Ikki asteroidga o‘zbekistonlik olimlar nomi berildi
O‘zbekistonlik ikki olim sharafiga asteroidlarga Kamolergashev va Otabekburkhonov nomlari berildi. Qaror Xalqaro astronomiya ittifoqi tomonidan tasdiqlandi. Ular Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida faoliyat yuritib, asteroidlar va boshqa osmon jismlarini tadqiq etish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonlik olimlarga asteroidlar nomi berildi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xodimlari Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonovning ismlari ikki kichik sayyora — asteroidga berildi. Bu haqda Fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Xalqaro astronomiya ittifoqining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) tomonidan bu qaror 9-iyulda e’lon qilindi.
Yangi nomlar WGSBN byulletenining 6-jild, 11-sonida keltirilgan. Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.
Dastlab 2001 KA2 raqami bilan ro‘yxatga olingan asteroid 2001-yil 19-mayda Chexiyadagi Ondrjeyov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan. Ushbu asteroid Kamoliddin Ergashev sharafiga nomlangan.
Rasmiy izohda Kamoliddin Ergashev 2007-yilda Astronomiya institutining Asteroidlar tadqiqotiga qo‘shilganini va 2024-yilda shu yo‘nalishda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olganini ta’kidlangan. Uning ilmiy faoliyati asteroidlar fotometriyasi, ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, asteroidlarning fizik xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, asteroid juftliklari, klasterlari va qo‘shaloq asteroid tizimlarini kuzatishga qaratilgan.
1999 TO15 vaqtinchalik belgilanishiga ega bo‘lgan asteroid 1999-yil 13-oktabrda chexiyalik astronomlar tomonidan kashf etilgan. Ushbu asteroid Otabek Burxonov sharafiga nomlangan.
Rasmiy izohda Otabek Burxonov 2000-yildan buyon Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutida faoliyat olib borayotgan astronom sifatida qayd etilgan. U 2005-yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning tadqiqotlari optik fotometriyaga bag‘ishlangan bo‘lib, asteroidlarning ravshanlik egri chiziqlarini o‘rganish, o‘zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlarning keyingi optik kuzatuvlarini qamrab oladi.
Fanlar akademiyasi ta’kidlashicha, asteroidlarga olimlarning ismini berish ularning ilmiy faoliyati va fan rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etishning o‘ziga xos shaklidir. Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritiladi va kelgusidagi ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda obyektlarning rasmiy nomi sifatida qo‘llanadi.
Avvalroq Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov asteroid orbitasini maqsadli ravishda o‘zgartirishga qaratilgan sayyoraviy himoya tajribasi - DART missiyasida qatnashgani uchun NASA tomonidan Group Achievement Award mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Xalqaro astronomiya ittifoqi 2012-yilda №22948 kichik sayyora - asteroidga “Maydanak” nomini bergan.
Xalqaro astronomiya ittifoqi muntazam ravishda kichik sayyoralarga, jumladan, ilm-fanga hissa qo‘shgan tadqiqotchilar sharafiga nom beradi. Bunda har qanday kashf etilgan asteroid emas, balki orbitasi ishonchli aniqlangan va doimiy raqam berilgan obyektgina nom olishi mumkin. Shundan so‘ng nom belgilangan tasdiqlash tartibidan o‘tadi. Kichik osmon jismlariga nom berish bo‘yicha rasmiy organ IAU`ning WGSBN ishchi guruhi hisoblanadi.
Bugungi kunga kelib, taxminan 26,4 mingta kichik sayyora rasmiy nomga ega.

