«Ilm-fandagi birinchi qadam uchun ilhom manbai». Toshkentda Formula 35 ilmiy festivali qanday oʻtdi
Toshkent Botanika bogʻida Formula 35 ilmiy festivali boʻlib oʻtdi. Kimyo, fizika, astronomiya, biologiya va sanʼatga bagʻishlangan mavzuli lokatsiyalarda maktab oʻquvchilari tajribalarni kuzatishlari, baʼzilarida esa oʻzlari ishtirok etishlari mumkin edi. «Gazeta» fan bilan tanishuv qanday oʻtgani haqida hikoya qiladi.

«Ilm-fanga birinchi qadam uchun ilhom». Toshkentda Formula 35 ilmiy festivali qanday oʻtdi
Ilm-fan qiziquvchanlikdan boshlanadi: avval inson hamma narsa qanday tuzilganini bilib oladi, keyin nima uchun aynan shundayligi haqida oʻziga savol beradi, soʻng — buni qanday oʻzgartirish mumkinligi bilan qiziqadi. Toshkent Botanika bogʻida boʻlib oʻtgan Formula 35 ilmiy festivali ishtirokchilariga tashkilotchilar va taklif etilgan mutaxassislar shu haqda soʻzlab berishdi. Tadbir Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan oʻtkazildi va bolalar bilan interaktiv muloqot qilish uchun turli ilmiy institutlardan ekspertlarni bir joyga jamladi.
Maydoncha kimyo, fizika, astronomiya, biologiya, texnologiyalar va sanʼatga bagʻishlangan toʻqqizta mavzuli hududga boʻlindi. Doska oldidagi tushuntirishlar bilan oʻtadigan odatiy dars oʻrniga, bu yerda ilm-fan dunyosi bilan tanishuv tajribalar, kuzatuvlar va nimanidir mustaqil ravishda bajarib koʻrish imkoniyati orqali amalga oshirildi.
Odatiy kunlarda institut olimlari mavjud tartibni soddalashtirish, takomillashtirish va oʻzgartirishga harakat qilib, tadqiqotlar bilan shugʻullanishadi. Ammo bu kuni ular oldida boshqa vazifa turgan edi va uni oddiy deb boʻlmasdi. Mutaxassislar Formula 35 festivaliga oʻzlarining minglab «nima uchun»larini olib kelishni unutmagan bolalar bilan muloqot oʻrnatishdi.
Tarix instituti stendida yosh ishtirokchilarga kurakchalar va choʻtkachalar berilib, topilmani ehtiyotkorlik bilan, chang zarrachasigacha kavlab olish taklif etildi.
Birinchi qarashda oddiy tuyulgan topshiriq bolalarni uzoq vaqtga oʻziga jalb etdi. Birovlar sekin, ammo ishonch bilan oʻzlarining birinchi arxeologik kashfiyotiga yaqinlashayotgan bir paytda, boshqalar mikroskop orqali 100 va hatto 400 barobar kattalashtirilgan oʻsimliklarning koʻrinishini tomosha qilishdi.
Shu asnoda Formula 35 ning asosiy stendi yonida bir guruh maktab oʻquvchilari karbonat angidrid gazining qattiq shakli, yaʼni quruq muz qanday koʻrinishini koʻrsatayotgan maʼruzachilarni oʻrab olishdi.
Shuningdek, bu yerda bolalarga xayoliy mototsiklda «yurish» va shamol turli tezlikda qanday esishini his qilish taklif etildi. Buning uchun oʻquvchilardan qoʻllarini oldinga uzatish va motor akillashini taqlid qilish soʻraldi. Bolalar zudlik bilan jarayonga kirishib, har qanday topshiriqqa mamnuniyat bilan javob qaytarishdi.
Boshqa bir stendda olovni qoʻlda «ushlab koʻrish» mumkin edi. Bunday taklifni hatto kattalar ham rad etishmadi.
Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti laboratoriya mudiri Kamilla Mardiyeva bolalarga natijasi lava lampasini eslatuvchi kimyoviy reaktsiyani koʻrsatdi. U rang-barang aralashmalar kolbada mayin pasayishi yoki koʻtarilishi uchun qaysi elementlarni nima bilan aralashtirish kerakligini tushuntirib berdi.
«Biz shuningdek, bolalarga mikroskop ostida oʻsimlik hujayralarini, soya ildizlaridan ajratib olingan xavfsiz rizobium bakteriyalarini namoyish etdik», — dedi u.
Kislota-ishqor reaktsiyalari bilan tanishuv ham koʻrgazmali boʻldi. Tabiiy indikator sifatida odatiy binafsharang karamdan foydalanildi. Muhitga qarab u rangini oʻzgartirdi: neytral eritmada binafsharangligicha qoldi, ishqoriy muhitda toʻq yashil, kislotali muhitda esa toʻq qizil (malina) rangiga kirdi.
