Ikkinchi jahon urushining besh nafar askari nomi aniqlandi va xotirlandi
Bu erkaklar Frantsiyaning Normandiya oʻlkasida nomaʼlum askarlar sifatida dafn etilgan edi.

Ikkinchi jahon urushining besh nafar askari shaxsi aniqlandi va xotirlandi
Ikkinchi jahon urushi davrida, Ittifoqchilar qoʻshinlarining Normandiyaga qoʻnishidan (D-Day) keyin halok boʻlgan besh nafar britan askarining shaxsi nihoyat aniqlandi va Frantsiya shimolida ularning xotirasiga bagʻishlangan marosimlar boʻlib oʻtdi.
Oddiy askarlar Jorj Chapman va Vinsent Koia, kichik kapral Rejinald Dyui, kapral Genri Rid va serjant Frederik Albert Xarrison 1944 yil iyun oyidagi desant qoʻnishidan keyin boshlangan Normandiya jangi paytida turli joylarda halok boʻlgan va nomaʼlum askarlar sifatida dafn etilgan edi.
Hamdoʻstlik harbiy qabrlari komissiyasi (CWGC) endilikda ularning qabr toshlarini ism-shariflari yozilgan yangi toshlarga almashtirdi.
Shu hafta boshida ayrim askarlarning qarindoshlari Frantsiyadagi marosimlarda ishtirok etishdi, serjant Xarrisonning 95 yoshli ukasi esa: "Men u bilan juda faxrlanaman", degan xabarni yoʻlladi.
U shunday deb yozgan: "Akam uydan armiyaga ketganida men hali juda yosh boʻlganim sababli uni unchalik yaxshi tanimagan boʻlsam-da, u bilan, uning erishgan yutuqlari va oʻz Qiroli hamda vatani uchun qilgan ishlari bilan juda faxrlanaman.
Urushda gʻalaba qozonishimizga va xavfsizligimizni taʼminlashga Fred kabi askarlar yordam bergan. Sen doim mening yodimdasan. Sening kichik ukang, Reg".
Beshala askar ham Bayyodagi bedarak yoʻqolganlar yodgorligi roʻyxatiga kiritilgan edi.
Normandiyadagi turli qabristonlarda oʻtkazilgan marosimlar Mudofaa vazirligining "Harbiy izquvarlar" nomi bilan tanilgan Birlashgan talofatlar va hamdardlik markazi (JCCC) tomonidan tashkil etildi.
Ushbu guruh askarlarning qoldiqlari shaxsini aniq aniqlash uchun koʻpincha qoldiqlardan va tirik qarindoshlardan olingan DNK namunalariga tayanadi.
Biroq, ushbu holatda, askarlar CWGC uchastkalarida dafn etilgani sababli, qoldiqlarga teginilmadi va shaxsni aniqlash faqat rasmiy hujjatlar asosida tasdiqlandi.
Chapdan: Glazgolik oddiy askar Koia, Stok-on-Trentlik oddiy askar Chapman va Londonlik kapral Rid
JCCC xodimi Rouzi Berronning aytishicha, Normandiya marosimlarda qatnashgan oilalar va harbiy guruhni "juda iliq kutib olgan".
"Ular uchun Normandiya jangi shunchaki xotirlanmaydi, balki toʻrt yillik uzoq okkupatsiyadan keyin ozodlikka erishilgan lahza sifatida bayram qilinadi. Bu insonlarning qurbon boʻlishi behuda ketmadi", dedi u.
Berronning qoʻshimcha qilishicha, "Normandiyada kelgusi tadqiqotlar orqali shaxsini aniqlash mumkin boʻlgan koʻplab qabrlar mavjud".
Marosimlarni oʻtkazgan ruhoniy Pol Kollinz shunday dedi: "Bu jasur askarlar D-Day'dan keyingi voqealarda oʻz jonlarini fido qildilar, bu esa Frantsiyaning ozod etilishiga va natsistlarning magʻlubiyatiga olib keldi.
JCCC va boshqalarning tinimsiz mehnati tufayli biz endi bu askarlar kim boʻlganini va qayerga dafn etilganini bilishimiz juda oʻrinlidir".
Linkolnshirning Born shahridan boʻlgan 26 yoshli kichik kapral Dyui, oilali va bir farzandning otasi boʻlib, Linkolnshir polkining 4-batalonida xizmat qilgan va 1944 yil 1 iyulda Tessel-Brettevillda nemislar hujumi paytida halok boʻlgan.
Linkolnshirning Stemford shahridan boʻlgan 27 yoshli serjant Xarrison oilali boʻlib, D-Day kuni Dorsetshir polkining 1-bataloni tarkibida Gold-Bichga bostirib kirgan. U 1944 yil 19 iyunda oʻz bataloni Shato-de-Kordiyon yaqinidagi oʻrmonga hujum qilganda halok boʻlgan.
Glazgolik 19 yoshli oddiy askar Koia Sifort Haylenders polkining 7-batalonida xizmat qilgan va 1944 yil 11 iyulda Le-Menildan Etervillga boradigan yoʻlda dushmanga hujum qilish paytida halok boʻlgan.
Londonlik 28 yoshli kapral Rid, oilali va bir farzandning otasi boʻlib, Oʻqchilar brigadasining 8-batalonida xizmat qilgan va 1944 yil 18 iyulda Yuber-Folida olgan jarohatlaridan vafot etgan.
Staffordshirning Stok-on-Trent shahridan boʻlgan 24 yoshli oddiy askar Chapman Xerefordshir polkining 1-batalonida xizmat qilgan va 1944 yil 30 iyulda Komon-syur-Or yaqinida halok boʻlgan.

