Ichki bosim Rubioni Hindistonning port shahriga tashrif buyurishga majbur qildimi?
AQSh davlat kotibi Marko Rubio joriy yildagi Hindistonga ikkinchi tashrifi davomida diplomatiyadan koʻra biznes va energetika kun tartibini ilgari surdi.

Rubio oʻzining Hindiston port shahriga tashrifini ichki bosim ostida amalga oshirdimi?
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio shu haftada Hindistonda boʻldi.
Hindiston gʻarbidagi port shahri Jamnagar xorijiy yetakchilar uchun odatiy yoʻnalish emas, shunga qaramay, u AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning yaqindagi tashrifida muhim rol oʻynadi.
Xoʻsh, Rubio nega u yerga bordi? Va eng muhimi, u nega Hindiston poytaxti Dehliga borishdan qochdi?
Ikkala savolga ham javob Hindiston bilan emas, balki bevosita Donald Tramp maʼmuriyatining ichki bosimlari — yoki, aniqrogʻi, uning ichki neft ehtiyojlari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Rubio seshanba kuni Hindistonning moliyaviy poytaxti Mumbayga yetib keldi va u yerda Hindiston Tashqi ishlar vaziri S. Jayshankar hamda mamlakatning bir qator yetakchi biznes vakillari bilan uchrashdi. U oʻz tashrifini rasman Gʻarbiy Gujarat shtatida joylashgan Jamnagarda yakunladi. Bu yerda Osiyoning eng boy kishilaridan biri Mukesh Ambaniga tegishli ulkan neftni qayta ishlash zavodi joylashgan.
Bu uning joriy yilda ushbu mamlakatga ikkinchi tashrifi boʻldi va ekspertlarning taʼkidlashicha, bu galgi asosiy nuqta faqat vaqt tanlovida emas, balki u tanlagan yoʻnalishlarda hamdir.
Tramp maʼmuriyati noyabr oyida boʻlib oʻtadigan AQSh oraliq saylovlari oldidan yoqilgʻi narxini nazorat ostida ushlab turish bosimi ostida qolmoqda, Yaqin Sharqda keskinlikning ortishi esa global energiya taʼminotiga tahdid solmoqda.
Yaqin orada AQShda yangi qayta ishlash quvvatlari kutilmayotgan bir paytda, Hindistonning juda katta miqdordagi xom neftni qayta ishlash imkoniyati Vashingtonga yoqilgʻi bozoridagi bosimni yengillatishning ehtimoliy yoʻlini beradi.
Bu Reliance kompaniyasining Jamnagardagi neftni qayta ishlash zavodini muammoning markaziga qoʻyadi.
Biroq, bu tashrif Hindiston-AQSh munosabatlaridagi nozik bir davrga toʻgʻri kelmoqda. Tramp Hindiston tovarlariga bojlar joriy etdi, Dehliga nisbatan Rossiya energiya resurslarini sotib olgani uchun sanktsiyalar kuchida qolmoqda (garchi ular hozirda vaqtincha toʻxtatilgan boʻlsa-da), shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo bitimi taxminan 20 oydan beri amalga oshmay kelmoqda.
Tashrif haqida eʼlon qilar ekan, AQSh Davlat departamenti eʼtibor energetika sohasidagi hamkorlik, tijorat investitsiyalari va iqtisodiy aloqalarga qaratilishini aytgan edi.
Rasmiy jadvaldan Dehli ham chiqarib tashlandi, bu esa, ayniqsa, Hindiston muxolifati siyosatchilari tomonidan savollar tugʻdirdi. Ammo tahlilchilarning aytishicha, bu qaror ongli ravishda qabul qilingan.
«Dehli — ishonchsizlik boʻshligʻi eng katta boʻlgan joy. U yerdagi rasmiylar Tramp maʼmuriyatining bir qator qarorlari va siyosatidan norozi», — dedi Atlantika kengashi katta ilmiy xodimi Maykl Kugelman BBC bilan suhbatda.
Hindistonning AQShdagi sobiq elchisi Meyera Shankar esa poytaxtning oʻtkazib yuborilganiga haddan tashqari katta urgʻu bermaslikdan ogohlantiradi.
«Bu asosan energetikaga qaratilgan tashrif edi», — deydi u. «Qolaversa, Rubio Mumbayda Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi-ku».
