Mahalliy

Humans ishi: sud majlisida da’vo talablari o‘qib eshittirildi

Humans ishi: sud majlisida da’vo talablari o‘qib eshittirildi

Humans ishi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida da’vo talablari aniqlashtirildi. Ushbu ish 13-avgust kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi. Sud majlisida javobgar taraf da’vo talablarini to‘liq rad etib, o‘z vajlarini bayon etdi. Bu haqda sudda ishtirok etgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil oxirida Humans kompaniyasi rahbariyat o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va o‘zbekistonliklarga berilgan plastik kartalardan millionlab pullarning yechib olinishi ortidan jamoatchilik e’tiborini tortgan edi. Shundan so‘ng, 2026-yilning dastlabki oylarida o‘zbekistonlik investorlardan biri kompaniya rahbariyatini sudga bergan. U 12 million dollar investitsiya evaziga va’da qilingan 66 foizlik ulushni talab qilmoqda.

Da’vogar taraf advokati Sherzod Abdulqosimovning so‘zlariga ko‘ra, keyingi sud majlisida sud muzokaralariga kirishiladi.

Javobgar tarafning vajlariga kelsak, advokatning aytishicha, dastlabki sud majlislarida Vladimir Dobrinin Maksim Sditanovni oddiy ishchi sifatida ko‘rsatib, uni tanimasligini vaj qilgan. “Lekin biz tarafimizdan keltirilgan rasmlar va yozishmalar ko‘rsatilib, to‘lov cheklari taqdim etilganidan keyin o‘ylashimcha, ular bu vajdan voz kechishdi”, dedi advokat.

Uning ta’kidlashicha, javobgar taraf advokatlari hozirgi kunda Maksim Sditanov Humans ilovasi (Super App) dasturiy ta’minotining muallifi emas, degan vajni ilgari surmoqda.

“Biz mualliflik huquqini talashmayapmiz. Humans ilovasi (Super App) dasturiy ta’minoti bormi? Bor. O‘sha dasturiy ta’minotga Maksim Sditanov pul tikkan. Tikkan pullarning aniq summasi bor, kelishuvi bor. Sudga uning nusxasini ham olib keldik. Kelishuvda ‘66 foizini beraman’, degan”, dedi advokat.

“Yozishmalarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, mening fikrimcha, bunday holat bo‘lishini u avvaldan bilgan. Pul tikilgan bo‘lsa, investitsiya qilingan bo‘lsa, nega o‘sha vaqtda kelishuv shartnomasi qilib qo‘yilmagan, degan savollarga javobni o‘sha yozishmalardan topdim. Ya’ni investitsiyani jismoniy shaxs tomonidan emas, chet el kompaniyasi orqali kiritib, bir-ikkita nazorat organlaridan o‘tib olish rejasi bo‘lgan”, dedi advokat Sherzod Abdulqosimov.

Sud majlisida javobgar taraf advokati da’vo talablariga asosan protsessual jihatdan e’tiroz bildirdi. Ular da’vo fuqarolik sudida emas, iqtisodiy sudda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik asosida ko‘rilishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq Adliya vazirligi Humans Lab va Humans Trading korxonalarini Humans Application dasturiy ta’minotiga aloqador deb topgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.