Dunyo

ICE agenti taʼqib paytida Texasdagi immigrantni mashinasi bilan urib yuborgani uchun ayblandi

AQShda noqonuniy yashab kelgan Meksika fuqarosi oyogʻining bir nechta joyidan singan va chanoq-son boʻgʻinidan jarohat olgan, deydi prokurorlar.

Texasda quvlash paytida immigrantni avtomobil urib yuborganidan keyin ICE agentiga ayblov qoʻyildi

Prokurorning maʼlum qilishicha, AQSh immigratsiya agenti shu oy boshida Texasda avtomobilda bir erkakni urib yuborganlikda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortildi.

Prokurorga koʻra, AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) xodimi Mario Alberto Moralesga katta hakamlar hayʼati (grand-jyuri) tomonidan halokatli qurol yordamida ogʻir tan jarohati yetkazish ayblovi qoʻyilgan.

Morales AQShda qonuniy hujjatlarsiz yashab kelgan Meksika fuqarosini bosib ketishda ayblanmoqda, oqibatda jabrlanuvchining oyoqlari bir necha joyidan singan va chanoq-son boʻgʻini shikastlangan.

ICE matbuot kotibi ayblov xulosasini "siyosiy tryukdan boshqa narsa emas" deb atadi hamda ayblovlarni "masʼuliyatsizlik va yolgʻon" deb taʼrifladi.

Ushbu ayblov Tramp maʼmuriyatining noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashi hamda federal agentlar ishtirokidagi tan jarohatlari va oʻlimlarga olib kelgan bir qator zoʻravonlik hodisalari fonida yuzaga keldi.

Xarris okrugi prokurori Shon Tirga koʻra, agar Moralesning aybi isbotlansa, u ikkinchi darajali ogʻir jinoyat uchun ikki yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Tirning aytishicha, 10 oktyabr ertalab Morales AQShda 30 yildan ortiq vaqt davomida qonuniy hujjatlarsiz yashab kelgan 48 yoshli Meksika fuqarosi Migel Parra-Ernandes boshqaruvidagi avtomobilni quvlagan.

Juma kuni Xyustonda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Tirning bildirishicha, Parra-Ernandes va yana bir yoʻlovchi mashinadan tushib qochishga uringanida, Morales "avtomobilini agressiv tarzda" ushbu Meksika fuqarosi tomon burgan.

Uning aytishicha, Parra-Ernandesning sudlanganligi boʻlmagan va u deportatsiya qilinishi kerak boʻlgan shaxslar roʻyxatida turmagan.

"U janob Ernandesni shunchaki urib yubormay, balki uning ikkala oyogʻini ham bosib ketgan, oqibatda u ogʻir jarohat olib, shu kungacha shifoxonada qolmoqda", dedi Tir.

Shundan soʻng Morales 911 xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, Parra-Ernandes uning mashinasiga urilgani haqida xabar bergan.

Tirning taʼkidlashicha, ICE aslida Meksika fuqarosi va noqonuniy immigrant Xose Mendosa-Servantes ismli shaxsni taʼqib qilmoqchi boʻlgan, biroq ushbu shaxs bundan toʻqqiz yil muqaddam vafot etgan ekan.

Hodisadan soʻng darhol ICE matbuot kotibi BBCning AQShdagi media hamkori CBS News telekanaliga Parra-Ernandes immigratsiya agentining avtomobili oldiga oʻzi yugurib chiqqanini aytgan edi.

Ayblov xulosasidan soʻng ICE jinoiy ish qoʻzgʻatish uchun yetarli dalillar bor-yo'qligini hal qilish vakolatiga ega fuqarolar hayʼati — grand-jyuri tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni rad etdi.

"Bu Xyustondagi boshpana berish siyosatini qoʻllovchi siyosatchilarning navbatdagi siyosiy tryukidan boshqa narsa emas", dedi ICE matbuot kotibi BBCga bergan bayonotida.

"ICE Migel Parra-Ernandesni qasddan urib yuborgani haqidagi ayblovlar MASʼULIYATSIZLIK va YOLGʻONDIR", dedi matbuot kotibi va ICE erkaklari hamda ayollariga "qonun ustuvorligini taʼminlash ishonib topshirilgani va ular professionallik, halollik hamda axloqiy xulq-atvorning eng yuqori standartlariga amal qilishini" qoʻshimcha qildi.

Bayonotda qoʻshimcha qilinishicha, oʻz xizmat vazifalarini bajarayotgan federal xodimlar xatti-harakatlari faqat boshqa federal agentliklar tomonidan tekshirilishi mumkin. Matbuot kotibi mahalliy hokimiyat organlari bunday tekshiruv oʻtkazish vakolatiga ega emasligini taʼkidladi.

Okrug prokurori Tir huquqni muhofaza qilish organlarini juda hurmat qilishini va ogʻir jinoyatlar sodir etgan noqonuniy shaxslar deportatsiya qilinishi kerakligiga ishonishini urgʻuladi.

Uning aytishicha, ushbu jinoiy taʼqib nafaqat Parra-Ernandes va uning oilasi uchun adolatni qaror toptirishiga, balki "koʻchalarimizda bemalol terror oʻtkazish huquqiga egaman deb hisoblaydigan har bir ICE xodimiga baland va aniq signal" boʻlishiga umid qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.