“Hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilsa, rad etish imkonsiz”. Yangi partiyalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha izoh berildi

“Hujjatlar to‘g‘ri taqdim etilsa, rad etish imkonsiz”. Yangi partiyalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha izoh berildi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Byurokratiyasiz O‘zbekiston” mavzusidagi matbuot anjumanida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbar o‘rinbosari Tohirjon Safarov yangi partiyalar hamda tashabbuskor guruhlarni ro‘yxatga olish jarayonidagi muammolar, davlat boshqaruvidagi qisqartirishlar va Jamoatchilik palatasining ochilish muddati haqida fikr bildirdi.
“Bo‘layotgan voqealarni kuzatib boryapmiz. Matbuotda ayrim fuqarolar jarayon juda qiyin bo‘layotganini ta’kidlab kelmoqda. Ammo ular tomonidan yig‘ilgan imzolarni bir ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, imzolar belgilangan tartibda yig‘ilmagani, imzo qo‘ygan shaxslar noma’lum ekani ayon bo‘lib qolmoqda”, deydi agentlik mas’uli.
Tohirjon Safarov bu masalada Adliya vazirligi rahbariyati bilan shaxsan muloqot qilinganini aytib, qonun talabiga ko‘ra hujjatlar to‘g‘ri va tartib bilan topshirilsa, uni rad etishning iloji yo‘qligini, biroq hozirgacha taqdim etilayotgan materiallarda qonun talablari to‘liq bajarilmayotganini qo‘shimcha qildi.
Anjuman davomida davlat idoralaridagi islohotlar va shtatlarning qisqartirilishi haqida ham ma’lumot berildi. Agentlik vakiliga ko‘ra, so‘nggi uch yilda davlat xizmatlarida 1500 ta shtat qisqartirilgan. Xususan:
Hukumat apparatidan 300 tadan ortiq;
Prezident administratsiyasidan ikki yil oldingi islohotlarda yana 300 dan ortiq shtat qisqartirilgan.
Shuningdek, hozir viloyatlardagi tumanlarda tajriba tariqasida hokim o‘rinbosarlari soni to‘rttagacha kamaytirilgani, jumladan, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha o‘rinbosar bilan birlashtirilgani ma’lum qilindi. Agar yil oxirigacha bu tajriba ijobiy natija bersa, uni barcha hududlarda joriy etish rejalashtirilgan.
Matbuot anjumanida yillar davomida kechikib kelayotgan Jamoatchilik palatasi masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi:
“Hozirda Jamoatchilik palatasining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, uning qay holatda samarali ishlashini ta’minlash mexanizmlarini yaratmoqdamiz. Hozircha hamma narsa tayyorlandi desak ham bo‘ladi, hujjatlari to‘liq holatda. Endi faqat jamoani yig‘ish qoldi. Yaqin kunlarda mutaxassislar jamoasi shakllantirilib, ish boshlanadi degan niyatdamiz”, deydi agentlik rahbari o‘rinbosari.

