Dunyo

Husiychilar kimlar va ularning maqsadi nima?

Husiychilar - Yamandagi diniy-siyosiy harakat boʻlib, rasman «Ansor Alloh» («Allohning tarafdorlari») deb ataladi. Harakat Yaman poytaxti Sano, mamlakatning gʻarbiy va shimoliy qismlarini nazorat qiladi. Bu hududlarda 20 milliondan ortiq kishi, yaʼni Yaman aholisining qariyb 70 foizi yashaydi.

Husiychilar kimlar va ularning maqsadi nima?

Yaman husiychilarining harbiy, diniy va siyosiy yetakchisi Abdulmalik al-Husiy (1979-yilda tugʻilgan) islomshunos olim Badr ad-Din al-Husiyning oʻgʻli bo‘lib, 2004-yildan beri harakatga boshchilik qilib keladi.

Abdulmalik al-Husiyning nasabi Yamandagi al-Husiy sulolasiga borib taqaladi. Bu sulola vakillari «sayyidlar», yaʼni Muhammad paygʻambar avlodlari sifatida tan olinadi. Ular «hoshimiylar», «ashrof» va «ahli bayt» — «Paygʻambar xonadoni ahli» deb ham ataladi.

Abdulmalik al-Husiy husiychilar nazoratidagi davlat tuzilmalarida hech qanday rasmiy lavozim egallamaydi, biroq «qoid as-saura» («inqilob rahbari») unvoniga ega. Uning vakolatlari Erondagi oliy rahbar vakolatlariga qiyoslanadi.

Harakat rahbariyatida Abdulmalik al-Husiyning aka-ukalari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari muhim oʻrin tutadi. Ular orasida Yahyo va Abd al-Xoliq al-Husiy, amakisi Abdulkarim al-Husiy, jiyani Muhammad Ali al-Husiy, kuyovi Yusuf al-Madaniy va boshqalar bor.

Husiychilar harakati rivojlangani sari uning maqsadlari ham oʻzgarib borgan. 2004–2010-yillarda ular Yamanning zaydiylar yashaydigan viloyatlarida diniy va siyosiy muxtoriyatga erishishni maqsad qilgan. 2014-yilda hokimiyatni qoʻlga olgach esa uni mustahkamlash va butun mamlakat boʻylab nazoratni kuchaytirishga intilgan.

2015-yilda Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya qoʻshinlari Yamanga kirganidan soʻng husiychilar Yamanni birlashtirish va mamlakatni xorijiy kuchlardan, birinchi navbatda AQSH, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari hamda ularning yamanlik ittifoqchilaridan ozod qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Bu amalda ular bilan raqobatlashayotgan barcha harbiy-siyosiy kuchlar bilan dushmanlik munosabatini anglatadi. Ular qatoriga Prezident rahbarlik kengashi, Janubiy oʻtish kengashi va mamlakat gʻarbidagi husiychilarga qarshi qurolli guruhlar kiradi.

2019-yilda qabul qilingan dasturda dunyoviy va respublika tamoyillariga asoslangan, plyuralistik va demokratik Yaman davlatini qurish maqsadi eʼlon qilingan. Biroq bu dastur harakatning amaldagi siyosiy faoliyatidan ancha farq qiladi. Husiychilar mamlakat va jamiyatni oʻzlarining diniy-mafkuraviy qarashlariga muvofiq qayta tashkil etish bilan shugʻullanadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.