Ilon Mask koʻzi ojiz odamlar uchun moʻljallangan Blindsight qurilmasi tayyorligini maʼlum qildi
Amerikalik tadbirkor Ilon Mask koʻzi ojiz odamlar uchun moʻljallangan Blindsight qurilmasini ishlab chiqish texnik nuqtai nazardan tayyorligini maʼlum qildi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmogʻida yozdi.

Ilon Mask koʻzi ojiz odamlar uchun Blindsight qurilmasi allaqachon tayyorligini maʼlum qildi.
«Ikkinchi mahsulotimiz Blindsight deb ataladi. Nomidan koʻrinib turganidek, u hatto mutlaqo koʻzi ojiz yoki hech qachon koʻrmagan odamlarga ham koʻrish imkonini beradi»,
— deb
yozdi Mask.
Uning soʻzlariga koʻra, muhandislik nuqtai nazaridan qurilma allaqachon yakunlangan, biroq ishlab chiquvchilar hozircha tartibga soluvchi organlarning tasdigʻini kutmoqda.
2024 yil sentyabr oyida AQSh Oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) Blindsight qurilmasiga «innovatsion qurilma» (Breakthrough Device Designation) maqomini berdi. Bunday maqom hayot uchun xavfli holatlarni davolash yoki tashxislash uchun moʻljallangan tibbiy buyumlarga beriladi va ularni ishlab chiqish hamda koʻrib chiqishni tezlashtirishga qaratilgan.
OAV tomonidan taʼkidlanishicha, bu maqom haqiqatan ham koʻrib chiqish tartibini tezlashtiradi, ammo «implant xavfsiz yoki samarali deb tan olinganini anglatmaydi va uni sotishga ruxsat bermaydi». Qurilma hali ham eksperimental boʻlib qolmoqda.
Neuralink-ning miya signallarini oʻqiydigan birinchi implanti — Telepathy-dan farqli oʻlaroq, Blindsight vizual maʼlumotni zararlangan koʻzlar va koʻrish nervini chetlab oʻtib, toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrish poʻstlogʻiga uzatishi xabar qilinmoqda. Tashqi kameradagi tasvir elektr signallariga aylantiriladi va simsiz aloqa orqali miya neyronlarini ragʻbatlantiradigan elektrodlarga uzatiladi.

