Ikki viloyatda 2,5 mingdan ziyod kuchli dori ushlandi
Andijon va Fargʻona viloyatlarida oʻtkazilgan uchta tezkor tadbirda jami 2591 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi hamda 200 gramm gashish olib qoʻyildi. Har uchala holat boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov boshlangan.

Ikki viloyatda 2,5 mingdan ortiq kuchli dori qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, mazkur tadbirlar giyohvandlik vositalari, psixotrop hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash doirasida o‘tkazilgan.
Andijon viloyatining Izboskan tumanida DXX viloyat boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari va viloyat Bojxona boshqarmasi vakillari hamkorligida Toshkent shahri tomon yo‘l olgan Lacetti avtomobili to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Avtomobilni Toshkent viloyatining Bekobod shahrida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan, ilgari sudlangan shaxs boshqarib ketayotgan bo‘lgan. Tekshiruv davomida mashina salonidan 1400 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlangan.
Ikkinchi tezkor tadbir Qo‘qon shahrida DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmasi, bojxona va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.
Unda 1976-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning sumkasidan 1092 dona «Regapen» hamda 200 gramm gashish topilgan. Ular ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Yana bir holatda Marg‘ilondan Qo‘qon tomon harakatlanayotgan VAZ-21017 avtomobili Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilib, tekshirilgan.
Qo‘qon shahrida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi mashina salonidan 99 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlangan. Dorilar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Hozirda har uchala holat bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