Rasmiy bayonotlarga koʻra, ikki tashqi ishlar vaziri Taj mehmonxonasida uchrashib, savdo, investitsiya, energetika xavfsizligi va mudofaa sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishgan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, ikkala tomon savdo muzokaralaridagi ilgarilashni olqishlaganini va uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan bitimni yakunlash boʻyicha oʻz majburiyatlarini yana bir bor tasdiqlaganini bildirdi.
Ammo diplomatik uchrashuvlar yakunlangach, Rubio Ambani biznes imperiyasining marvaridi joylashgan Jamnagarga joʻnab ketdi. Bu tashrifning eng xarakterli xususiyatiga aylandi.
Shankarning aytishicha, neftni qayta ishlash zavodiga tashrif «AQSh noyabr oyidagi oraliq saylovlardan oldin bozorga koʻproq qayta ishlangan yoqilgʻi olib kirishga qanchalik katta ahamiyat berayotganini koʻrsatdi».
Kompaniya veb-saytiga koʻra, Reliance’ning Jamnagar majmuasi kuniga taxminan 1,4 million barrel xom neftni qayta ishlash quvvatiga ega, bu global qayta ishlash quvvatining taxminan 1,5 foizini tashkil qiladi.
U shuningdek dizel va boshqa neft mahsulotlarining yirik eksporteri hisoblanib, global yoqilgʻi bozorlarida muhim oʻrin tutadi.
Chorshanba kuni OAV uchun cheklangan kirish sharoitida oʻtkazilgan qatʼiy nazorat ostidagi tashrif davomida Rubio majmuani koʻzdan kechirdi va Ambani oilasi aʼzolari, jumladan Mukesh Ambani bilan uchrashdi.
Keyinroq kompaniya bayonot berib, «tashrif global energetika manzarasi va anʼanaviy hamda yangi energetika boʻyicha tijorat hamkorligi imkoniyatlari yuzasidan keng koʻlamli muhokamalarni oʻz ichiga olganini» maʼlum qildi. Biroq, unda xom neft sotib olish yoki qayta ishlangan mahsulotlarni yetkazib berish boʻyicha hech qanday muayyan majburiyatlar alohida tilga olinmagan.
Bir kun oldin OAV vakillari bilan suhbatda Rubio Hindistonni «neftni qayta ishlash boʻyicha oʻta yirik davlat» deb taʼriflagan va AQSh Reliance kompaniyasining Venesuela neftini koʻproq qayta ishlashini xohlashini aytgan edi.
«Ularda ogʻir xom neftni qayta ishlash imkoniyati bor. Ular ilgari ham buni qilishgan va fikrimcha, Venesuela nefti bozorga koʻproq kirib kelgani sayin, bu ular qila oladigan ishdir», — dedi u jurnalistlarga.
Rubio Venesuela nefti qisqa muddatda «enggillik berishi» va Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida taʼminot bosimini yumshatishga yordam berishi mumkinligini qoʻshimcha qildi.
Reliance ilgari AQSh sanktsiyalari savdoga xalaqit berishidan oldin Venesuela xom neftining eng yirik xaridorlaridan biri boʻlgan. Joriy yil boshida AQSh aralashuvida Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro qoʻlga olinganidan va Vashington mamlakat energetika sektoriga qoʻyilgan sanktsiyalarni yumshatganidan soʻng, Reliance yana yirik import qiluvchi sifatida paydo boʻldi.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, bu tashrif Hindistonning Rossiya neftini sotib olishi boʻyicha Dehli-Vashington aloqalaridagi baʼzi keskinliklarni kamaytirishga ham yordam berishi mumkin.
Hindiston Moskvaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishidan beri Rossiya neftining eng yirik xaridorlaridan biriga aylandi.
Energetika va toza havoni tadqiq qilish markazi (CREA) maʼlumotlariga koʻra, 2022 yil dekabr va 2026 yil iyul oraligʻida u Rossiya xom neft eksportining 37 foizini tashkil etdi.
Reliance Rossiya xom neftini qayta ishlagan Hindiston kompaniyalaridan biri edi.
2025 yil avgust oyida AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya neftini sotib olgani uchun Hindiston tovarlariga qoʻshimcha 25 foizlik boj joriy etdi va bu koʻplab Hindiston tovarlari uchun umumiy bojlarni 50 foizga yetkazdi. Biroq, AQSh 2026 yil fevral oyida qoʻshimcha jazoni olib tashladi, ammo Hindistonning Rossiya nefti importi Vashington-Dehli munosabatlarini gʻashlashda davom etmoqda.
