Ijara munosabatlarida “tijorat ijarasi” toifasi joriy etiladi
Oʻzbekistonda auksion orqali ijaraga olingan yer maydonlarini boshqa tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berish, tadbirkorlik faoliyati uchun “tijorat ijarasi” toifasini joriy etish hamda ijarachi tomonidan obyektga kiritilgan investitsiyalarni qoplashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Prezident farmoniga koʻra, ikki oy ichida tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilishi kerak. Jismoniy shaxs oʻziga tegishli koʻchmas mulkni oʻziga tegishli yuridik shaxsga ijaraga bersa, ijara toʻlovining minimal miqdori amal qilmaydi.

Oʻzbekistonda ijara munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi, unda "tijorat ijarasi" toifasi joriy etilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda Prezident farmonida belgilangan.
Maʼlumot uchun, tijorat ijarasiga oid huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish taklifi Korzinka supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov tomonidan davlat rahbari bilan uchrashuvda ilgari surilgan edi. Prezidentning yuqoridagi farmoni aynan oʻsha uchrashuv yakunlari boʻyicha qabul qilingan. Ijara munosabatlariga oid ushbu qonun loyihasi 2026-yil oktabr oyi oxiriga qadar tayyorlanishi lozim.
Farmonda nazarda tutilgan yana bir qonun loyihasiga koʻra, yuridik shaxsning jismoniy shaxs boʻlgan taʼsischisi tomonidan ushbu yuridik shaxsga ijaraga yoki tekin foydalanishga berilgan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan ijara toʻlovining eng kam miqdori qoʻllanmaydi.
Eslatib oʻtamiz, may oyida qabul qilingan boshqa bir farmonga binoan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahridan tashqari hududlarda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga umumiy maydoni 1000 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan mol-mulk ijaraga berilganda, soliqqa tortish maqsadida ijara toʻlovining eng kam stavkalari qoʻllanmasligi belgilangan edi.

