to‘lamay ketsa, jarima sola olsagina pul tikadi.

Shunday qilib biz ikkita muammoni yechyapmiz. Ertaga men mashinamni qayerga qo‘yay desa, mana bu yerga qo‘ygin deb ko‘rsatiladi. Shundan keyingina biz bemalol o‘sha evakuatsiyani ham qilib keta olamiz. Menimcha, tezroq pulli to‘xtash joylarini joriy qilish uchun tegishli qonunlarimizni qabul qilsak, bu piyodalar uchun infratuzilma yaratishga yanayam ko‘proq imkoniyat beradi. Endi qarang, buni yaratgandan keyin davlatga pul tushadimi? Bu pulni hokimiyat nima qiladi? O‘sha infratuzilmani barpo qiladi. Ya’ni, investitsiya jalb qiladi.

Investitsiya jalb qilishda istalgan xalqaro moliya institutlari tushumingni ko‘rsat, men pul beraman deydi. Shartli Moskva yo‘l infratuzilmasidan 800 million dollar pul topadi. Agar undan ko‘p bo‘lmasa. 800 million dollar. Dubay 2 milliard dollar topadi. Hammamiz Dubay zo‘r, tartibli, boshqa deb havas qilamiz. Nega bizda unday emas? Nega u yerda mashina haydagan odam maqtab, o‘sha joyda parkovkasiga pul to‘lagan odam, bu yerda to‘lashi kerak emas?

— Xudoga shukur, biz berayotgan takliflarimizdan hozirgi kunda Yashnobod, Mirobod renovatsiya hududidagilarning hammasi rozi. Chunki biz juda ham jozibador taklif beryapmiz, juda ham.

O‘sha hudud atrofidan yangi qurilgan uy olib beryapmiz. U uy yashayotgan uyidan 10−20 foiz qimmat. Shuning uchun, o‘ylaymanki, biz kimnidir majburlab mana shu yerda turasan demaymiz. Borishyapti, kvartirani ko‘rishyapti, yoqyapti, tanlashyapti, keyin biz olib beryapmiz.

Bu yerda qolgan 20 foiz mulkdor bilan ham katta muammo bo‘ladi deb o‘ylamayman.

— Hammasi shunday, bizda tizim shunaqa yaratildi. Odamlarga o‘zi yashayotgan uyiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha kvadratura qo‘shib bera olamiz. Ya’ni, qonunchilik bo‘yicha 40 kvadrat o‘rniga 48 kvadratgacha taklif berish huquqimiz bor.

— Hovlidagi uylar ham xuddi shunaqa, narxiga nisbatan.

To‘g‘risini aytaman, bugungi kungacha men unaqa muammolarga duch kelmadim. Chunki biz berayotgan taklif jozibador. Odamlar hozir yashayotgan mulkiga nisbatan 20 foizcha ko‘proq foyda ko‘radi.

— To‘ppa-to‘g‘ri. Bu mening aybim, buni ko‘p joyda aytganman. Men, birinchidan, prokuraturadan, yopiq organdan chiqqanim uchun sizlar bilan, OAV bilan ishlashni, qoyillatolmagandirman. Hozir o‘rgandim, o‘rganyapman.

Mana, kecha bizning matbuot xizmatimiz sizning taklifingizni berdi, men bo‘ldi deb, ishlarimni yig‘ishtirib, sizning savollaringizga javob berishga harakat qilyapman.

Dizayn-kod bo‘yicha ham ko‘p noroziliklar bo‘ldi. U yerda ham bu bizning xatoyimiz, biz tan oldik, yozib chiqaringlar dedim. Demak, biz aholi bilan kam gaplashyapmiz. Hozir Obod mahalla bo‘yicha ham ta’mirlashingdan oldin hammani yig‘ib gaplash deyapman. Nimaga? Juda qiziq holatlar bo‘lgan. Misol uchun, oxirgisi Yashnobodda bo‘ldi.

Bitta mahallada uylar oldiga garaj, avtomobil to‘xtash joylari qilib tashlangan, hovlisi o‘rab olingan. Biz, kelinglar, bu yerni bo‘shatib, umumiy foydalanish hududi qilamiz dedik. Sport maydonchasi, bolalar maydonchasi va hokazo. Sizlarga mahalladan tashqarida, uyingizga yaqin, lekin tashqariroqda, odamlar kamroq yuradigan joyga mashina qo‘yadigan joy qilamiz, loyihalashtiramiz desam, yo‘q dedi.