Hindiston oʻz aholisining 1,4 milliard kishisi uchun arzon va ishonchli energiyani taʼminlash uning ustuvor vazifasi ekanini izchil taʼkidlab kelmoqda.
Keyin shu oy boshida AQShning oʻzi Rossiya dizel yoqilgʻisiga qoʻyilgan sanktsiyalarni vaqtincha bekor qildi.
Ana shu omillar fonida ekspertlarning aytishicha, Rubioning Jamnagarga tashrifi AQSh intilayotgan uchta maqsadga mos keladi: Hindistonning Rossiya xom neftiga qaramligini kamaytirish, Venesuela va Amerika nefti importini koʻpaytirishni ragʻbatlantirish hamda energetika sohasidagi hamkorlik kelishuvning asosiy yoʻnalishiga aylanishi mumkin boʻlgan savdo bitimini ilgari surish.
Ushbu harakat ortida yana bir ehtimoliy biznes motivi ham bor.
Kugelmanning aytishicha, Rubioda Ambani oilasi bilan uchrashish uchun ikkita sabab bor edi. Birinchidan, Venesuela neftini qayta ishlashni koʻpaytirishni taʼminlash, ikkinchidan, Reliance Texasda taklif qilingan neftni qayta ishlash zavodini hali ham qoʻllab-quvvatlashni xohlayotganiga ishonch hosil qilish.
Mart oyida Tramp oʻz Truth Social platformasida Texas shtatidagi Braunsvill ortida neftni qayta ishlash zavodi qurish taklifini eʼlon qilgan edi. U bu AQShda soʻnggi 50 yil ichida birinchi yirik yangi zavod boʻlishini aytdi.
Reliance bu haqda oshkora izoh bermagan va loyiha yoki ishlar qachon boshlanishi kutilayotgani haqida tafsilotlar yoʻq.
«Texasdagi majmua AQSh manfaatlari uchun Venesuela nefti bilan bogʻliq kelishuv kabi tezkor ahamiyatga ega boʻlmasligi mumkin, ammo baribir bu ham voqeaning bir qismi deb oʻylayman», — deydi u.
Shunga qaramay, tahlilchilarning aytishicha, Reliance bilan yaqinroq hamkorlik qilish va energetika xavfsizligidagi ilgarilash savdo bitimi yaqin qolganini anglatmaydi.
«Menimcha, hech kim bu bosqichda savdo bitimi eʼlon qilinishini kutmagan edi, ammo bu tashrif, saqlanib qolayotgan jiddiy keskinliklarga qaramay, munosabatlarni iloji boricha qayta izga solishga yordam bergandek tuyuladi», — dedi Kugelman.
CareEdge kredit reyting agentligining bosh iqtisodchisi Rajani Sinxa BBC’ga chuqurroq hamkorlik ikkala mamlakatda ham energetika xavfsizligi xavotirlarini yengillatishi, toʻxtab qolgan savdo muzokaralarini oldinga surishga yordam berishi va Hindistonda «savdo va kayfiyatni oshirishi» mumkinligini aytdi.
Meyera Shankarning aytishicha, Hindiston «Dehlida imtiyozli savdo bitimi bor-yo'qligini bilish uchun AQShning oʻz boj pozitsiyalarini rasmiylashtirishini kutayotgan» boʻlishi mumkin.
Uning qoʻshimcha qilishicha, soʻnggi paytlarda ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashgan boʻlsa-da, ikki tomonlama savdo oʻsishda davom etmoqda.
Hindiston Savdo vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Hindistonning AQShga tovar eksporti aprel va sentyabr oylari oraligʻida 50,81 milliard dollarni tashkil etdi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11,1 foizga koʻpdir. Uning importi shu davrda 25,66 milliard dollardan 32,33 milliard dollargacha oshdi. Hindistonning AQSh bilan tovar savdosidagi profitsiti bir yil oldingi 20,07 milliard dollardan 18,48 milliard dollargacha qisqardi.
«Iqtisodiy munosabatlar mustahkamligicha qolmoqda, ammo noaniqlikning uzoq davom etishi oxir-oqibat unga taʼsir qilishi mumkin», — dedi Shankar.
Shunday qilib, hozircha tashrif munosabatlarni yana izga solishga yordam bergan boʻlishi mumkin, ammo bu savdo bitimiga yoki energetika aloqalaridagi barqaror oʻzgarishlarga olib keladimi-yoʻqmi, buni vaqt koʻrsatadi.

