Dunyo

Husiylar Yevropa va AQSH kemalariga hujum qilmaslikka va’da berdi

**Husiylar Yevropa va AQSH kemalariga hujum qilmaslikka va’da berdi**

Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar Qizil dengizda Yevropa va AQSH kemalariga hujum qilmaslikka va’da berdi. Guruh strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab bo‘g‘ozida nazoratni kuchaytirishga urinayotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi va Vashingtonga kafolat xatlari yuborgan. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Ikki diplomatning aytishicha, husiylar sentyabr oyida Yevropa Ittifoqining tashqi va xavfsizlik siyosati idorasiga xat yo‘llagan. Unda Yamanning janubiy sohili bo‘ylab amalga oshirilayotgan hujumlar xalqaro yuk tashuviga real tahdid emasligi va Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi tranzitga ta’sir qilmasligi qayd etilgan.

Mazkur xat 10-sentyabr kuni, ya’ni guruh Yamanning Al-Muxa shahrini egallagan kuni yuborilgan. Husiylar Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlarini mag‘lub etib, Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi bir nechta orollarni ham nazoratga olgan.

Ummon vositachiligida o‘tgan muzokaralardan keyin husiylar AQSHga tegishli kemalarga ham tegmaslikka va’da bergan. Shundan so‘ng Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp husiylar Vashington bilan urushishni istamasligini bildirgan. Biroq husiylar AQSH terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatida bor.

Husiylar avgust va iyul oylarida Saudiya Arabistoni bilan 2022-yildagi otashkesimni buzib, mamlakat portlarini qamal qilishini va tankerlarga hujum qilishini e’lon qilgan edi. Ammo yuqoridagi xatlar orqali ular mojaroga xalqaro yuk tashuvchi kompaniyalarni jalb qilmaslikka harakat qilmoqda.

Husiylar hujum qilmaslikka va’da bergani sababli Suvaysh kanali va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan konteyner kemalari soni so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga chiqdi. Maersk va CMA CGM kabi yirik kompaniyalar suv orqali qatnovlarni qayta yo‘lga qo‘ydi. Xeneta tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Qizil dengiz orqali yuk tashish hajmi 2023-yilgacha bo‘lgan ko‘rsatkichning deyarli 30 foiziga yetgan.

Eronning Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini cheklayotgani va husiylarning yangi hujumlari tanker egalarini xavotirga solmoqda. Shu sababli Yevropa Ittifoqi va Saudiya Arabistoni mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun dengiz kuchlarini birlashtirish masalasini muhokama qilmoqda.

Masalan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 24-sentyabr kuni Saudiya Arabistonining Yanbu portiga harbiylar va mudofaa tizimlarini yuborishini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Burnhem esa Qirollik harbiy-havo kuchlarining Voyager samolyotini havoda yonilg‘i quyish missiyasi uchun hududga jo‘natishini aytdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.