Indoneziyada 7,7 magnitudali zilzila yuz berdi. Qurbonlar bor (foto, video)

Indoneziyaning sharqiy qismida 15-avgust kuni ertalab sodir bo‘lgan 7,7 magnitudali kuchli zilzila oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi, binolar vayron bo‘ldi va minglab aholi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilindi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Zilzila Flores oroli yaqinida yuz bergan. AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uning epitsentri Sharqiy Nusa-Tenggara provinsiyasidagi Ende shahridan 68 kilometr shimoli-g‘arbda, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Indoneziya seysmologiya xizmati esa zilzila chuqurligini 15 kilometr deb qayd etgan.
Orolning Maumere shahrida bir qator binolar qulagan. Kasalxonalardagi bemorlar xavfsizlik maqsadida tashqariga chiqarilgan, tibbiyot xodimlari ochiq havoda vaqtinchalik davolash joylarini tashkil etgan. Ayrim hududlarda elektr ta’minoti va aloqa uzilgan.
Sharqiy Nusa-Tenggara gubernatori Emanuel Melkiades Laka Lena besh kishi uxlab yotgan paytda qulagan konstruksiyalar ostida qolib halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, mamlakat Tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi dastlab bir kishi halok bo‘lgani va to‘rt kishi jarohatlanganini bildirgan.
Zilziladan so‘ng sunami xavfi e’lon qilindi. Ayrim hududlarda balandligi bir metrdan past bo‘lgan to‘lqinlar qayd etilgan, biroq taxminan uch soatdan so‘ng ogohlantirish bekor qilindi.
Nagekeo hududida qariyb 2 ming kishi uylarini tark etgan. Zilzila Sharqiy va G‘arbiy Nusa-Tenggara hamda Janubiy Sulavesining ayrim qismlarida ham kuchli sezilgan. Asosiy silkinish ortidan o‘nlab aftershoklar qayd etilgan.
Indoneziya Tinch okeanining seysmik faol “Olov halqasi” hududida joylashgani sababli mamlakatda kuchli zilzilalar tez-tez sodir bo‘ladi. 1992-yilda aynan Flores orolida yuz bergan zilzila va sunami qariyb 2,5 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2004-yilda Sumatra yaqinidagi 9,1 magnitudali zilzila keltirib chiqargan sunami esa bir necha mamlakatda 230 mingga yaqin odamni halok qilgan.
Avvalroq Kolumbiyada 7,4 magnitudali zilzila yuz bergani, tabiiy ofat oqibatida 132 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. 28-iyul kuni Yaponiyaning Kyusyu orolida 7,1 magnitudali zilzila qayd etilgan. Keyinchalik qurbonlar soni 13 kishiga yetgani ma’lum qilingandi. 20-iyul kuni Peruning tog‘li hududida sodir bo‘lgan ikkita zilzila oqibatida kamida olti kishi halok bo‘lgan, 21 kishi jarohatlangan.

