Indoneziyada to‘ydan mehmonlarni olib ketayotgan avtomobilni ikkita yuk mashinasi urib yubordi: 13 kishi halok bo‘ldi

Indoneziyada to‘ydan mehmonlarni olib ketayotgan avtomobilni ikki yuk mashinasi urib yubordi: 13 kishi halok bo‘ldi
Indoneziyaning Yava orolida, gavjum avtomobil yo‘lida to‘ydan mehmonlarni olib ketayotgan pikapni ketma-ket ikki yuk mashinasi urib yubordi. 13-iyul kuni politsiya ma’lum qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida 13 kishi halok bo‘lgan, yana besh kishi jarohatlangan. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Yo‘l-transport hodisasi 12-iyul kuni tushdan keyin Kiajaran Kulon qishlog‘i yaqinidagi shimoliy sohil avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Mahalliy politsiya boshlig‘i Undang Syarif Hidayatning so‘zlariga ko‘ra, mehmonlar qo‘shni Parean qishlog‘idagi to‘ydan uyga qaytayotgan bo‘lgan.
Halokat qanday sodir bo‘ldi?
Mehmonlar ochiq kuzovli pikapda harakatlanayotgan edi. Haydovchi trassada ortga qayrilish uchun tezlikni pasaytirgan va to‘xtagan. Shu payt orqadan kelayotgan katta fura pikapni urib yuborgan. “Zarb natijasida pikap qarama-qarshi yo‘lakka o‘tib ketdi. U yerda uni boshqa bir yuk mashinasi kelib urdi”, dedi Hidayat.
Kuchli to‘qnashuv natijasida o‘ndan ortiq odam pikap kuzovidan yo‘lga uchib ketgan. Politsiyaning ma’lum qilishicha, omon qolgan besh kishi shifoxonaga yotqizilgan, ularning jarohatlari yengil va og‘ir darajada. Hozirda rasmiylar halokat sabablarini o‘rganmoqda.
Indoneziyada o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari tez-tez sodir bo‘ladi. Bunga ko‘pincha mashinalarga me’yoridan ortiq yuk ortilishi, yo‘l xavfsizligi choralari yetarli emasligi va haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasligi sabab bo‘ladi. Avvalroq Vyetnamda turistlar bo‘lgan qayiq ag‘darilib, 15 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

