Iqtisodiyot

Illyuziyalar bilan yashamang

Trampning Rossiya dizeli boʻyicha qarori jahon narxlariga va Markaziy Osiyo bozoriga qanday taʼsir qiladi — ekspert fikri

Puch xayolga berilmaslik kerak

Donald Trampning Rossiya dizel yoqilgʻisi eksportidan sanktsiyalarni vaqtincha olib tashlash qarori Rossiya neft kompaniyalariga qoʻshimcha tushum keltirishi mumkin, ammo bu yoqilgʻining jahon narxlari sezilarli darajada pasayishiga olib kelishi dargumon. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham cheklovlarning bekor qilinishi Rossiyadan yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oʻzgartirmasligi kerak. Bu haqda intervyuda Energetika va moliya institutining tadqiqotlar boʻyicha direktori Aleksey Belogoryev soʻzlab berdi.

— Rossiya va AQSh oʻrtasida Rossiya dizel yoqilgʻisini yetkazib berish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni qanday baholaysiz? Eʼlon qilingan hajmlar qanchalik real va ular dizel yoqilgʻisining jahon narxlariga sezilarli taʼsir koʻrsata oladimi?

— Neft bozori ishtirokchilari Donald Trampning tez-tez balandparvoz bayonotlar berishiga va ularning ortidan deyarli hech narsa ergashmasligiga koʻnikib boʻlishgan. Hozircha eʼlon qilingan bitim xalqaro savdodagi talab va taklifning real balansini qandaydir tarzda oʻzgartirishi koʻrinmayapti. Rossiya eksportining eʼlon qilingan bosqichma-bosqich oshirilishi ichki talabning mavsumiy pasayishi boshlanishi fonida uni qayta tiklashning tabiiy muddatlarini aks ettiradi.

Soʻnggi haftalarda Rossiya NQZlari omborlarning toʻlib-toshib ketishi yoqasida edi, chunki ishlab chiqarish ichki talabdan ortib ketdi. Qanchalik ortgani aniq maʼlum emas, lekin benzindan farqli oʻlaroq, dizel yoqilgʻisining ortiqchaligi yaqqol koʻrinib turibdi.

Taqiqga qaramay, ilgari tuzilgan shartnomalar boʻyicha muayyan eksport oʻtgan haftalar va oylarda ham saqlanib qoldi — kamida Markaziy Osiyo va Moʻgʻulistonga. Shunday ekan, bu bitim Rossiyadan hech qanday qoʻshimcha harakatlarni talab qilmadi.

Boshqa tomondan, bozor uchun haqiqatan ham muhim qadam — garchi u birinchi navbatda Rossiya kompaniyalari uchun muhim boʻlsa-da — bu Rossiya dizel yoqilgʻisi eksportiga nisbatan sanktsiyalarning yarim yilga yumshatilishidir. Ammo bu bozorda Rossiya yoqilgʻisiga boʻlgan talabda hech qanday aks etmaydi.

Hatto amaldagi sanktsiyalar sharoitida ham Rossiya dizeli Afrika, Lotin Amerikasi, Turkiya va qisman Osiyoda yaxshi sotilayotgan edi. Bugungi kunda asosan Fors koʻrfazidagi inqiroz tufayli kelib chiqqan defitsit sharoitida, Rossiya eksportiga boʻlgan talab, nazarimda, hech kimda shubha tugʻdirmaydi.

Biroq, sanktsiyalarning yumshatilishi transport, sugʻurta, toʻlovlarni amalga oshirish va boshqa xarajatlarni — yaʼni sanktsiyalarni aylanib oʻtish mexanizmlari bilan bogʻliq xarajatlarni kamaytirish hisobiga Rossiya kompaniyalarining tushumini oshiradi. Bu aqlsiz darajadagi foyda emas, lekin gap, ehtimol, oʻnlab million dollarlik qoʻshimcha tushum haqida bormoqda.

Har qanday holatda ham, bu kelishuv eksportning jozibadorligini oshiradi. Bundan tashqari, u xarid narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin, chunki Rossiya kompaniyalarida koʻproq potentsial sotuv bozorlari paydo boʻladi. AQShning ikkilamchi sanktsiyalari xavfi — Rossiya tovarlari, shu jumladan neft mahsulotlari importi uchun salmoqli ushlab turuvchi omildir.

Takrorlayman: sanktsiyalarning yumshatilishi bozorning real balansiga deyarli hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi. Dizel yoqilgʻisining jahon narxlari dinamikasi uchun foydaning taqsimlanishi emas, aynan balans muhimdir.

Odatdagi sharoitda Rossiya oyiga taxminan uch million tonna dizel yoqilgʻisi yetkazib beradi, baʼzan hatto undan ham koʻproq — yiliga 40 mln tonnaga yaqin. Bu jahon savdosining taxminan 10 foizini tashkil qiladi.

