HUMO milliy toʻlov tizimi “Xalqlar doʻstligi” saroyining navigatsiyasini ulugʻvor binoning meʼmoriy oʻziga xosligini saqlab qolgan holda yangiladi
Yangi navigatsiya tizimi Saroy hududini tashrif buyuruvchilar uchun yanada tushunarli va qulay qiladi, shu bilan birga, uning meʼmoriy va vizual xususiyatini saqlab qoladi.

HUMO milliy toʻlov tizimi “Xalqlar doʻstligi” saroyining navigatsiya tizimini ulugʻvor binoning meʼmoriy betakrorligini saqlagan holda yangiladi
45 yil mobaynida “Xalqlar doʻstligi” saroyi Toshkentdagi eng muhim ijtimoiy va madaniy maskanlardan biriga aylandi. Bu yerda konsertlar, spektakllar, xalqaro hamda mahalliy tadbirlar oʻtkaziladi, bino esa poytaxt meʼmoriy qiyofasining muhim qismi boʻlib qolmoqda.
1977–1981-yillarda qurilgan Saroy bugun ham shahar madaniy hayotida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. 2026-yilda uning meʼmoriy qadri xalqaro miqyosda ham tan olindi: “Xalqlar doʻstligi” saroyi yana toʻqqizta obyekt bilan birga YUNESKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan Toshkent modernizm meʼmorchiligi majmuasidan oʻrin oldi.
Saroyning 45 yilligi munosabati bilan HUMO milliy toʻlov tizimi saroy maʼmuriyati bilan hamkorlikda bino ichidagi navigatsiya tizimini yangilash loyihasini amalga oshirdi. Asosiy maqsad ulkan va koʻp qavatli makonni tashrif buyuruvchilar uchun yanada tushunarli hamda qulay qilish, shu bilan birga obyektning meʼmoriy xarakteri va vizual oʻziga xosligini saqlab qolish edi.
Yangi navigatsiya tizimi izchil marshrut tamoyili asosida ishlab chiqildi: tashrif buyuruvchi Saroy boʻylab harakatlanishning har bir bosqichida — kirishdan tortib tomoshabinlar zalidagi oʻz joyiga yetib borguncha — zarur axborotni oladi. Yangilangan xaritalar, pol usti koʻrsatkichlari, devordagi va osma yoʻnaltirgichlar yoʻnalishni tez aniqlash, kerakli qavat, sektor, qator va joyni topish imkonini beradi.
Loyiha ustidagi ishlar barcha bosqichlarda — konsepsiya ishlab chiqishdan navigatsiya unsurlarini joylashtirishgacha — Saroy maʼmuriyati bilan birga olib borildi. Yangi yechimlarning mavjud meʼmorchilik bilan uygʻunlashishi va binoning vizual oʻziga xosligiga putur yetkazmasligiga alohida eʼtibor qaratildi.
“Xalqlar doʻstligi” saroyi — Oʻzbekiston uchun qadrli maskan va YUNESKO eʼtirof etgan meʼmoriy merosning bir qismidir. Shu sababli bu loyihada zamonaviy yechimlar bilan bino meʼmorchiligiga ehtiyotkorona munosabat oʻrtasida muvozanat topish biz uchun prinsipal ahamiyatga ega boʻldi.