Biz garaj qilib qo‘yganmiz, ustini yopganmiz, pul ishlatganmiz dedi. Bu yerda kichikkina bolalar maydonchasi, sport maydonchasi bor, shu yetadi deyapti. Qarang, bitta odam shunaqa deyapti. Yonidagi qo‘shnisi, xo‘p, mening garajli tomorqamni olib tashlayapsan, bolamga o‘ynagani maydoncha qilib ber dedi. Bolam hozir mana shuning ichida o‘ynab yotibdi dedi. Bo‘lmasa, mashina urib ketadi deyapti.

Tushunyapsizmi? Demak, biz aholimiz bilan birga ishlab, shu madaniyatni shakllantirishimiz kerak. Mahallani ichidagi hududda birinchi ustuvorlikni ekologiya, havo tozaligi, o‘sha yerda dam olish uchun infratuzilma mavjudligi va uning xavfsizligiga berishimiz kerak. Mashina urib ketishi kerak emas, mashina yurishi kerak emas deb ishlashimiz kerak.

Va har bir loyihani amalga oshirishda aholi ishtirokini ko‘paytirishimiz kerak. Men shunga amin bo‘ldim, shunga harakat qilyapman.

— Albatta, o‘zgargan bo‘lardi. Endi hammasining vaqt-soati bor. Hozir birgina Obod mahallada'gi kelishuvlarni gapirdim. Har bir qilayotgan ishimizda barcha past-balandliklarni hisob-kitob qilib borishimiz kerak deyman.

Albatta, saylov bo‘lgan joyda ish sifati yaxshilanadi. Lekin bunga hokim ham, xodimlar ham, aholi ham tayyor bo‘lishi kerak.

— Endi men sizga orzuimni, xohishimni aytdim. Birinchisi, ta’limni sifatini yaxshilash. Bu ustuvor vazifa. Ta’lim sifatli, aholimiz sog‘lom bo‘lishi. Ikkinchisi, ekologiya. Biz bugungi kunda mavjud infratuzilma, ekologik vaziyatimizni tanqidiy ko‘rib chiqib, tizimli ish olib borishni yo‘liga qo‘yishimiz kerak. Bu ikkinchi yo‘nalish. Uchinchisi, bularning hammasini amalga oshirish uchun zamonaviy menejment. Yuqori qiymatli mahsulot chiqarishga asoslangan shahar barpo etadigan menejmentni tashkil qilish.

Shu uchta narsa bo‘lishi shart deyman. Menimcha, shu uchta narsa bo‘lsa, shahar zo‘r rivojlanadi, aholi rozi bo‘ladi.

— Qilayotgan ishingni aholi bilan kelishib, tushuntirib qilgin deb aytardim.

Balki qilayotgan ishlarim to‘g‘ridir, lekin tushuntirib bera olmadim… Eshitmadim, ishlamadim, xalq bilan buni muhokama qilishni lozim topmadim deb aytsam xato bo‘ladi. Shunchaki bu ishni to‘g‘ri tashkillashtirmadim, bu aniq.

Chunki, bir qiziq ko‘rsatkichni aytaman. Men kecha shuni yozib chiqaringlar dedim. Bu o‘zimning, hokimiyatdagilarning aybi, yozinglar dedim. O‘sha kecha 56 ta ko‘chada dizayn-kod bo‘yicha odamlar bilan ishlaganimizdan keyin ularning 98 foizi buni qo‘llab-quvvatlagan, qilishimiz kerak ekan degan. 98 foiz.

Har bir dizayn-kod qilgan joyimizda o‘sha joyning qiymati ikki baravar oshdi. Ikki baravar qimmatlashib yotibdi. Oqim ko‘payyapti-da. Bizlar nimaga bu ko‘chalarni yaxshilaylik, u qilaylik, bu qilaylik deyapmiz? Chunki, bahonada infratuzilma yaxshi bo‘lib qolyapti-da.

O‘sha yerda piyodalar yo‘laklari, ishchi o‘rini paydo bo‘lyapti. 15 daqiqali masofada joylashgan infratuzilma avtomat paydo bo‘lyapti. Buni ko‘plar, bunaqa ko‘chalarimizni faqat ovqatlanish uchun qilishyapti deb aytishi mumkin. Lekin bu umuman noto‘g‘ri, bitta ovqatxona emas-ku, ko‘ringlar, necha xil narsa bor.

Ovqat yaxshi sotilmasa, ovqatxona bo‘lmaydi-ku. Sotiladigan narsa bo‘ladi. Lekin davlat ekotizim yaratishga bosh bo‘lib, shuni birgalikda yaratyapti. Uyog‘i avtomatik ravishda bo‘lib ketyapti.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.