Nazariy jihatdan, Rossiya dizeli ortilgan alohida tankerlar AQShga yetib kelishi mumkin. Bunday hollar ilgari ham baʼzan sodir boʻlgan, ammo bu koʻproq AQShning oʻz ichidagi murakkab logistika bilan bogʻliq. Mamlakat katta, neft mahsulotlariga boʻlgan talab va taklif geografiyasi murakkab va alohida mintaqalar uchun dizel yoqilgʻisini mamlakat ichida tashish xarajatini toʻlagandan koʻra, uni import qilish arzonroqga tushadi.

Ammo bu AQSh taxminan 15 foiz ulush bilan dunyodagi eng yirik dizel yoqilgʻisi eksporteri, Rossiya esa ikkinchi oʻrinda ekanini bekor qilmaydi. Ichki balans nuqtai nazaridan ularga Rossiya dizeli umuman kerak emas. Trampning asosiy maqsadi — dizel yoqilgʻisining jahon narxlari pasayishiga erishish, eksport pariteti narxini pasaytirish, yaʼni eksport jozibadorligini kamaytirish va shu orqali AQSh ichidagi narxlarga taʼsir oʻtkazishdir. Shu bilan birga, AQShda dizel yoqilgʻisining jismoniy defitsiti yoʻq va boʻlmagan — buni taʼkidlab oʻtish muhim.

AQShda narxlarning oshishi jismoniy yetkazib berishning yetishmasligi bilan emas, aynan eksport muqobili bilan bogʻliq. Biroq, «bitim»ning eʼlon qilingan parametrlari haqiqatan ham narxlarning pasayishiga olib kelishiga katta shubham bor. Biroz tuzatish kiritilishi mumkin, ammo odatdagi sharoitda, aytib oʻtilganidek, Rossiya oyiga uch million tonna yetkazib beradi, hozirda esa gap 300 ming tonna, noyabrda esa yarim million tonna haqida bormoqda (quruqlikdagi eksportni hisobga omaganda). Shu bilan birga, bozordagi taxminiy defitsit 6–7 mln tonnani tashkil etadi. Oktyabr-noyabr oylaridagi oʻzgarish eʼtiborsiz qolmaydi, lekin bu aniq hal qiluvchi omil emas.

— Dizel eksportiga qoʻyilgan Rossiya cheklovlari bekor qilinishi mumkinligidan soʻng jahon bozori uchun nima oʻzgaradi? Neft mahsulotlarining joriy defitsiti va Rossiya NQZlarining shikastlanishini hisobga olganda, qoʻshimcha hajmlar qanchalik salmoqli?

— Global miqyosda narxlarning pasayishiga uchta omil taʼsir qilishi mumkin. Birinchisi — talabning qisqarishi. Ammo koʻpgina mintaqalarda, shu jumladan Yevropada, yaqin oylarda u juda oz boʻladi. Transportda dizel yoqilgʻisi isteʼmolining mavsumiy pasayishiga qaramay, isitish uchun ishlatiladigan suyuq qozonxona yoqilgʻilari — gazoylga boʻlgan talab ortib bormoqda. Bu dizel yoqilgʻisi ham kiradigan oʻrta distillyatlarga umumiy talabning ortishini anglatadi. Shunga koʻra, yaqin bir necha oy ichida, kamida dekabr oxirigacha talab yetarlicha yuqoriligicha qoladi.

Ikkinchi omil — Ormuz boʻgʻizining ochilishi va umuman Fors koʻrfazidan yetkazib berishga qoʻyilgan cheklovlarning olib tashlanishi. Bu hozirgi inqirozga olib kelgan asosiy omildir. Ammo, koʻrinib turibdiki, Tramp administratsiyasi hozircha bu muammoni hal qila olmayapti va istiqbollar noaniqligicha qolmoqda.

Xom neft boʻyicha sentyabr va oktyabr boshlarida biz turli xil kulrang sxemalardan foydalangan holda yetkazib berishning shiddatli qayta tiklanishini kuzatdik. Ammo, birinchidan, u ham beqaror va yuqori xavf-xatarlar bilan bogʻliq. Eng muhimi — dizel yoqilgʻisi boʻyicha bunday qayta tiklanish yoʻq. Uni Fors koʻrfazidan olib chiqish bilan bogʻliq vaziyat xom neftga qaraganda ancha murakkab.

Uchinchi omil — Rossiya eksportining toʻliq qayta tiklanishi. Ammo bu omil bevosita Rossiya NQZlariga ogʻriqli zarbalar davom etish-etmasligiga bogʻliq.

