Ikki viloyatda bolalarning taʼlim ehtiyojlarini baholashning yangi tizimi yoʻlga qoʻyiladi
Baholash jarayonida maxsus pedagog, psixolog va mahalladagi ijtimoiy xodim bolaning taʼlim olish imkoniyatlari, rivojlanishi, muloqoti, xulq-atvori, oilaviy va ijtimoiy muhitini kompleks oʻrganadi.

Ikki viloyatda bolalarning taʼlim ehtiyojlarini baholashning yangi tizimi ishga tushiriladi
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari qoshida Bolani kompleks baholash guruhlarini tashkil etmoqda.
Mazkur guruhlar 3-18 yoshdagi bolalarning alohida taʼlim ehtiyojlarini aniqlaydi, ularga mos taʼlim shakli va zarur qoʻllab-quvvatlash choralarini belgilaydi hamda davlat taʼlim muassasalariga yoʻnaltiradi.
Tizim uch bosqichda joriy etiladi: 1-oktabrdan — Navoiy va Urganch shaharlarida, 1-noyabrdan — Karmana, Qiziltepa, Konimex, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir tumanlari va Xiva shahrida, 1-dekabrdan — ikki viloyatning qolgan tuman va shaharlarida.
Hududlarda jami 12 ta kompleks baholash guruhi faoliyat yuritadi.
Baholash jarayonida maxsus pedagog, psixolog va mahalladagi ijtimoiy xodim bolaning taʼlim olish imkoniyatlari, rivojlanishi, muloqoti, xulq-atvori, oilaviy va ijtimoiy muhitini kompleks oʻrganadi. Jarayonda ota-ona yoki qonuniy vakil qatnashadi, zarurat tugʻilganda tibbiyot mutaxassislari ham jalb etiladi.

