Mahalliy

“Huquqiy asos bor”. Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida pulli sinflar tashkil etilishi haqida

**"Huquqiy asos bor": Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida pulli sinflar ochilishi haqida**

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangi tashkil etilgan Xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining tayyorlov guruhi hamda 1–7-sinflariga to‘lov-shartnoma asosida qo‘shimcha sinflar ochilishi haqidagi e’lon ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ekspert Shokir Tursun davlat maktabida joy bo‘lsa, nega bepul emas, pulli sinflar ochilayotgani, agar joy yo‘q bo‘lsa, shartnoma asosida o‘qitiladigan bolalar qayerda o‘qishi haqida savol qo‘ydi. Pedagog va bloger Isroil Tillaboyev o‘z postida Konstitutsiyaning 50-moddasini eslatib, "Xususiy maktablarga pul to‘lab o‘qishni endi tushunganimizda, ko‘nikayotganimizda, endi davlat maktabiga ham pul to‘lab o‘qitishga to‘g‘ri keladigan bo‘lmoqda, shekilli", deb yozdi.

"Daryo" nashri mazkur holat yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi matbuot kotibi Jahongir Rahmonovdan izoh oldi. Mas’ulning ta’kidlashicha, mazkur amaliyot huquqiy asosga ega bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilab qo‘yilgan qoidalarga tayanadi.

"Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-dekabrdagi 908-sonli qarorida (xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan) o‘z aksini topgan. Qarorda shartnoma asosida ta’limiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha tegishli bandlar mavjud", dedi agentlik vakili.

Uning tushuntirishicha, yozgi mavsumda mazkur maktabga talabgorlar juda ko‘p bo‘lgani sababli Call-markazlar qizg‘in rejimda ishlagan. Talab yuqori bo‘lgani uchun asosiy kvotadan tashqari, qo‘shimcha imkoniyat yaratish ehtiyoji yuzaga kelgan.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, shartnoma asosida tashkil etilgan sinflarda narxlar quyidagicha bo‘ladi:

* 1—4-sinflar uchun oyiga 24 000 000 so‘m;

* 5—11-sinflar uchun oyiga 29 000 000 so‘m.

Bu narxlar hozircha rasman tasdiqlanmadi. Agentlik matbuot kotibi narxlar haqida ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

"Daryo" agentlikning qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib aniqlashicha, qo‘shni tuman yoki viloyatlardan keluvchilar yotoqxonada qolish uchun oyiga qo‘shimcha 3 million so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi. Bunda o‘quvchilar 5 mahal ovqat bilan ta’minlanadi.

2026-yil 25-aprel kuni Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi o‘tkazgan matbuot anjumanida Toshkent shahrida xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish rejalashtirilgani rasman e’lon qilingandi. Ta’lim tizimi va standartlari Prezident maktablari dasturlariga o‘xshash tarzda, ilg‘or xalqaro tajribalar (jumladan, STEM dasturlari) asosida yo‘lga qo‘yilgan.

Maktabda ingliz va xitoy tillarini chuqurlashtirib o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. Asosiy darslar davlat tilida olib boriladi, maxsus fanlar esa o‘zining chuqurlashtirilgan dasturlari asosida o‘qitiladi.

Maktabning asosiy qabul jarayonlari va imtihonlari belgilangan tartibda o‘tkazilib, undan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar bepul o‘qishni boshlaydi. Yangi e’lon qilingan to‘lov-shartnoma asosidagi qo‘shimcha sinflar esa asosiy kvotadan tashqari, qo‘shimcha talab bildirganlar uchun ochilmoqda.

Ushbu maktab-internatiga 2026/2027-o‘quv yili uchun asosiy hujjatlar qabuli 1-iyundan 15-iyungacha 5, 6 va 7-sinflar uchun ariza.piima.uz va mygov.uz saytlari orqali onlayn tarzda amalga oshirilgan edi. Kirish imtihonlari esa 26–27-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan.

Hozirda qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘liq tartib va shartlar agentlikning rasmiy sahifalari orqali e’lon qilinishi kutilmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.