«Bunday oʻzgarish moddalarning kimyoviy xossalarini murakkab formulalarsiz tushuntirishga yordam beradi. Bola avval rangning oʻzgarishini koʻradi, shundan keyingina uning ortida qaysi jarayon turganini bilib oladi. V abstrakt tushuncha kuzatiladigan hodisaga aylanadi va uning ahamiyati yaxshiroq esda qoladi», — tushuntiradi Kamilla Mardiyeva.
«Bu haqiqiy topazmi?» — hayratlanadi yarim qimmatbaho toshlarni tomosha qilayotgan oʻtib borayotgan katta yoshli kishi. Uning yonida maktab oʻquvchilari toʻplanib, bir stolga, bir stend yonidagi olimga qarashadi.
Yadro fizikasi instituti Yadroviy analitika laboratoriyasidan Temur Usmanov tashrif buyuruvchilarga fundamental fizikani sanoat ishlab chiqarishi bilan bogʻlaydigan texnologiyalar haqida soʻzlab bermoqda. Masalan, neytronlar bilan nurlantirish minerallarning kristall tuzilishidagi oʻzgarishlar hisobiga ularning rangini qanday oʻzgartirishi mumkinligi haqida.
«Topazlar bizga mana shunday oq koʻrinishda keladi. Reaktorda, neytronlar oqimi bilan nurlantirilgandan soʻng, ular oʻz rangini oʻzgartiradi. Bu misol yadroviy texnologiyalar nafaqat energetika va ilmiy tadqiqotlarda, balki materiallarga ishlov berishda ham qoʻllanilishini koʻrsatadi», — dedi Temur Usmanov.
Ushbu stend yonida maktab oʻquvchilariga ham savollar berildi. Ulardan yorugʻlik tezligi, ekvator uzunligi va Yer radiusi haqida soʻrashdi. Baʼzilar, deydi olim afsus bilan, maktab dasturidagi oddiy savollarga javob bera olishmadi. Shunga qaramay, ularga baribir sovgʻalar — brendirgan kepkalar, maykalar va bloknotlar topshirildi. Mutaxassis tushuntirganidek, bu bolalar taslim boʻlmagani, javob izlagani va variantlarni taklif qilgani uchun berildi.
«Menimcha, yoshlar fizikaga, masalan, IT ga qaraganda kamroq qiziqishadi. Ehtimol, festivaldan soʻng ularda dunyoga yangicha nazar bilan qarash imkoniyati paydo boʻlar», — deya taxmin qildi olim.
Festivalda yosh isteʼdodlar ham oʻzlarini koʻrsatishlari mumkin edi. Masalan, Sehriyo maktabi oʻquvchisi Iymona Poʻlatova sinfdoshlari bilan birgalikda Mars tuprogʻini qayta yaratdi. Bu sayyoradan Yergacha boʻlgan masofa taxminan 400 mln kilometrni tashkil etadi, ammo hatto shunday masofa ham Qizil sayyorani oʻrganishga xalaqit bermaydi.
«Biz NASA Space Apps xakatonida qatnashdik. U yerda bizda marsoxodlardan olingan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati boʻldi. Biz Marsdagi erning kimyoviy tarkibini tahlil qildik va ularni biz uchun mavjud boʻlgan moddalarga boʻldik. Aralashtirganda Mars tuprogʻiga maksimal darajada oʻxshash tarkib hosil boʻlishiga harakat qildik», — dedi u.
Aralashmani tayyorlash uchun oʻquvchilar Yer tuprogʻi va qumidan 20 foizdan foydalanishdi, shuningdek, turli tuzlar, kislotalar va boshqa kimyoviy moddalarni qoʻshishdi. Qizning soʻzlariga koʻra, xakatonga kelgan NASA vakillari keyinchalik laboratoriyada tekshirib koʻrishdi va bu haqiqatan ham Mars tuprogʻiga oʻxshashini tasdiqlashdi.
Keyingi bosqich Yer organizmlari, xususan chuvalchanglar, odatiy tuproq va sunʼiy ravishda qayta yaratilgan Mars tuprogʻining 70% ga 30% nisbatidagi aralashmasida qanday yashay olishini oʻrganish boʻldi.
Bundan tashqari, jamoa Oy regoliti va Mars tuprogʻi tarkibining yana bir variantini qayta yaratish ustida ishlamoqda. Buning uchun oʻquvchilar kimyoviy tarkibi boʻyicha yangi tajribalar uchun juda mos keladigan vulqonning qotgan lava parchalaridan foydalanishni rejalashtirishmoqda.
Astronomiya instituti kichik ilmiy xodimi Yodgor Rajabov bu qadar koʻp tashrif buyuruvchilar oqimini kutmaganini tan oldi.
Koʻpchilik maktab oʻquvchilari ikkita teleskop yonida toʻxtab qolishdi.
Bolalarga qurilmalarni mustaqil sozlash, fokusni oʻzgartirish va maxsus filtrlar orqali Quyoshni kuzatishga yordam berildi, shuningdek, unda nima uchun dogʻlar borligi tushuntirildi.
