Dunyo

Imron Xonning o‘g‘li dunyoni Pokistondagi “zolimlar”ga qarshi turishga chaqirdi

Imron Xonning o‘g‘li dunyoni Pokistondagi “zolimlar”ga qarshi turishga chaqirdi

Pokistonda qamoqda saqlanayotgan sobiq bosh vazir Imron Xonning o‘g‘li Sulaymon Xon oilasiga bosim kuchayganini aytdi. U G‘arb hukumatlarini Pokiston “zolimlari”ning noqonuniy harakatlariga qarshi qat’iy pozitsiya bildirishga chaqirdi.

Sulaymonning so‘zlariga ko‘ra, oila a’zolarining hibsga olinishi 27-sentyabrga belgilangan ommaviy namoyishdan oldin ularni qo‘rqitish maqsadida amalga oshirilgan.

“Oila a’zolarimizning, jumladan, ayollar va bolalarning yarim tunda, hech qanday sababsiz olib ketilishi o‘ta sharmandali holat. Bu mamlakatda fashistik rejim o‘rnatilganining yana bir isbotidir”, deydi Sulaymon Xon.

Imron Xonning kichik o‘g‘li Qosim Xon ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida hukumat harakatlarini keskin tanqid qildi:

“Siz oilalarni hibsga olishingiz va odamlarni qo‘rqitishingiz mumkin. Lekin 250 millionlik Pokiston xalqini qamay olmaysiz va bir avlodning irodasini sindira olmaysiz. Hech bir rejim o‘z xalqidan ustun emas”, deb yozadi u.

Imron Xonning “Pakiston Tahriki Insof” (PTI) partiyasi poytaxt Islomobodda ommaviy norozilik yurishini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Partiya vakillarining aytishicha, bu namoyish bir necha kunga cho‘zilishi mumkin.

Namoyishlar arafasida mamlakat rasmiylari xavfsizlik choralarini bahona qilib, Imronning opa-singillari — Alima, Uzma hamda Nuren Niaziyni, shuningdek, yuzlab partiya faollarini hibsga oldi. Amnesty International inson huquqlari tashkiloti bu hibslarni noqonuniy deb baholab, qo‘lga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi.

Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqviy partiya rahbariyatini namoyishlarni bekor qilishga undadi. Hukumat poytaxtga olib boruvchi yo‘llar va magistrallarni yuk konteynerlari bilan to‘sishni boshlagan.

Islomobodda xavfsizlikni ta’minlash uchun 22 mingdan ortiq, yaqin hududlarda esa bundan ham ko‘proq huquq-tartibot xodimlari safarbar etilgan. Shuningdek, poytaxt shifoxonalariga ommaviy jarohatlanish holatlariga tayyor turish topshirig‘i berilgan.

2023-yil avgustidan beri qamoqda bo‘lgan 73 yoshli Imron Xon korrupsiya va davlat sovg‘alari bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha jazo muddatini o‘tamoqda. Uning o‘g‘illari London matbuotiga bergan intervyusida qamoqxonadagi og‘ir va sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitlar sabab otalarining salomatligi, xususan, o‘ng ko‘zi nuri keskin yomonlashganini aytgan.

Pokiston hukumati esa sobiq bosh vazirga nisbatan yomon munosabatda bo‘linayotgani va uning huquqlari poymol etilayotgani haqidagi ayblovlarni rad etmoqda. Avgust oyida Imron Xon sog‘lig‘idagi muammolar sabab shifoxonaga olib ketilgan edi. Ammo shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilgach, u “tibbiy jihatdan sog‘lom” deb topilgan. Sobiq amaldor 21-avgust kuni tongda qamoqxonaga qaytarilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.