Ukraina bu zarbalarni toʻxtatmoqchi ekani haqida hozircha aniq belgilar yoʻq. Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasida qandaydir energetik yarashuv tuzilganini eʼlon qildi, ammo bu bayonot, shekilli, ikkala mamlakatda ham hayrat uygʻotdi. Bu Trampning kamida ikkinchi shunga oʻxshash eʼloni va uning amalga oshirilishi umuman aniq emas.

Zarbalar davom etar ekan, dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish normadan sezilarli darajada pastligicha qolmoqda va eksportga qoʻyilgan qisman cheklovlar majburiy ravishda saqlanib qoladi. Rossiya eksportini toʻliq qayta tiklash uchun, ehtimol, bir necha oy kerak boʻladi. Shu bilan birga, bozordagi spot narxlari bozor ishtirokchilarining bir, maksimal darajada ikki oy oldingi kutmalarini aks ettiradi.

— Rossiyaning eksport siyosati oʻzgarishi fonida Rossiya dizelini Markaziy Osiyoga eksport qilish istiqbollari qanday? Mintaqa koʻproq yoqilgʻi olishi mumkinmi yoki, aksincha, yetkazib berish yanada daromadliroq tashqi bozorlarga yoʻnaltiriladimi?

— Rossiyadan dizel yoqilgʻisi eksportiga qoʻyilgan taqiq hukumatlararo bitimlar boʻyicha yetkazib berishga, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlariga tarqalmaydi, shuning uchun rasman bunday yetkazib berishga cheklovlar boʻlmagan. Iyul oyida Rossiya ichki bozorini barqarorlashtirish uchun eksport majburiy ravishda qisqartirilgan edi, ammo avgust-sentyabr oylarida u asosan qayta tiklandi, baʼzi mamlakatlarga esa hatto sezilarli darajada oshdi.

Ehtimol, taqiqning bekor qilinishi sentyabr oyiga nisbatan yetkazib berishning biroz oshishiga olib kelar, ammo umuman olganda ular allaqachon yuqori darajada. Taqiqning bekor qilinishi asosan Donald Trampni qiziqtirayotgan dengiz orqali yetkazib berishga tegishli. Rossiyadan Moʻgʻuliston va Markaziy Osiyoga quruqlik yoʻli bilan yetkazib berish xalqaro savdo va dizel yoqilgʻisining jahon narxlari uchun unchalik salmoqli emas.

Ammo ularga qoʻyilgan taqiqning qisman olib tashlanishi Rossiyada dizel yoqilgʻisining ortiqchaligi borligini tasdiqlaydi. Demak, hukumatlararo bitimlar boʻyicha yaqin oylarda yetkazib berish ikki tomonlama kelishuvlarga mos kelishi kerak.

— Jahon bozoriga Rossiya dizelini yirik hajmda yetkazib berishning qayta tiklanishi Markaziy Osiyoda uning mavjudligi qisqarishiga yoki narxlarning oshishiga olib kelishi mumkinmi? Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston bozorlari Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarining eksport siyosatiga qanchalik bogʻliq?

— Mintaqa mamlakatlariga eksportning jismoniy hajmi nuqtai nazaridan, oʻylashimcha, printsipial oʻzgarishlar boʻlmaydi. Peterburg birjasida ulgurji narxlarning oshishi mumkin: eksportning qisman ochilishi ham Rossiya ichidagi ulgurji narxlarga oshiruvchi bosim oʻtkazadi. Garchi bu bosim turli taʼsir dastaklariga ega boʻlgan hukumatning harakatlari bilan ushlab turilsa-da: muhokama qilinayotgan dempferni nollashtirishga moratoriy, monopoliyaga qarshi tartibga solish va yangi eksport taqiqlari xavfi.

Shu sababli, narxlarning boshqarib boʻlmaydigan darajada oshishi boʻlmaydi, lekin biroz koʻtarilishi mumkin. U, xususan, Peterburg birjasining birja indikatorlariga bogʻlangan shartnomalarga taʼsir qilishi mumkin.

Rossiyadan yetkazib berishga eng koʻp Qirgʻiziston va Tojikiston bogʻliq. Uchinchi oʻrinda Oʻzbekiston, eng kami — oʻz ehtiyojlarini asosan mustaqil ravishda qoplaydigan Qozogʻiston. Rossiyadagi yoqilgʻi inqirozining taʼsiri nuqtai nazaridan, har bir mamlakatdagi vaziyat turlicha.

Ammo, takrorlayman, hukumatlararo bitimlar, yaʼni davlat darajasida yetkazib berish kafolatlari mavjud. Shunga koʻra, dizel yoqilgʻisining dengiz eksportiga qoʻyilgan taqiqning qisman olib tashlanishi Osiyo mamlakatlariga Rossiya dizel yoqilgʻisini yetkazib berish barqarorligiga hech qanday taʼsir qilmaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.