Huquqbuzarlik haqida xabar bermaganlik uchun jarima joriy etilishi mumkin
Oʻzbekistonda zimmasiga huquqbuzarlik holatlari haqida xabar berish majburiyati yuklatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari hamda mansabdor shaxslari uchun yangi maʼmuriy javobgarlik joriy etish taklif qilinmoqda. Bu boʻyicha Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Huquqbuzarlik haqida xabar bermaganlik uchun jarima belgilanishi mumkin
Loyihada taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilikda davlat organlari yoki boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan huquqbuzarlik holatlari haqida xabar bermaslik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilmagan.
Loyiha mualliflari fikricha, bu ayrim holatlarda huquqbuzarliklarning yashirilishiga yoki ular yuzasidan zarur choralar o‘z vaqtida ko‘rilmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sabab Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 188⁵-modda — «Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risida xabar berish haqidagi qonunchilik hujjatlarini buzish» moddasi bilan to‘ldirish taklif qilingan.
Unga ko‘ra, huquqbuzarlik haqida xabar berish majburiyati yuklatilgan davlat organi yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud mansabdor shaxsi belgilangan tartibda ichki ishlar organlari va «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasa, maʼmuriy jarima qo‘llanishi mumkin.
- fuqarolar va xizmatchilarga — 3 BHMdan 5 BHMgacha;
- mansabdor shaxslarga — 5 BHMdan 10 BHMgacha jarima solish taklif etilmoqda.
Agar ayni shu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jazo og‘irlashadi.
Bunda fuqarolar va xizmatchilar uchun jarima 5 BHMdan 10 BHMgacha, mansabdor shaxslar uchun esa 10 BHMdan 15 BHMgacha etib belgilanishi nazarda tutilgan.
Loyihada ushbu o‘zgartishlar huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish samaradorligini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgani qayd etilgan.
Shuningdek, yangi tartib fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarning huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qonun qabul qilinsa, u rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