«Biz ularga ushbu va boshqa teleskoplar orqali Oy va uning kraterlarini, shuningdek, Quyosh tizimi sayyoralarini koʻrish mumkinligini soʻzlab berdik. Mening yoshligimda ham, ehtimol, shunday tadbirlar oʻtkazilgandir, lekin men ular haqida bilmasdim. Agar men shunday tadbirga tashrif buyurganimda, ehtimol, ilm-fanga yanada ertaroq qiziqqan boʻlardim», — dedi Yodgor Rajabov.
Festivaldagi ilm-fan faqat tabiiy fanlar bilan cheklanib qolmadi. Alohida stol ebru — suv yuzasida naqshlar yaratish va keyinchalik rasmni qogʻozga koʻchirish sanʼatiga bagʻishlandi.
«„Ebru“ soʻzi bizga fors tilidan kirib kelgan boʻlib, „havo bulutlari“ deb tarjima qilinadi. Agar naqshlarga qarasangiz, ular hamisha turlicha va haqiqatan ham vaznsizdek koʻrinadi», — tushuntirdi Sharqshunoslik instituti konservatsiya va restavratsiya boʻlimi mudiri, fan doktori Bashorat Xoʻjayeva.
Bashorat Xoʻjayeva ebru texnikasi XVI asrda Buxoroda qoʻllanilganini soʻzlab berdi. Bunday naqshli qogʻozlar kitob muqovalarini bezashda ishlatilgan. Vaqt oʻtishi bilan hunarmandchilik asosidagi bu ishlab chiqarish anʼanasi asta-sekin soʻndi. Shu bilan birga, Turkiyada ebru rivojlanishda davom etdi va ommabopligini saqlab qoldi. Bugungi kunda bunday qogʻoz, jumladan, xattotlik va boshqa badiiy ishlar uchun ishlatiladi.
«Naqshlarni yaratish uchun dengiz oʻtlari kontsenrati bilan zachchalangan suv va tabiiy pigmentlar kerak boʻladi. Kukun shaklidagi boʻyoqlar ish oldidan suv va oʻt bilan aralashtiriladi, buning sharofati bilan ular yuzada ushlanib qoladi va rasmni shakllantirishga imkon beradi. Bu texnika kuzatuvchanlik va aniqlikni talab qiladi, boʻyoqning suvdagi harakati materiallarning xususiyatlariga va insonning harakatlariga bogʻliq», — dedi Bashorat Xoʻjayeva.
Ilmiy festival tashrif buyuruvchilari suvda takrorlanmas rasm yaratishga harakat qilishlari, unga oq varaqni botirib, quritgandan soʻng qogʻozdagi «havo bulutlari»ni oʻzlari bilan olib ketishlari mumkin edi.
Bolalarni qiziqtirishning yana bir usulini Mikrobiologiya instituti xodimlari taklif qilishdi. Ularning maydonchasida maktab oʻquvchilari imbir pechenyelarini bakteriyalar va oʻtlar rasmlari bilan bezatib, bir vaqtning oʻzida mikroorganizmlar dunyosi bilan tanishishdi. Odam mikrobiomasi laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi Dildora Amirsaidova bolalar oqimi cheksizdek tuyulganini soʻzlab berdi.
Pechenye bilan mashgʻulotdan tashqari, bolalar tayyorlangan detallardan qush uyalarini yigʻishlari mumkin edi. Tayyor konstruktsiyalarni oʻzlari bilan olib ketishga yoki qushlar koʻp boʻlgan Botanika bogʻi hududida qoldirishga ruxsat berildi.
«Vaqt bilinmay oʻtib ketdi. Stoldagi joylar xohlovchilardan kamroq edi, hamma ham oʻzini sinab koʻrishga ulgurmadi. Bolalarga qiziq boʻldi, har biriga vaqt ajratging keladi. Bunday festivallar muhim, ularni imkon qadar tez-tez oʻtkazish kerak», — dedi Dildora Amirsaidova.
Festival yakunida Botanika bogʻida, shuningdek, shoʻrlanish, tuproq degradatsiyasi va choʻllanishga qarshi kurashish boʻyicha innovatsion yechim loyihasi bilan Botanika instituti birinchi oʻrinni egallagan respublika ilmiy xakatoni yakunlari chiqarildi.
Dildora Amirsaidova xayrlasha turib, bir kun oʻtadigan festival vaqt boʻyicha cheklanganidan afsusda ekanini bildirdi. Tashrif buyuruvchilar tajribaga qiziqib qolishlari mumkin, ammo hamisha ham uning tamoyillarini tushunib yetishga ulgurmaydilar. Formula 35 festivali maktab darslarining oʻrnini bosa olmaydi, ammo ular uchun qimmatli qoʻshimcha, kimdir uchun esa — ilm-fanga birinchi qadam uchun ilhom boʻlishi mumkin.

